Ayol borki olam munavvar mavzusida dars ishlanmasi

                       “Ayol borki,  olam  munavvar”

nomli  8-mart — Xalqaro  xotin-qizlar  kuniga  bag’ishlangan  tadbir  senariysi.

Maqsad: a) 8-mart-Xalqaro   xotin-qizlar  kuni,  uning  yer  yuzida  bayram  qilinishi  haqida,  onajonlarimiz  dunyodagi  eng  ulug’ zot  bo’lib,  olam  ayol   tuyfayligina  mukammal  ekanligi  to’g’risida  ma’lumot  berish;

b) Bolalarni onajonlarimizni  hurmat  qilishga,onalar  oldidagi  farzandlik  burchini  ado  etishga

   Sahna  bayramona  bezatilgan.  Sharlar  va  rang-barang  gullar sahnaga o’zgacha  chiroy  bag’ishlagan.  Sahna  to’rida  ona  va  bolaning  bir-biriga  mehr  bilan  intilishi  tasvirlangan  rasmli  kartina  ilib  qo’yilgan.  O’quvchilar  bayramona  milliy  liboslar  kiyishgan.   “Ayol-dunyodagi  eng  ulug’  zot”  “Ayol  qadam  qo’ygan  eshikka   avliyolar  chiroq   yoqar  ekan”, “Ayol  bosh  qo’ygan  bolishga  farishatalar  sajda  qilar  ekan” kabi  hikmatlar  bilan  sahna  yanada  ko’rkamlashgan.

  Tadbir  o’qituvchining  kirish  so’zi  bilan  boshlanadi.

O’qituvchi: Assalomu  alaykum,  aziz  ustozlar,  qadrli  ota –onalar,  hurmatli  o’quvchilar!

Hammangizga  ma’lumki,  ayol  dunyodagi  eng  mo’tabar  va  muqaddas  zotdir.  Dunyoni  ayolsiz  tasavvur  etib  bo’lmaydi.  Ayol  bir  qo’li  bilan  beshikni  tebratsa, bir  qo’li  bilan  dunyoni  tebratadi.

Bugungi  shodyona  bayram  ham  ayol  tufaylidir.  Azizlar!  8-mart  qachondan  boshlab  Xalqaro  xotin-qizlar  kuni  sifatida  nishonlanishini   bilasizlarmi? Yo’q  deysizlarmi? Bo’lmasa,  eshiting.

Nishonlanadigan  har  bir  sananing  o’z  tarixi  bor,  albatta. Nega  har  yili  bahorda  8-martni  xalqaro  bayram  sifatida  keng  nishonlaymiz?Ayniqsa,  ayollarimiz  bu  bayramni  intiqlik  bilan  kutishlarining  sababi  ne?

Hammasi  1857-yilning  bahoridan  boshlangan.  Nyu-Yorkda  to’qimachi  ayollar   Manxettin  ko’chalari  bo’ylab  “Bo’sh  kastryulkalar  marshi”   bilan  o’tishadi.  Ular  oylik  maoshlarini  oshirish,  mehnat  sharoitini  yaxshilashni  va  ayollar  teng  huquqliligini  talab  qilib  chiqishadi.  Bu  gayrioddiy  voqea  katta  shov-shuvga  sabab  bo’ladi.  Uni  “Ayollar  kuni”   deb  atay  boshlashdi.

Oradan  50  yil  o’tib,  1908-yilning  fevralida  minglab  ayollar  yana  Nyu-York   ko’chalarida namoyishga  chiqishdi.  Bu  namoyish ham yuqoridagi  “Ayollar  kuni”ga  to’g’rilangan  edi.  Ayollar   saylov  ovozini  talab  qilishdi, ayniqsa,  bolalar  mehnatiga  qarshi  norozilik  namoyishi  uyushtirildi. 1910-yilda  teng  huquqlilik  tarafdorlari  butun  dunyo  bo’ylab  “Ayollar  kuni”ni  o’tkazishadi.   Keyinroq  xuddi  shu  yili  AQSH da  Kopengagenga   ikkinchi  xalqaro  konferensiyaga  delegat  ayollar  jo’naydi  va  shu  yerda   germaniyalik  inqilobchi  ayol  Klara  Setkin  bilan  uchrashadilar.

Anjumanda  Klara Setkin    ayollarni  aniq  bir  kunni  belgilab  olishlari   va shu  kuni  o’z  talablariga  umumjamiyat  diqqatini  qaratish    baravarida  “Ayollarning  huquqlari  uchun  kurashish  kuni”  ni  ta’sis  etish  ,  har yili  ma’lum bir  sana  ayollar  kuniga  bag’ishlanishi   taklifi  bilan  chiqqan  edi.

    Dunyoning  17  ming  mamlakatidan  kelgan  100  nafardan  ziyod  ayollar  bu  taklifni  qizg’in  ma’qullashadi.  Sababi  o’sha  vaqtlarda  ayollarning  huquqlari  cheklab  qo’yilgan  edi.  Ular  zavod  va  fabrikalarda   erkaklar  bilan  teng  16  soatlab  ishlasalar-da,  erkalar  oladigan  oylik  maoshning  teng  yarmiga  ega  bo’lishgan. Saylov  huquqi  ularda  umuman  bo’lmagan.    Klara  Setkinning  dunyo  bolalariga  teng  huquqlilik  uchun  kurashga  chaqiriq  bo’lib  yangragan  bu  sa`y-harakatlari   besamar  ketmadi. Shu  tariqa  Xalqaro xotin-qizlar  kuniga  asos  solingan  desak  mubolag’a  bo’lmaydi.

Biroq  shu  kuni  aniq  bir  sana  belgilanmadi.  1914-yil  8-martga  qadar bu bayram Yevropa  shaharlarida  turli  sanalarda  nishonlangan.  1914-yildan  boshlab,  Xalqaro  xotin-qizlar  kuni  ilk  bor  8-martda  bayram  qilingan.  Chunki  8-mart  yakshanba  —  dam  olish  kuniga  to’g’ri  kelgan.Shundan  keyin  har  yili bu bayram 8-mart  kuni  nishnonlanadigan  bo’lgan.

Barchangizni  bugungi  qutlug’  bayram – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan  chin  ko’ngildan  tabriklayman. Hamisha  sog’-salomat  bo’lib,  bahor  gullariday  ochilib  yuringlar.  Ollohim, barchangizga  uzoq  umr  ato  etsin!    Har  kuni  davlat  eshigingizdan  kirib,  omad  ortingizdan  chopqillab  yursin!

(Sahnaga  boshlovchilar  kirib  kelishadi).

I boshlovchi:

Bu  kun o’zgachadir  jilvayi  olam,

Bu  kun  o’zgachadir  borliqda  xanda.

Bu  kun  ko’zlarimga  hatto  quyosh  ham

Shafaq  gulshanida   tarang  chirmanda.

II boshlovchi:

Bugun  shunday  quvonch,  shunday  shodyona,

Bugun  quvonchlarga  to’lar  bu  jahon.

Tonggacha  yangrasin    kuy,  qo’shiq,  navo,

Bayramingiz  muborak,  aziz  onalar!

I boshlovchi: Assalomu  alaykum,  qalbi  nurli  saxovatga  to’la,  mehri  daryo  uztozlar  hamda  hurmat  va  ehtirom  ila  ushbu  dargohga  tashrif  buyurgan  munis  onajonlar-u  mehribon  opa-singillar!  Mana,  o’lkamizda  o’zining  ajib  bir  sehri  bilan  bahor  fasli  ham  o’z  sepini  yoymoqda.  Sizlarni  o’z   husni-  tarovati  ila  o’ziga  maftun   qilayotgan  bahor  oyining  ilk  bayrami-  8-mart-  Xalqaro  xotin-qizlar kuni  bilan  muborakbod  etamiz.

II boshlovchi:  Bugungi  bayram  tadbiri  har  birimiz   uchun  ulug’  va  tabarruk  siymo  bo’lgan  onajonlarimizga  bag’ishlangan.

(Sahnaga  5  nafar  o’quvchi  chiqadi).

1-o’quvchi:

Salomdan  boshlanar  hurmat — ehtirom,

Salomdir  dunyoda  eng  ulug’  kalom,

Ey aziz,  mehribon,  dono  ustozlar!

Avvalo,  sizlarga

Hamma: Salom – assalom!

2-o’quvchi:

Dunyo  beshigini  ijod  aylagan,

O’sha  mo’tabar  zot  ayoldir,  ayol!

Barcha  odamzodni  bunyod  aylagan,

O’sha  tabarruk  zot  ayoldir,  ayol!

3-o’quvchi:

Avliyo,  anbiyo,  payg’ambarlarni,

Olum-u  fozil-u  chahoryorlarni,

Jamiki  siz-u  biz  insonlarni

Dunyoga  keltirgan  ayoldir,  ayol!

4-o’quvchi:

Ayol  farzandidir  barcha  insonlar,

Dunyoni  so’ragan  shoh-u  sultonlar

Poyiga  bosh  urar  xon-u  hoqonlar,

Chunki  bunyodkori  ayoldir,  ayol!

5-o’quvchi:

Olloh  mo’jizasi,  mohisan  ayol,

Shodlik  malikasi,  shohisan  ayol,

Buyuk-  buyuklikda  sening  tenging  yo’q,

Olamning  baxtisan,  tojisan  ayol!

I boshlovchi: Bugun  maktabimizda  onajonlarimiz  bayrami  tantanali  tarzda  nishonlanmoqda.  Avvalo,  bugungi  tantanamizga

Hamma: Xush  kelibsizlar!

Olima:Ayol-ona  va  sevimli  yor,   qondosh  opa  yoki  singil.

Zafar:Bola  tarbiyachisi,

Nodira:Ayol-  go’zallik,  nazokat sohibasi.

Karim:Ayol  borki,  dunyo o’z muvozanatini  saqlab  turadi.

Lola:Ayol-  quyoshni  uyaltiruvchi  taftli  mehr.

Javohir:Ayol-tog’larni  dog’da  qoldiruvchi  cheksiz  g’urur  va  bardosh.

Kumush:Ayol — najot  farishtasi.

Nodir:Uning allasi  oldida  dunyoning bor go’zal  ohanglari  o’zligini  yo’qotadi.

Vasila:Uning  go’dagi  boshidagi  bedorligi  qarshisida  oy-u  yulduzlar  ham  nigohlari  tinib,  oxiri  tong  chog’i  taslim  bo’ladi.

II boshlovchi:Hayot  nima  uchun  munavvar? Ishoning,onajonlar,  dunyoda  Siz  borligiz  uchun!  Siz  tufayli  charog’on,go’zallikka  limmo-lim!

Siz,  azizlar,  yuraklarga  quvonch, shodlik  ulasharsiz, shuning uchun biz sizlarni yaxshi ko’ramiz, ardoqlaymiz, ko’klarga ko’taramiz.

I boshlovchi:  Bugungi  davramizga  hurmatli  o’qituvchilarimiz,  aziz  ota-

onalarimiz   va  mehmonlarimiz  tashrif  buyurishgan.  Ularga  tabrik  so’zlarini  bersak.Dastlabki  tabrik  so’zini  maktabimiz  direktoridan  eshitsak.

Maktab  direktori:Assalomu  alaykum,  aziz  ustozlar,  qadrli  ota-onalar,  hurmatli  mehmonlar! Aziz  onajonlar,Siz  borsizki,  bayramlar  bor!  Bugungi  ayyomingiz  muborak  bo’lsin!  Har  bir  ezgu  tilagingiz  ijobat bo’lsin.Hech  qachon  ko’z  yoshingiz  oqmasin.  Osmonimiz  mussafo,  kunlarimiz  nurli  bo’lsin!

Ko’hna  Sharq  rivoyatlaridan  birida  aytishlaricha,Xudo  dunyoni  mukammal  yaratishga  ahd  qilibdi.  Tunni  kundan  ajratibdi,  yer, suv,o’simlik  va  jonvorlarni,  oxirda   erkakni  yaratibdi.  Borliq  shunchalik  go’zal,  yaratilganlar  shunchalik  bir — biriga mos  ekanki,  ularning   mukammalligiga  hatto  xudoning ham  havasi kelibdi.  Keyin  Olloh  qarasaki,   ayol  yo’q,  baxtga  qarshi  loy  ham  qolmaganmish.  Shunda  u hiloldan oy  jamolini,  tundan qop-qora qosh-u  ko’zini, majnuntoldan   sochini,  kamalaklardan  rang-u,  gullardan  hid  olib,  kiyikdan  hurkaklig-u  nafislikni  olib,  vafodor  sakdan  sadoqatni,  asalaridan  bol  yig’ish  xususiyatini,  serfarzand  bo’lsin deb  baliqdan  uvildiriq,deganlari  kuy,  aytganlari  xonish  bo’lsin  deb  bulbuldan navo,  xullas,  hamma  narsadan  bir  chimdimdan  olib  ayoni  yaratibdi.  Natijada  mukammal  dunyo  bir kam dunyoga  aylanibdi. Yolg’iz  ayolgina  mukammal  yaratilibdi. Bayramingiz  yana  bir  bor  muborak  bo’lsin!

Yurtimiz Barchinlari, dilbar singillar!

Bayramiy shukuhlar sizga yor bo’lsin!

Go’zal, o`ktam bo’ling. To’marisdek mard,

Muborakbod bo’lsin sakkizinchi mart!

II boshlovchi:Rahmat,  ustoz, ishlaringizga  rivoj,  omad  yor  bo’lsin!

I boshlovchi:Azizlar,  hozir  ijro  etiladigan  “Lazgi”  raqsini  bayram  tabrigi  sifatida  qabul  qilgaysiz.(“Lazgi” raqsi  ijro  etiladi).

II boshlovchi:Ayol! Bu  so’z  jaranglashi  bilan  ko’z  oldimizga  guldan-da  nafis,jannat  gullarining  iforlarini  eslatuvchi  nozik  bir  xilqat-  farishta  namoyon  bo’ladi.Ayol bor  xonadon  farishtali,  nurlidir.

I boshlovchi: Ayol — dunyodagi  tengi  yo’q  ulug’  zot. Aytishlaricha,  u  bosh  qo’ygan  bolishga  farishtalar sajda  qilarkan.

II boshlovchi:Ayol qadam  qo’ygan  eshikka  avliyolar  chiroq  yoqar  ekan.

I boshlovchi:U  aytgan  alladan xudolar  oyat  to’qirkan,  ular  allalarida  bolalariga  butun  mehrlarini  qo’shib aytisharkan.

Qadim  zamonlarda  bir  kelin  bo’lgan  ekan.  U  farzand  ko’ribdi-yu,  ammo  bolalari  birin-ketin  nobud  bo’laveribdi.Uchinchi  farzandi  tug’ilganda,  u  bor alamlarini  qo’shib,  alla  aytibdi. Shunda  go’dak  chinqirab  yig’lashdan  to’xtabdi.Alla  ta`sirida bolaning  joni  omon  qolibdi.Shundan  buyoygn  onalar  go’daklariga  alla  aytib  uxlatishar  ekan. Alla  ana  shunday  sehrli  qo’shiqdir.Hozir  qizlarimiz  ijrosida  “Alla” ijro etiladi.

(“Alla” ijro  etiladi).

II boshlovchi: Ayol  bosgan  qadamlar  o’rnida  poklik chechaklari  unadi.Shu  bois  ham  “Jannat  onalar  oyog’i  ostidadir” deya  takalluf  etiladi.

I boshlovchi: Shoirga  yo’l  bo’lsin,  sizni  chizay  deb,

Bo’yoq  quyultirib  turar  rassomlar.

Mukammal  husningiz  yog’dusi  uchun

Oy  ham navbatchilik  qilar  oqshomlar.

II boshlovchi: Shoirga  yo’l  bo’lsin,  kuylay  deb sizni,

Bastakorlar  yurar  yoqachok,  tajang.

Torni  temirchiga  topshirvoqgudek

Har  jarang  ustida qilar  necha  jang.

I boshlovchi: Aziz onajonlar, sizni ta`riflash uchun dil so’zi-yu, qalam kuchi ojiz.

Ona — buyuk  allomarimizning  beshigini  tebratgan  mehribon,  buyuk zahmatkash  zot. Quyosh  saxiylikni,  dengiz  tiniqlikni,  tog’lar  ulug’vorlikni, osmon  kenglikni, bahor  latofatni, gullar  tarovatni,  chashmalar  poklikni  Sizdan  o’rgansin! (“Onajonim” qo’shig’i  ijro etiladi).

1-o’quvchi: O’zingiz  umrning  avvali,  boshi,

Farzandlar  qalbining  porloq quyoshi,

Hayot  chamanining  mohir  naqqoshi,

O’zingiz  azizsiz,  aziz  ayollar.

2-o’quvchi:Sizsiz  bu  dunyoning  sodiq  bekasi,

Bu  go’zal  olamning  Sizsiz  egasi,

Sheryurak  mardlarning  sevgan erkasi,

O’zingiz  azizsiz,  aziz  ayollar!

3-o’quvchi: Alloh  asli  sizni  suyub  yaratmish,

Qalbingizga  mehrni  quyib  yaratmish,

Go’zal  qilib  sizga  ko’pni  qaratmish,

O’zingiz  azizsiz,aziz  ayollar!

4-o’quvchi: Bahor  asli  sizning ko’nglingizdadir,

Sadoqat  va  vafo  yo’lingizdadir,

Dunyoning  beshigi  qo’lingizdadir,

O’zingiz  azizsiz,  aziz  ayollar!

5-o’quvchi:Bu  foniy  dunyoning  jannati Sizsiz,

Dunyo  dunyo  emas,gar  qolsa  sizsiz,

Olamni  bor  qilgan  hayotbaxsh  kuysiz,

O’zingiz  azizsiz,  aziz  ayollar!

6-o’quvchi:Sizga  chin  yurakdan  baxtlar  tilayman,

Iqboldan tojlar-u  taxtlar  tilayman.

Ayol  bo’lganumchun  shukur  qilaman,

O’zingiz  azizsiz,  aziz  ayollar!

(“Andijon  polkasi” raqsi  ijro  etiladi)

II boshlovchi:Endigi  tabrik  so’zini  ota-onalar  qo’mitasi  raisidan  eshitsak. Ota-onalar  qo’mitasi  raisi: Aziz  onajonlar! Hammangizga  ma’lumki,  quyoshsiz  yoruq’lik ayolsiz  esa  muhabbat  yo’qdir. Onasiz  inson  ham,  qahramon  ham dunyoga  kelmaydi. Ona  har  birimiz sig’inadigan  mabudadir.  Ona  bola  uchun  havo,  suvdek  zarurdir. Barchangizni  bu  bayram  bilan  qutlayman! Oqqushlarni  vafodor  deb, maqtashadi, bulbullarni gullarning mahliyosi deyishadi. Dunyodagi  jamiki  narsa,  vafodorlikni Sizdan  o’rgansin.

I boshlovchi: Rahmat,  otaxon,  ishlaringizda  rivoj  tilaymiz.

(“Onam derman” ashullasi  ijro  etiladi).

II boshlovchi:Ona  dunyodagi o’zi kabi ulug’  siymolarni  qoldirgan buyuk zotdir.

 I boshlovchi: Samarqand  shahrini  qadimiy deyishadi,   uning  2500 yilliini  tantanali  tarzda  nishonladik. Dono  kishilar savol  bermishlar:

1-o’quvchi: Hoy,yoshi  tarixing  tubiga tutashgan Samarqand! Navoiy  va  Ulug’bek kabi siymolarni  yaratgan  sen  emasmi?

2-o’quvchi:Yo’q, yo’q,   ularni  onalar  yaratgan.

1-o’quvchi: Hoy, Sharqning  ko’hna kitobi, bunchalar  donishmandlikni qayerdan olding?

2-o’quvchi: Nuroniy   onalardan.

1-o’quvchi: Hoy,ona  shahar,  farzandingman, seni madh  etmoqchiman.

2-o’quvchi: Farzandim  bo’lsang,  meni  emas,  onalarni  madh  et.

Ha,  onalarni  madh  etaylik. (“Olamni asrang,do’stlar!” ashulasi  ijro etiladi).

II boshlovchi:Endigi  tabrik  so’zini  maktab  kasaba  uyushmasi raisidan  eshitamiz:

Maktab kasaba uyushmasi raisi:Qadrli  onajonlar! Men  ham  sizlarni  bayram  ila  tabriklayman. Onajonlar!Siz Olloh  mo’jizasidir. Buyuklikda sizning  tengingiz  yo’q. To’g’ri, ayollardan payg’ambarlar yetishib chiqmagan. Onalar payg’ambar  bo’lishdan  ko’ra,uning  onasi bo’lishni afzal  ko’rishgan. Sizning  madhingizni  kuylash  har  birimiz  uchun  sharafdir.

Onajon!Bu galgi  yurak  so’zimni,

Senga  bag’ishladim,

Senga  azizim!Qaniydi,

Tabiat  qo’lidan kelsa,

Abadiy  etolsa,  sening  umringni!

Roziydim,  onajon! Iloji bo’lsa —

Senga  qo’shib  bersa,  mening  umrimni.

Bir  kechalik  allang hurmati  uchun,

Yuz  yillik  umrimni  bag’ishlasam  kam.

Ko’chirsam,

Qalbingga qalbimning  kuchin.

Qarzim  uzolmasman, qolur shunda  ham.

Mabodo!

Bo’lsaydim  zo’r  haykaltarosh,

Senga  yuragimdan  yasardim  haykal.

Yo  agar  bo’lsaydim  mo’yqalam,naqqosh,

Surating  chizardim  berib  ming  sayqal.

Oralab  qolibdi  sochlaringda  oq,

Ol  mening  sochimning  qoralarini.

Tishlaring  tushibdi!

Xo’rsinma,biroq

Ol  mening  tishlarim  saralarini

Xiralashib  qolmish  ko’zlaringda  nur

Ko’zlarim  nurini  olgin, mehribon!

Roziman!

Xizmating  qilsam bir umr

Yuragim qo’rini  olgin,onajon!

I boshlovchi:Rahmat,sizga,akajon. Ishlaringizga baraka tilaymiz, Onajonlarimiz baxtiga hamisha sog’ bo’ling (“Tanovor” raqsi  ijro etiladi).

Munira: Olloh mo’jizasi,  naqshisan  ayol,

Quvonch  malikasi,  taxtisan  ayol,

Buyuk-buyuklikda  sening  tenging  yo’q,

Bu  yorug’olamning  baxtisan  ayol!

Laziz: Yarmi  ayol erur  insoniyatning,

Ayollar  yaratmish  qolgan  yarmin ham,

Ayol  yarmi  erur  ushbu  hayotning,

Unga  baxsh  etadi  qolgan yarmin  ham.

Anvar: Dunyoning  quyoshi  bo’lsangiz porloq,

Oyi  ham  o’zingiz  sohibjamollar!

Olloh joiz desa,o’zidan so’ngroq,

Bizga  sajdagohsiz,aziz  ayollar!

II boshlovchi: Shuning  bilan  “Ayol  borki,  olam  munavvar ” nomli  tadbirimiz  nihoyasiga  yetdi.

(Tadbir Halima Xudoyberdiyeva  so’zi  bilan  aytiladigan  “Muqaddas  ayol” ashullasi bilan  yakunlanadi).