Ma’nodoshlik (sinonimiya) hodisasi o‘zbek tilida atroflicha o‘rganilgan til birliklaridan biri sanaladi. Ayniqsa, bu borada A.Hojiyev, SH.Rahmatullayev, A.Ғulomov, E.Begmatov, YO.Tojiyev kabi olimlarimizning xizmatlari katta. Sinonimiya hodisasi buyuk Alisher Navoiyning ham nazariga tutgan hodisalardan biridir. Navoiy turkiy tilning ifoda imkoniyatlari haqida gapirar ekan, bir ma’noni darajalanishiga yoki holatiga qarab turib bir nechta so‘z orqali berish mumkinligini, fors-tojik tilida esa bunday imkoniyatning yo‘qligini aytib o‘tadi. Aka, uka, og’a, ini; singil, egachi, opa kabi so‘zlarning fors-tojik tilida birodar va xoxar so‘zlari bilan berilishini ta’kidlaydi. Bundan shu narsa ko‘rinib turibdiki, sinonimiya hodisasiga azaldan qiziqish katta bo‘lib kelgan ekan.
Sinonimiya so‘zi aslida grekcha synonima so‘zidan olingan bo‘lib, bir xil ma’nodagi nom degan tushunchani beradi.
Aytilishi va yozilishi har xil, lekin ma’nosi bir — biriga yaqin bo‘lgan so‘zlarga sinonimlar deyiladi. Masalan; og’ir, vazmin, zalvorli. Sinonimlar barcha so‘z turkumlarida uchraydi.
Sinonimlarning paydo bo‘lishiga quyidagilar sababchi bo‘lishi mumkin.
So‘z ma’nosining kengayishi yoki torayishi tufayli. Masalan, ko‘k so‘zi rang ma’nosidan o‘z takomili natijasida osmon ma’nosini ifodalashga o‘tgan, uning sinonimiga aylangan. Masalan: Ko‘kka boqma, yerga boq.
Ichki imkoniyat asosida shevalardan so‘z olish natijasida ham sinonimlar paydo bo‘lishi mumkin. Do‘ppi—qalpoq—kallapush—takya; narvon — shoti — zangi va shu kabi.
CHetdan kirgan so‘zlar amalda ishlatilayotgan so‘zga sinonim bo‘lib qolishi juda ko‘p uchraydigan hodisa sanaladi. Ayniqsa, arab, fors-tojik va rus tillaridan o‘zlashtirilgan so‘zlar o‘zbek tilidagi so‘zga hamda bir — biriga sinonim bo‘lib qolishini tarix bizga juda ko‘p isbotlab bergan.
Masalan, turkiy tildagi Tangri so‘zi o‘rniga fors-tojik tilidan Xudo, arab tilidan Olloh o‘zlashtirildi. Egam, YAratgan, Parvardigor, Oliy ruh kabi atamalar ham shu ma’noda ishlatila boshlandi. Bunday misollarni istagancha keltirishimiz mumkin.
Sinonimlarniig paydo bo‘lishi har bir jonli til uchun qonuniy hol sanaladi. Ular tilning ifoda imkoniyatlarini kengaytiradi, nutqni go‘zallashtiradi. Ayrim tilshunoslar ta’kidlaganidek, sinonimiya hodisasi zararli emas, balki foydali hodisalardan biri sanaladi.
Sinonimlarning turlari
Sinonimlarga baho berishda tubandagi uch mezondan kelib chiqish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Ma’no qirrasiga ko‘ra. Sinonimlar ma’no jihatidan bir — biriga yakin tursa-da, ayrim o‘rinlarda ulardan birini ikkinchisining o‘rnida mutlaqo ishlatib bo‘lmaydi. Mana shu jihatiga asoslangan holda ularni to‘liq sinonimlar, ya’ni qisman birining o‘rnida ikkinchisini ishlatish mumkin bo‘lgan sinonimlar (yalqov, dangasa, ishyoqmas)ga va ma’noviy sinonimlar (yugurdi, g’izilladi)ga ajratamiz. Ma’noviy sinonimlar ichki ma’no nozikliklari bilan bir-biridan ajralib turadi. Ularni matnda birining o‘rniga ikkinchisini qo‘llab bo‘lmaydi. Ma’noviy sinonimlar-ideografik sinonimlar deb ham ataladi.
Ayrim adabiyotlarda ma’no ottenkasiga putur yetkazmasdan birining o‘rnida ikkinchisini ishlatish mumkin bo‘lgan sinonimlarni absolyut sinonimlar, ma’noviy sinonimlarni esa semantik sinonimlar deb ajratish holatlariga ham duch kelinadi.
Sinonimlarni uslubiy baho jihatidan ham ma’lum bir turlarga ajratish mumkin.
Sinonimlar uslubiy jihatdan o‘zaro bir — biridan farqlanib tursa, ularga uslubiy yoki stilistik sinonimlar deyiladi. Uslubiy baho ularda ikki yo‘nalishda bo‘ladi. Birinchi yo‘nalishga kirgan sinonimlarda uslubiy betaraflik bo‘ladi: ketdi, jo‘nadi kabi. Ikkinchi turdagi sinonimlarda esa uslubiy xoslanganlik kuzatiladi: kuldi, jilmaydi, iljaydi, tirjaydi, irshaydi.
Uslubiy xoslik yana o‘z navbatida ikkiga ajraladi: a) ijobiy baho mavjud bo‘lgan sinonimlar: yuz, chehra, bet; b) salbiy baholi sinonimlar: turk, aft, bashara.
III. Sinonimlarni nutqiy xoslanish jihatidan ham muayyan turlarga ajratish mumkin. a) umumxalq leksemasi — nutqning barcha ko‘rinishlarida ishlatila olinadigan sinonimlar: odam, kishi, inson; b) so‘zlashuv nutqiga xos sinonimlar yoki dialektal sinonimlar: xit, ment, tog’a (militsioner) v)rasmiy nutqqa xos sinonimlar: ishdan bo‘shatildi, ozod qilindi kabi.
SHu bilan birgalikda tilimizda matnda birining o‘rnida ikkinchisini ishlatish mumkin bo‘lgan shoir, adib, yozuvchi tipidagi kontekstual sinonimlar, -sh (-ish), -v (-uv), -moq, -mak kabi grammatik sinonimlar (borish — boruv— bormoq) ham uchraydi.
Xullas, sinonimlarga turli tomonlardan yondashish va ularni har xil turlarga bo‘lib yuborish mumkin.
Sinonimik qator va unda so‘zlarning tutgan o‘rni
Har bir tilda asrlar davomida u yoki bu sabablarga ko‘ra sinonimlarning o‘ziga xos qatorlari paydo bo‘lishi mumkin. Sinonim so‘zlarning bir qatorga tizilib kelishiga sinonimik qator deyiladi.
Sinonimik qatordagi boshqalariga nisbatan faol ishlatiladigan, adabiy tilga xos bo‘lgan, uslubiy jihatdan betaraf sanalgan so‘zga dominanta, ya’ni bosh so‘z deyiladi. Masalan: qaramoq, boqmoq, tikilmoq, termulmoq sinonimik qatoridagi qaramoq so‘zi boshqalariga nisbatan keng iste’molda. SHu bois, u dominanta so‘z sanaladi.
Sinonimik qatordagi dominanta (bosh) so‘zga quyidagi talablar qo‘yiladi.
Dominanta so‘z aniq ma’noni ifodalashi lozim: g’alaba, zafar, tantana, muzaffariyat sinonimik qatoridagi g’alaba so‘zida aniq ma’no mavjud.
Sinonimik qatordagi dominanta so‘z dialektal xususiyatlardan xoli bo‘lishi, adabiy — orfografik shaklda ishlatilishi darkor. Bajarmoq fe’li o‘tamoq, do‘ndirmoq fe’llariga nisbatan umumiste’molga yaqin.
Dominanta so‘zda uslubiy buyoqdorlik bo‘lmasligi lozim. Noto‘g’ri degan so‘zni g’alat yoki chatoq deb ishlatsak, uslubiy baho qo‘shilgan bo‘ladi.
Dominanta so‘z neytralligi, umumistemolda keng ishlatilishi, sheva va uslubiy xossalardan xoli ekanligi bilan o‘zi mansub bo‘lgan qatordagi boshqa so‘zlardan keskin farq qiladi.
YOrdamlashmoq, ko‘maklashmoq, qarashmoq, boqishmoq, sinonimik qatoridagi yordamlashmoq so‘zi mana shunday xususiyatga ega.
Dominanta so‘z har xil shaklda bo‘lishi mumkin.
a) tub leksema ko‘rinishida: kuch, quvvat, mador, majol, darmoya;
b) yasama leksema holatida; g’ayratlik, serharakat, tirishqoq.
Tilimizda sinonim so‘zlar bilan birgalikda dublet so‘zlar ham ishlatiladi.
Birining o‘rnida ikkinchisini hech qanday e’tirozsiz ishlatish mumkin bo‘lgan leksik birliklarga dublet so‘zlar deyiladi. Masalan: ximiya—kimyo, grajdan — fuqaro, sudya—hakam, besh—a’lo kabi.
Dublet so‘zlar tilda ma’lum bir davr uchun xos hodisa sanaladi, Xususan, hozirgi ijtimoiy o‘zgarishlar natijasida bilet—chipta, prospekt— shohko‘cha, vokzal—shohbekat kabi ko‘rinishdagi dublet so‘zlar ko‘p ishlatilmoqda. Til takomili natijasida ulardan biri asta-sekin passivlashib, iste’moldan tushib qolishi mumkin.