Tojiyev Mirsodiq Mahmudovich
Tavallud topgan sana:
25 mart 1944 yil
Vafot etgan sana:
1996 yil
Tug'ilgan joy:Toshkent
Yo'nalishlar: Ijodkorlar va musiqachilar, Ustoz va murabbiylar
Tarjimai hol
Mirsodiq Mahmudovich Tojiyev - o‘zbek bastakori va musiqa o‘qituvchisi. O‘zSSRda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1981). Simfonik musiqa sohasida jahon yutuqlarini o‘zbek milliy musiqasi - maqom zaminida ijodkorona tadbiq etishga erishish orqali tanilgan.
Mirsodiq Tojiyev 1944 yil 25 mart kuni Toshkentda tug‘ilgan.
Tojiyevning musiqasi sifatida shakllanishi yorqin va shiddatli bo‘ldi. U Toshkentdagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtini tarix-nazariya bo‘limini, bastakorlik bo’limini Malaxov sinfida tamomladi. 1964-1972 yillar ushbu bilim yurtda dars bergan.
1970 yil Toshkent Davlat konservatoriyasida R. Vildanov sinfida shug‘ullanib, bastakorlikdan F. M. Yanov-Yanovskiy qo‘lida tahsil olgan. 1972-1973 yillar Toshkent konservatoriyasining nazariya kafedrasida dars bergan, 1979-1996 yillar shu yerning o‘zida bastakorlik va cholg‘ulashtirishdan dars bergan. 1987 yildan dotsent.
1973-1975 yillar “Go‘zal”, 1975-1976 yillar “Shodlik” nomli vokal raqs ansamblining rahbari, 1976-1979 yillar M. Qori Yoqubov nomidagi o‘zbek filarmoniyasi rahbari.
O‘qish davomida Tojiyev turli janrlarda ijod qilgan. Diplom ishi sifatida Ikkinchi simfoniya-baletini taqdim etgan. Katta avlod an’analariga tayangan holda, Tojiyev san’atdagi o‘z o‘rnini topishga doim harakat qilgan. Yangilik sari intilish uni yangidan yangi ijodiy tajribalar sari undaydi, shu yo‘sinda simfoniyalari yaraladi. Ulardan biri keng ko‘lamligi va orkestrning zabardasligi bilan ajralsa, qolganlari kamera ijrosi uchun mo‘ljallangan. M. Tojiyev o‘zbek musiqasi tarixiga “maqom” simfoniyachiligining asoschisi sifatida kirgan bo‘lib, uning zamirida maqom rivojining sifatlari ovrupacha simfoniya shakli bilan uzviy jamligi yotadi. Tojiyevning asarlari - milliylik va umummilliylikning birikmasidir. Uning asarlari XX asr rassomining nigohi orqali milliylik an’analarining dunyosini namoyon etadi. Tojiyev doim tashqi milliylik ranglar uyg‘unligiga emas, an’anaviy musiqaning chuqur hislatlariga yetishishga intilgan.
Maqom zaminidan u meditativlik, falsafiy kayfiyat, keng fikrning ketma-ketligini olgan. Ovrupa simfoniyasining to‘qnashuv dramaturgiyasi o‘rnini ichki g‘ayratning tobora boyishi bilan almashtiradi. Muallif milliy uslubni aleatorik texnikaning zamonaviy usullari bilan jadal o‘zgartiradi. Hatto, o‘zining eng “milliy” asarlarida ham Tojiyev ovrupacha maishiy janrlarni nafis tegib, aniq g‘oya talablariga bo‘ysundiradi. Masalan, “o‘zbek simfoniyasining yorqin namunalaridan biri hisoblanmish” Uchinchi simfoniyasida fojiaviy boshlanish qismini kuchaytirish uchun bastakor momatsaro marsh elementlarini kiritadi.
O‘zbek simfonik musiqasining qiziq hodisalaridan biri - ommaviy qatag‘on qurbonlarining yodgorligi sanalmish, Tojiyevning O‘n beshinchi simfoniyasi hisoblanadi. Simfoniyada muhim g‘oyaviy va dramaturgik rolni marsh janri o‘ynaydi, u elektron musiqa va aleatorik usullar bilan uyg‘unlashib ketadi.
Tojiyevning asarlari xoh u simfoni, opera yoki musiqali drama bo‘lsin, unga doim erkinlik xosdir. Bastakor an’anaviy musiqani ovrupa janrlari, zamonaviy texnika bilan dadillik ila sinab ko‘radi.
Tojiyevning yana bir iste’dodli qirrasi - bu pedogoglik faoliyatidir. 1974 yildan 1996 yilgacha Toshkent Davlat Konservatoriyasi devorlari ortida bastakorlik va cholg‘ulashtirish kurslarini olib borib, o‘quvchilarga erkin fikrlashni o‘rgatgan, ularda barcha yangilikka qiziqish hissini uyg‘otgan. Tojiyevning musiqasi tinglovchilar diqqatini o‘ziga qaratadi, turmush muammolari haqida bir zum o‘ylanib, voqe’ilikni anglashda yordam beradi.
O‘zSSR Lenin komsomoli (1974), Butun ittifoq Lenin kommunistik yoshlar uyushmasi mukofotlari laureati (1976).