5. 1. Jahon pedagogika fanining taraqqiyot bosqichlari.
5. 2. Qadimgi Yunoniston va Rim davlatlarida ta‘lim-tarbiya, pedagogik qarashlar va ta‘limotlar.
5. 3. Qadimgi Xitoyda ta‘lim-tarbiya.Konfutsiylik.
4. G’arbiy Yevropada maktab, maorif va pedagogik fikrlar taraqqiyoti.
5. O’zbek xalq pedagogikasining rivojlanishi.
Tayanch iboralar: Axloq, pedagogik fikr va qarashlar, ilk tarbiya maktablari, diniy va dunyoviy ta‘limotlarning paydo bo’lishi, yozuv, qog’oz yaratilishi, Konfutsiylik, sharqdagi axloqiy ta‘limotlar, Yevropada maktab va maorif, pedagogik ta‘limotlar;
5. 1. Jahon pedagogika fanining taraqqiyot bosqichlari.
Axloq va pedagogik qarashlar hamda ta‘limotlar tarixiy jarayon bo’lib, kishilik jamiyatining vujudga kelishi bilan paydo bo’lib, shakllanib rivojlanib borgan. Tarbiya va axloqiy fikrlarning kelib chiqishi ibtidoiy jamiyat, uning yovvoyilik va vahshiylik davrlari tugab, tsivilizatsiya davri boshlanganida «Aqlli odam» (Xomosapiens) deb atalgan odamlar shakllangan davrda paydo bo’la boshlagan.
Odamlar to’plagan turmush tajribasini yoshlarga o’rgatish, ularni g’ayotga, mehnat faoliyatiga tayyorlash ehtiyoji natijasida qadim zamonlardayoq ta‘lim va tarbiya mustaqil ijtimoiy faoliyat sifatida paydo bo’lgan.
Tarbiya haqidagi pedagogik fikrlar, qarashlar va ta‘limotlar qadimgi Sharq mamlakatlari – Xoldey, Vavilon (Bobil), Misr, Xindiston, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarida yuzaga kelgan. Shu boisdan eng qadimgi maktablar Sharq mamlakatlari, jumladan Xoldey, Vavilon, Misrda va Isroil shaharlarida ochilgan. Maktab ochishni misrliklardan greklar, greklardan rimliklar o’rganib olganlar1.
Qadimgi Misr o’zining tarbiyaviy-axloqiy pandnomalari (quldorlar hayotiga doir xilma-xil maslahatlar, do’stlar bilan, xizmatkorlar bilan muomala qoidalari va hokazo) bilan mashhur bo’lgan va ularni koxinlar (kelajak haqida «karomat qiluvchi» kishilar, ruxoniylar) yaratganlar. Ular axloqning ibtidosi samoda deb qaraganlar hamda odamning buyuk maqsadini xudo bilan qo’shilib ketishda ko’rganlar, asosiy axloqiy majburiyatni firavinlar (Qadimgi Misr podsholarining an‘anaviy nomi) ga xizmat qilish va xudolarga hurmat bilan qarash deb bilganlar. Koxinlar kishilardagi «odobsizlik», «tarbiyasizlik» xudolarni lozim darajada e‘zozlamaslikdan paydo bo’ladi deb bilganlar.
Demak, Qadimgi Misrda diniy va dunyoviy ma‘nodagi axloqiy-tarbiyaviy ta‘limotlar paydo bo’lgan.
Eramizdan avvalgi II asrda qog’oz ilk bor Xitoyda kashf etildi va ishlab chiqilgan. Keyinchalik VII asrda Samarqanda qog’oz ishlab chiqarila boshlandi va Yevropa mamlakatlariga sotilgan. XVII asrda qog’oz ishlab chiqish Yevropa mamlakatlariga ham yoyilgan.1000 yildan buyon bo’lib kelayotgan qog’oz bosish Rossiya O’rta Osiyoni bosib olgandan keyin to’xtatilgan.
Sharq mamlakatlaridagi ilk tarbiya maktablarida xat-savod o’rgatish murakkab, og’ir ish hisoblangan. Ilm olish – nina bilan quduq qazish, deb bejiz aytilmagan. Shu boisdan mutafakkir olimlar o’qitishning yengilroq usullarini topish ustida bosh qotirganlar. Bu davrlarda yozuv, o’qish, hisob va din ilmlari yaratildi. Qadimgi Sharq mamlakatlarida maktablarda qattiq intizom o’rnatilgan, bolalarga nisbatan jismoniy jazo qo’llangan.Markaziy Osiyoda falsafiy, axloqiy, ma‘rifiy tafakkurning ilk kurtaklari xalq og’zaki ijodida o’z aksini topgan. Ularda yozuv paydo bo’lgunga qadar va undan keyin ham xalq ruhi va ma‘naviy faolligi aks etgan. Sharqda, jumladan O’zbekiston hududida ta‘lim-tarbiyaga juda katta e‘tibor berilib, bolalarni kichik yoshdan ilmga qiziqtirish, axloqan pok, vijdonli, mehr oqibatli qilib voyaga yetkazish, el-yurtga nafi tegadigan farzand qilib o’stirish masalalariga ota-bobolarimiz jiddiy e‘tibor qilishgan.
Sharq pedagoglari bolalarni o’qishga qiziqtirish uchun kitobdagi voqealarni qush va hayvonlar tilidan hikoya qilar edilar. Masalan, «Qobusnoma», «Axloqi Muhsiniy», «Kalila va Dimna» kabi asarlar shular jumlasidandir.
VII- VIII asrlarda Markaziy Osiyoni arablar bosib olgach, islom dini asosidagi sifat jihatidan yangi tizimga ega bo’lgan ta‘lim-tarbiya muassasalari vujudga keldi.Arab tilini o’rganish joriy etildi. Bu davrda Markaziy Osiyoda yoshlarga ta‘lim-tarbiya berish uchun maktablar, machit va madrasalar tashkil qilindi. Bu usulda o’qitish 1917 yil Oktyabr to’ntarilishidan keyin eski unsur sifatida qoralandi va yangi (jadid) usulidagi o’qitish tizimi (maktablar) yuzaga keldi.
5.2. Qadimgi Yunoniston va Rim davlatlarida ta‘lim-tarbiya, pedagogik qarashlar va ta‘limotlar.
Eramizdan oldingi VI asrdan milodiy V asrgacha bo’lgan davrda Yunonistondagi quldorlik davlatlari va Rim imperiyasida bir qadar demokratik tartiblar, Respublika boshqaruvi o’rnatildi. Bu davrda o’ziga xos ta‘lim-tarbiya tizimlari va mutafakkirlar tomonidan o’ziga xos pedagogik ta‘limotlar yaratildi.
Afinadagi quldorlar o’z bolalariga aqliy, axloqiy, mehnat, estetik va jismoniy tarbiyalarni berganlar. Afinada bolalar 7 yoshgacha uyda tarbiyalangan.7 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalar «gramatist va kifaristlar» maktablarida ta‘lim olganlar So’ngra 14-15 yoshli bolalar «polistra» (kurash) maktablarida taxsil olgan.16-17 yoshli bolalar «Gimnaziya» da, 18-20 yoshli bolalar esa Efiliya maktablarida ta‘lim-tarbiya olganlar.
Yunonistonlik olimlar Demokrit, suqrot, Aflotun, Arastu, shuningdek mashhur Rim pedagogi Kvintilianlar o’z asarlarida ta‘lim-tarbiyaga doir pedagogik nazariyalar yaratdilar. Masalan, Demokrit tarbiyaning tabiatga mosligi g’oyasini o’rtaga qo’ygan.O’qitish jarayonida bolalarning qiziquvchanligini hisobga olish zarurligini o’qtirgan. Ta‘limning kishi tabiatini o’zgartiruvchi qudratli kuch ekanligini, o’qitishda majburlash usulidan ko’ra, ishontirish usulidan foydalanish afzalligini ta‘kidlagan edi. U tarbiyada mehnatning roli muhimligini ko’rsatib, pedagoglar, ota-onalar bolada yaxshi xulq hosil qilish uchun ularga foydali xatti-harakatlarni ko’proq mashq qildirishlari lozim, degan edi.
Qadimgi mashhur grek olimi Suqrot (er. av. 469-309 yy) axloq-tarbiya soxasida maktab yaratib, u guyo xudo yaratgan umumiy fazilatlarni targ’ib etdi.Suqrot odamni fazilatga o’rgatishdan oldin, eng avvalo umumiy etika-tarbiya qonuniyatlarini, mezonlarini bilish zarur deydi.Uning fikricha, tarbiyadan ko’zlangan maqsad, narsalar tabiatini o’rganish bo’lmay, balki kishining bilim olish qobiliyatini, axloqini kamol toptirish bo’lmog’i lozim.
Aflotun bola tarbiyachiga itoat qilishi zarurligi haqidagi g’oyani ilgari suradi. U bolani muttasil nazorat qilib borish, uning yaxshi xulqi, itoatkorligini rag’batlantirish, itoatsizlik qilsa – qo’rqitish va urib bo’lsa ham to’g’ri yo’lga solish lozimligini ta‘kidlaydi. O’qituvchi-tarbiyachi yoshlarga bilim berish, tarbiyalash maqsadida unga tizimli ta‘sir ko’rsatadi.
Arastuning «Iskandarga nasihat» asarida bayon etilgan pedagogik g’oyalar yoshlarni axloqiy tarbiyalash nuqtai nazardan hamon o’z qimmatini yo’qotmagan.Shuningdek, Arastuning «Afina siyosati» asarida tasvirlangan afinaliklarning o’qituvchilarni saylash taomili ham odobi xususida diqqatga sazovordir.Negaki, saylab qo’yish taomili o’qituvchi-tarbiyachilar zimmasiga katta majburiyatlar yuklagan.Bu taomil Afina davlatida pedagoglik ishining ommaviyligini, unga alohida e‘tibor berilganini ko’rsatadi.
Rim pedagoglaridan eng mashhuri – Mark Fabiy Kvintilian «Notiqni tarbiyalash to’g’risida» nomli asarida pedagogik fikrlarni, o’qitish soxasiga doir qarashlarni bayon etadi. Uning fikricha, bola maktabda ta‘lim-tarbiya olishi lozim.O’qituvchi o’zi tarbiyalayotgan har bir bolaga ehtiyotkorlik bilan muomala qilishi kerak.O’qituvchining o’zi o’qimishli bo’lishi, bolalarni sevishi, o’zini yaxshi tuta bilishi, bolalarni bo’lar-bo’lmasga maqtayvermasligi yoki jazolavermasligi darkor.
Kvintilian o’z pedagogik qarashlarida insonning tabiiy belgilariga e‘tibor beradi, bolalarning tug’ma qobiliyatlarini yuqori baholaydi, tarbiya bilan ko’p narsaga erishish mumkinligiga ishonch hosil qiladi.Uning fikricha, inson shaxsining shakllanishi uchun bolani yoshligidan boshlab tarbiyalash kerak.
Jahon pedagogika fanining taraqqiyot bosqichlari, pedagogik qarashlar va ta‘limotlar haqida tarixan o’rganar ekanmiz, qadimgi Yunoniston va Rim pedagoglarining yuqorida keltirgan g’oyalarini tilga olish o’rinlidir. Chunki, O’rta Osiyoda yashagan mutafakkirlar Hindiston, Xitoy kabi sharq mamlakatlari madaniyati, ilm-fani, tarbiyashunosligi bilan bir qatorda qadimgi Yunoniston, Rim madaniyati, falsafasi va pedagogikasiga ham e‘tibor berganlar.
5. 3. Qadimgi Xitoyda ta‘lim-tarbiya.Konfutsiylik.
Xitoy qadimdan sharqdagi yirik davlatlardan biri bo’lgan. Qadimgi Xitoyda pedagogik fikrlar, ta‘limotlarning paydo bo’lishi eramizdan avvalgi 2 ming yillik o’rtalariga to’g’ri keladi va ular asosan konfutsiylik, daosizm, Yan Chju ta‘limotlarida o’z ifodasini topgan. Bu davrda Xitoyda ilk tarbiya maktablari paydo bo’lib, ularda bolalar ieroglif (belgilar orqali) o’qitilgan.
Xitoyda keng tarqalgan Konfutsiylik ta‘limotining ahamiyati katta bo’ldi.Konfutsiy ta‘limotiga muvofiq, odamlar o’z tabiatlariga ko’ra hammasi bir, faqat tarbiya tufayli ular bir-birlaridan farq qiladilar.Chunonchi, Konfutsiyning e‘tirof etishicha, «Odamlar o’z tabiatiga ko’ra bir-birlariga yaqindirlar.Lekin o’zlarining xulq-atvorlari, odatlariga ko’ra bir-birlaridan yiroqdirlar».Konfutsiy – Xitoyning taniqli mutafakkiri.U eramizdan avvalgi 551 yilda kambag’al oilada tug’ildi.Konfutsiy umri davomida, asosan, o’qituvchilik bilan shug’ullanadi.
Xitoyda Konfutsiy tuzgan maktab ko’p asrlar davom etdi.Miloddan avvalgi 136 yilda imperator U-Di hukmronlik qilgan davrda Konfutsiy qarashlari rasmiy ravishda ta‘limot – tizim deb e‘lon qilindi. Shundan keyin Konfutsiy ta‘limoti ikki ming yildan ortiq vaqt maboynida hukmron g’oya sifatida davom etdi. Konfutsiyning inson to’g’risidagi fikr-mulohazalarini, shogirdlari bilan suhbatlarini aks ettiruvchi «Suhbatlar va mulohazalar» asarida ko’rishimiz mumkin.Jamiyatda sodir bo’layotgan turli axloqsizliklardan Konfutsiy qattiq tashvishga tushadi, fuqarolarni tarbiyalashga harakat qilib, ularni insof-diyonatga, bir-birlarini hurmat qilishga, atrof-muhit musaffoligini ta‘minlashga chorlaydi.Uning tushuntirishicha, insoniylikning turli fazilatlarini o’zida mujassamlashtirgan chinakam inson faqat o’zi uchun emas, balki jamiyat uchun, boshqalar uchun ham yashamog’i darkor.Insonning insoniyligi, eng avvalo, quyidagi talablarga javob bermog’i darkor. Chunonchi:
a) o’zing erishishni orzu qilgan muvaffqiyatlarga boshqalar erishishi uchun har tomonlama ko’mak ber;
b) o’zing boshingga tushshini istamagan kulfatlarni boshqalarga ham ravo ko’rma.
Konfutsiyning pedagogik qarashlarida jamiyatda mavjud bo’lgan tartib-qoidalarni hurmat qilish ham asosiy o’rinda turgan. Jamiyatda insonparvarlikka (Jen) asoslangan barcha tartib – intizomlar osmondan tushgan, unga hamma itoat etishi shart deyilgan.Konfutsiy qarashlari – «li» degan tushunchada o’z ifodasini topgan.Jamiyatda «li» bo’lmasa tartib-intizom ham bo’lmaydi, tartib-intizom yo’q joyda esa rivojlanish bo’lmaydi, degan fikr-mulohazalar Konfutsiy ta‘limotida markaziy o’rinni egallaydi.
Qadimgi Xitoy faylasuflari inson kundalik amaliy faoliyatini tarbiyaviy-axloqiy normalar yordamida boshqarish mumkinligi, ayniqsa, kishidagi insoniy fazilatlarni shakllantirishda tarbiya, tartib-intizom muhim ahamiyatga ega ekanligi, inson kamolotida tabiiy-ijtimoiy muhit hal qiluvchi omilligini tushuntirib berishga harakat qildilar.Konfutsiychilikda ta‘kidlanishicha, qonun inson manfaatlariga xizmat qilmog’i lozim.Xitoyda asrlar maboynida Konfutsiychilikning turli maktablari yuzaga kelgan. Umuman, Konfutsiy g’oyaviy-axloqiy, ma‘rifiy va anglash, bilish haqidagi qarashlari ilg’or fikrlilar tomonidan davom ettirildi, Xitoy madaniyatiga muhim hissa bo’lib qo’shildi.
5.4. G’arbiy Yevropada maktab, maorif va pedagogik fikrlar taraqqiyoti.
Jahon pedagogika fanining, pedagogik qarashlar va fikrlar taraqqiyotiga Yevropa xalqlari, mutafakkirlari ham munosib hissa qo’shdilar. XVI-XX asrlarda Yevropa mamlakatlarida yashagan pedagoglar o’qituvchining kasbiy faoliyati va axloqiy fazilatlari haqida o’z (asarlari) qarashlarida bayon etib, maktab-maorif va pedagogik fikrlar taraqqiyoti rivojiga muhim hissa qo’shdilar.
XVI asr oxiri va XVII asrning boshlarida tarixan ilk bor maktab ta‘limida sinf-dars tizimini ishlab chiqqan buyuk chex pedagogi Yan Amos Komenskiydir. U 1592 yilda Chex diniy jamoasida tegirmonchi oilasida tug’ildi, jamoadagi maktabda o’qidi.
YA .A. Komenskiyning pedagogik merosida yosh avlodni maktabda o’qitish va tarbiyalash masalasi asosiy o’rin tutgan. Komenskiyning fikricha, tarbiya tabiatga uyg’un bo’lishi, tarbiyada bolaning shaxsiy xususiyatlarini hisobga olinishi, shuningdek ta‘limda esa bolaning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda olib borish zarurligini ta‘kidlaydi. Komenskiy maktab bolalarga har tomonlama bilim berishi, ularning aql-idroki, axloqi, his-tuyg’ulari va irodasini rivojlantirishi lozimligini ta‘kidlaydi. Komenskiy inson rivojlanishini to’rt bosqichga: go’daklik, bolalik, o’smirlik, yetuklik davrlarga bo’ladi.
Komenskiy yashagan zamonda ta‘lim, tarbiya, o’qitish terminlarini «didaktika» so’zi bilan ifodalash odati mavjud edi. Shu boisdan 1657 yilda Amsterdamda nashr etilgan asarlar to’plamini ham «Didaktikaga doir asarlarning to’liq to’plami» deb atadi. Komenskiy o’zining «Buyuk Didaktika», «Tillar va hamma fanlarning ochiq eshigi», «Fizika», «Astranomiya», «Onalar maktabi» asarlarida yosh avlodni o’qitish to’g’risida fikr yuritibgina qolmasdan, balki maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga aqliy, axloqiy jismoniy va estetik tarbiya berish haqida gapiradi. Didaktik ta‘limotlar davomiyligini rus pedagogi K.D. Ushinskiy, N.G. Chernishevskiy va N.A. Dobrolyubovlarning maktab ta‘limi haqidagi ta‘limotlarida ko’rish mumkin.
XVIII asrda shveytsariyalik pedagog I.G. Pestalotstsi (1746-1827) kamol toptiruvchi ta‘limning printsiplari tizimini asosladi. Pestalotstsining fikricha, tarbiya uyg’un tarzda, ya‘ni tarbiya bolaning tabiati, ruhiyatiga uyg’un holda amalga oshirilishi, hamda tarbiyalashni eng oddiydan boshlanib, asta-sekin va izchillik bilan murakkabga o’tish kerak deydi. Psetalotstsining ta‘kidlashicha, ta‘lim vazifasi bolani muayyan bilimlarga ega qilishdangina emas, balki unda aqliy qobiliyatni ham rivojlantirishdan iboratdir.
Pestalotstsi 1774 yilda Neygof shahrida, keyinchalik Burgdorf shahrida turli yoshdagi qiz va o’g’il bolalar uchun maktab tashkil qiladi. U ochgan maktabida tajribalar o’tkazib, ta‘lim nazariyasini, o’quv predmetlarini o’rganish, bolalarda matematik tasavvur hosil qilish va o’stirish, nutq malakasini oshirish usullarini ishlab chiqdi. Pestalotstsi tashabbusi va hokimiyatning yordami bilan 1800 yilda shaharda institut tashkil topdi. Umuman Pestalotstsining pedagogik ta‘limotlari, u bildirgan didaktik fikrlar pedagogika (tarixi) fani rivojiga qo’shilgan salmoqli hissadir.
XIX asrda nemis pedagogi va faylasufi Iogan Genrix Gerbart (1776-1841) didaktikani pedagogikaga buysunadigan tarbiyalovchi ta‘limning yaxlit va ziddiyatsiz nazariyasi deb talqin qildi. Gerbart kontseptsiyasiga muvofiq o’qituvchi asosan o’quvchilarni yangi o’quv materiali bilan tanishtirishga doir harakatlarni tahlil qilishi lozim edi.
XIX asrda yana bir nemis pedagogi A. Disterveg o’zining «Nemis o’qituvchilari uchun» qo’llanmasida o’quv jarayonini faollashtiradigan talablarning butun bir kompleksini taklif qildi. Disterveg ta‘kidlashicha, ta‘limning muvaffaqiyatli bo’lish darajasi dasrlik mazmuni yoki o’qitish usuliga emas, balki o’qituvchining o’ziga ham bog’liq deb ta‘kidladi. Yaxshi o’qituvchi o’z fanini puxta egallab olagn bo’lishi, kasbini va bolalarni sevishi kerak. Distervegning ko’rsatishicha, yaxshi o’qituvchi o’zining tarbiya tamoyillarini qat‘iyat bilan amalda joriy qiladi va bu tamoyillardan hech qachon voz kechmaydi.
Mashhur rus pedagogi Konstantin Dmitrievich Ushinskiy (1824-1870) ta‘limotida pedagogika nazariyasining tarbiyalash tizimi, ya‘ni tarbiyaning xalqchilligi haqida g’oyasi eng asosiy g’oya sifatida o’rganilgan va e‘tirof etilgan. Ushinskiyning fikricha, tarbiya ta‘lim bilan bog’langan taqdirdagina, o’zining ulug’ vazifasini bajara oladi: yosh avlodni eng qisqa bir muddat davomida insoniyat erishgan darajasiga o’stirib bora oladi. U ta‘lim-tarbiya ishida o’quvchilarning faolligiga va tashabbuskorligiga tayanish kerakligini o’qtirar ekan, ta‘lim bolalarga mukammal bilim bermog’i va malakalar hosil qilishi uchun aniq-ravshan, tartibli va izchil bo’lmog’i lozim deb ta‘kidlaydi. Shuningdek, ta‘lim jarayonida ko’rgazmalilik usulini ijobiy baholaydi.
Ushinskiy pedagogika masalalariga doir bir qancha, jumladan, «Detskiy mir», «Rodnoe slova», «Inson tarbiya predmeti sifatida» kabi asarlar yaratdi hamda boshlang’ich ta‘lim asoslarini va metodikasini ishlab chiqdi. Bu uning pedagogikani rivojlantirishdagi ulkan xizmatlaridan biri bo’ldi.
Hozirgi davrda mamlakatimizda didaktik ta‘limotning rivojlanishida jahon mutafakkir-olimlarining pedagogik qarashlari va ta‘limotlari ijobiy ahamiyatga egadir. Jahon allomalarining ilmiy aloqalari, ma‘rifatparvarlik, pedagogik axloqiy ta‘limotlari O’rta Osiyoda tarbiyashunoslik soxasidagi fikrlar taraqqiyotining asosiy manbai hisoblanadi.
5. O’zbek xalq pedagogikasining rivojlanishi.
Pedagogik axloqning paydo bo’lishi insoniyat tarixining eng qadim zamonlariga borib taqaladi.U o’qituvchilik kasbi bilan birga tarbiyachilik faoliyatining tarkibiy qismi sifatida vujudga kelgan. Odamlar to’plagan turmush tajribasini yoshlarga o’rgatish, ularni hayotga, mehnat faoliyatiga tayyorlash ehtiyoji natijasida qadim zamonlardayoq ta‘lim va tarbiya mustaqil ijtimoiy faoliyat sifatida paydo bo’ldi.
Axloqiy pand-nasihatlarning ijodkori ham, asrlar davomida yoshlarni kamolot sari yetaklab, ularga hayot ilmini, turmush saboqlarini o’rgatib kelgan ustoz ham xalqdir.Yer yuzidagi barcha xalqlar singari turkiy qavmlar qadim zamonlardayoq hayotiy ehtiyoj taqozosi bilan o’z bolalarini sog’lom, baquvvat, mehnatsevar, katta-kichiklarni izzat-hurmat qiladigan, xushaxloq, botir, vatanni himoya qila oladigan kishilar bo’lib ulg’ayishlarini orzu qilganlar. Tarbiya sohasida to’plagan tajribalarini, orzu-istaklarini umumlashtirib maqol, topishmoq, ertak, rivoyat, hikoyat, doston, urf-odat, marosimlar, bayramlar, an‘ana kabilar shaklida ifodalab yoshlarga, oila a‘zolariga va boshqalarga o’rgatganlar. Shu tariqa o’zbek xalq pedagogikasi vujudga kelgan.Unda ijobiy axloqiy sifatlar, fazilatlar ulug’lanadi, salbiy xislatlar esa qoralanadi.
O’zbek xalq pedagogikasining shaxs va jamiyat uchun foydali, ilg’or, axloqiy g’oyalari og’izdan-og’izga, avloddan-avlodga o’tib, folklor asarlari, milliy, oilaviy urf-odatlar, an‘analar sifatida bizgacha yetib kelgan. O’zbek xalq pedagogikasi asarlarida murabbiy, ustoz eng hurmatli, mo’‘tabar inson sifatida ulug’lanadi.«Otang bolasi bo’lma, odam bolasi bo’l.Ustoz – otadek ulug’.Ota-ona bolani dunyoga keltiradi, ustoz esa uni yuksaklikka, ma‘naviy kamolotga yetkazadi», kabi hikmatlarda murabbiy, ustozlarning mehnati, qadr-qimmati ulug’langan.
O’zbek xalqining etnopedagogikasi umuminsoniy va milliy tarbiyaning qudratli omilidir. Turkiy qavmlar o’z bolalarini uy-ro’zg’or mehnatiga o’rgatishga alohida e‘tibor berganlar.Ota-onalar o’z bolalarini aqlli, odobli, go’zal fazilatli inson bo’lib kamol topishini orzu qilishgan. Bunday orzu-istaklar Abulqosim Firdavsiyning «SHohnoma» asarida quyidagicha tasvirlanadi:
Aql yo’l ko’rsatib, dilni etar shod,
Har ikki olamda aqlli obod.
Hamisha aqlingni rahnamo etgil,
Noloyiq ishlardan olisroq ketgil.
O’zbek xalq pedagogikasida ota-onaning ibrat ko’rsatish masalasi keng tadqiq qilingan. «Bolalarga go’zal tarbiya berish uchun ota-onalarning o’zlari axloqli, tarbiyali bo’lishlari shartdir. . .Agar otalar o’z umr yo’ldoshlari bilan go’zal ravishda umr kechirsalar, ularni hurmatlasalar, bolalar ulardan olijanoblik va xushmuomalalik odobini o’rganadi».
O’zbek xalq pedagogikasida qo’llanib kelingan tarbiya usullari yoshlarga o’zaro izzat-hurmatli bo’lish, qadr-qimmatli bo’lish, qadr-qimmatni anglash, samimiy, halol, haqiqatgo’y, mard, jasur, mehribonlik kabi insoniy fazilatlarni singdirishga xizmat qilgan.Bolani elga manzur, odobli farzand qilib tarbiyalash ota-onaning burchi hisoblangan O’zbek xalqi yaratgan maqol, naql, afsona, rivoyat, hikoyatlarda ma‘naviy-axloqiy ideallar, qiziqarli o’gitlar shaklida bayon etilgan. «Hurmat qilsang, hurmat ko’rasan», «Har kim ekkanini o’radi», «Bola aziz, odobi undan aziz» kabi maqollar shular jumlasidandir. Bu kabi o’git va naqllarda xalqimizning tarbiya borasidagi boy merosi namunalari o’z ifodasini topgan.
O’z-o’zini tekshirish uchun savollar:
Axloq va pedagogik qarashlar qachon vujudga kelgan va shaklana borgan?
Birinchi tarbiya maktablari qaerda ochilgan?
Qog’oz ilk bor qaerda kashf etildi va ishlab chiqilgan?
Qadimgi Yunoniston va Rim davlatlarida ta‘lim-tarbiya masalalari qaysi faylasuf-olimlarning pedagogik ta‘limotlarida o’z aksini topgan?
Konfutsiy ta‘limotini izohlab bering?
XVI asr oxiri va XVII asrning boshlarida maktab ta‘limida qanday yangilikka asos solindi va uning asoschisi kim?
Yevropada didaktik ta‘limning rivojlanishida qaysi olimlarning xizmatlari alohida ahamiyat kasb etadi?