Biz bilgan va bilmagan Bobur

,,Biz bilgan va bilmagan Bobur’’  mavzuida maqola.

 

                                           ,,Bobur-biz uchun tom ma’nodagi buyuk                                                                                    madaniyat,  oliy  darajadagi sharqona odob va  axloq timsolidir’’.

                                                                               I.Karimov.                            

                 O’z vatanidan yiroqda,  yurt sog’inchi,  vatan  ishqi bilan yongan, o’z ona vatanini dushmanlardan  himoya qilish  uchun mardonavor kurashgan,  dovyurak, buyuk  sarkarda,  davlat arbobi, is’tedodli shoir,  Boburiylar sulolasining asoschisi, Temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur tarix zarvaraqlarida boy ma’naviy va madaniy merosi bilan salmoqli o’rin tutadi.  Davlat arbobi  va  ko’p vaqtini  janglarda o’tkazgan, sarkarda sifatida, ijtimoiy  faoliyatining eng qizg’in davrida ham,  shaxsiy  hayoti va faoliyati nihoyatda,   murakkab  va xatarli  sharoitlarda  qolgan  chog’larida ham  Bobur ijodiy  ishga vaqt topa bilgan,  ilm, san’at  va ijod  ahlini o’z  atrofiga to’plab, homiylik qilgan,  ularni rag’batlantirgan.

                 O’zbek  xalqi boy tarixiy  o’tmishga,  ulkan millliy merosga  ega.  Shunday  oltin merosimizning biri  bobokalonimiz Zahiriddin  Muhammad   Bobur yaratgan shoh asar- ,,Boburnoma’’dir.  ,,Boburnoma’’  asari- o’zbek, nafaqat jahon adabiyotning noyob  yodgorligi,  memuar  tarixiy  asar.  Asarda  1494-1529- yillarda    Markaziy  Osiyo, Afg’oniston   va  Hindistonda sodir bo’lgan tarixiy-siyosiy  voqealar   yilma-yil  o’ta aniqlik  bilan bayon qilingan  bo’lib,  ular  muallif  hayoti  va siyosiy  faoliyati   bilan  bevosita  bog’liqdir.  ,,Boburnoma’’  asari  o’zida bayon  qilingan  voqealar jarayoniga  ko’ra,  3 qismga:  Boburning  Movaraunnahr- 1494-1504-yillar; Afg’oniston-1504-1524-yillar; Hindiston-1524-1530-yillardagi hukmdorlik  davrlariga  bo’linadi. ,,Boburnoma’’da  keltirilgan  barcha  ma’lumotlar, xususan, Farg’ona, Toshkent, Samarqand,  Hisor, Chag’oniyon  va  Shimoliy  Afg’onistonning    XV asr   80-90-yillari  va   XVI  asr  birinchi  choragidagi siyosiy  ahvoliga  doir  xabarlar  o’zining batafsilligi  va  aniqligi  bilan  boshqa  adabiyotlardan  tubdan  farq  qiladi.

         Asarda ijtimoiy-tabiiy fanlar,  tarix,  falsafa, fiqh, din  ta’limoti, tilshunoslik,  jug’rofiya,  tabiatshunoslik, madaniyatshunoslik, dehqonchilik,  bog’dorchilik  va   boshqa sohalarga  oid  aniq va hali  ham o’z  ahamiyatini   yo’qotmagan  ma’lumotlar,  ilmiy asoslangan xulosalar  keltirilgan.  Asarda  Boburning  bevosita   o’zi  lashkarboshi sifatida  qatnashgan   bir-necha  jang  manzaralari  mahorat  bilan  berilgan.

              Bobur  Hindistonda   juda  oz  muddat atigi  to’rt  yilu  sakkiz  oy  (1526-1530 yillar) bo’lgan. Hindiston  tabiati, uning  ajoyibotlari, ko’rkamliklari, shuningdek, kamchilik  va  nuqsonlari  haqida    ,,Boburnoma’’da  ta’riflab  bergan.  Boburning Hindistonga   kelishi  natijasida  jamiyat  taraqqiyotidagi  ayrim  o’zgarishlar  (masalan, eri vafot  etgan ayolning  birga  tiriklayin  ko’milishi  kabi ) sodir  bo’lganini,  yangiliklar  kiritilganini ko’rish  mumkin.  Zero, Hind   davlat arbobi  J.Neru   shunday  degan  edi:  ,, Boburning  Hindistonga  kelishi  tufayli    Hindistonda  buyuk  o’zgarishlar  sodir  bo’ldi,  me’morchilikda  va  madaniyatda,  boshqa   sohalarda  yangicha  taraqqiyot  yuz  berdi’’  (  J.Neru  ,,Hindistonning  ochilishi’’, ,,Jahon tarixiga   bir nazar’’).

    Bu  haqida  ,,Boburnoma’’da  ham   Bobur  qurulishlarida yuzlab  kishilar mehnat  qilganligi  aytilgan: ,, Nechukkim,  ,,Zafarnoma’’da Temurning  Masjidi  Sangan  imoratini  qilurda   Mulla  Sharif  mubolag’a  bila  bitibdurlarkim,  Azar  va  Fors,  Hindiston  va  yana o’zga  sangtaroshlardan  mening  imoratlarimda   har kunda  olti yuz  sakson  kishi ish  qilurlar  edi,  yana Ogra(Agra),  Sehrida  va  Biyonada   va  Dilpurda  bir  ming  to’rt  yuz  to’qson  bir  sangtarosh  har  kunda   mening  imoratlarimda ish  qilurlar  edi’’ ( Bobur  ,,  Boburnoma’’  Toshkent 1993-yil,  292-bet).

  Shuningdek,  Boburning  ,,Boburnoma’’ asari  shaharlar  etnogenizi  va  etnografiyasiga   oid  ma’lumotlar  ham g’oyat  qimmatli  va  qadrlidi.  Masalan,

              ,,Andijon  aholisining asosiy  qismi turkiylardir.  Andijonda  va  uning  bozorlarida turkcha  bilmaydigan kishining  o’zi  yo’qdir.  Xalqning  tili  adabiy  tilga  yaqindir.

                Isfaraning  barcha  aholisi  sortlardir.  Ular  forscha gaplashadilar.

                G’azna  shahri  aholisi ko’chmanchi  xalq va afg’onlardir.  Qobul va uning atroflarida o’n  bir,  o’n ikki  tilda  gaplashadilar’’  ( Bobur  ,,Boburnoma  Toshkent  1993-yil ).

              Asarda Bobur  buyuk olimlar, yozuvchilar,  shoirlar  va rassomlar  ijodiga  tan  berib,  ,, Boburnoma’’ da  ularni  ko’klarga  ko’tarib  maqtagan. Masalan,  A.Navoiy, A,Jomiy, M.Ulug’bek….

              Shuningdek,  muallifning  muayyan  tarixiy  shaxslar bilan  o’zaro  dushmanlik   qilgan  Temuriy   shahzodalar-  Umarshayx,  Sulton  Ahmad,  Sulton  Mahmud,  Boysung’or  Mirzo,  Sulton  Husayn  va  boshqalar   xulq-atvori, tabiati  xususida bildirgan fikr-mulohazalari bilan  ham  ahamiyatlidir.

           Buyuk  tarixiy  siymo  sifatida Boburning  shaxsi  Yevropa  va  AQSH sharqshunos-tarixchilari diqqat-e’tiborini  o’ziga  jalb  qilgan. ,,Boburnoma’’ni ingliz  tiliga  tarjima  qilgan Eduard  Holden avvalo,  Boburning  mashhur  Yuley  Sezar   bilan  qiyoslashni  lozim   topadi: ,,Bobur fe’l-atvoriga  ko’ra, Sezarga  qaraganda, sevishga  arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak  fazilatli inson  deb  bitib  qo’yilgan’’.

            Zahiriddin  Muhammad  Boburning bolalik  va o’spirinlik  yillari  haqida roman  yozgan  Uilyam  Erskin   Boburni  Osiyo  podshohlariga  qiyosan  shunday  ta’riflaydi: ,,Sahovati, mardligi, ilm-fanga, san’atga  muhabbati  va  ular  bilan  muvaffaqiyatli  shug’ullanishi  jihatidan  Osiyodagi  podshohlar  ichida   Boburga  teng  keladigan  birorta  podshoh  topilmaydi’’.                                             ,Boburnoma’’ asari Bobur  merosining gultoji. Zahiriddin  Muhammad  Boburning   ,,Boburnoma’’asarining yaratilishi jahonshumul  ahamiyatga  molik manba  sanaladi.  Chunki, bu  obida to’rt  marta fors  tiliga,  to’rt marta  ingliz  tiliga   tarjima  qilinib,  birgina  forsiy  qo’lyozmalarning juda  ko’p  tarqalganligi,  o’n  uch qo’lyozmaga ko’plab  mo’jaz  rasmlar  bilan  ziynatlanganligi,  asl  matnning sakkiz  marta chop  etilishi, o’ndan  ziyod  inglizcha  qisqa  nashrlar yuqoridagi  fikr isboti  uchun  kifoyadir.

            ,,Tarixga  murajaat  qilgan  ekanmiz,  bu  xalq  xotirasi  ekanligini nazarda  tutishimiz  kerak. Xotirasiz  barkamol  kishi  bo’lmaganidek,  o’z  tarixini bilmagan xalqning  kelajagi  ham  bo’lmaydi’’( I.Karimov ,,Asarlar’’).

           Zahiriddin  Muhammad  Boburning   ,,Boburnoma’’  asarini o’rganish chog’ida  shuni  anglab  yetdimki, biz  yoshlar shunday  ulkan  adabiy  merosimiz  borligi bilan, buyuk ajdodlarimizning avlodlari ekanligimiz  bilan faxrlanishimiz kerak. Bobur   shaxsiyatidagi  qat’iylik, dovyuraklik, vatanga muhabbat, mag’rurlik, bilimdonlik, iste’dodlik kabi  oxiri  tuganmas  bo’lgan fazilatlarini o’z  qiyofamizda kashf etaylik!