Navro’zing muborak O’zbekistonim
Assalom fasli bahor, assalom ey ahli davra
Xushu xursandlik bugun, yangraydi shodiyona
Marhabo ey azizlar, xush kelibsiz davramizga
Bahor va shodlik ayyomi – Yangi kun muborak sizga
Avval yuragingga mo’ralaydi u
So’ngra kurtaklarga o’rgatadi so’z
Zaminning ko’zidan qochadi uyqu
Demak, bahor keldi, kelmoqda Navro’z
Serquyosh yurtimiz mustaqillikka erishgach, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida katta o’zgarishlar yuz bera boshladi. Avvalo, bu xalqimizning tarixan uzoq yillik milliy turmush va tafakkur mahsuli bo’lgan an’ana va urf – odatlari, ma’naviy qadriyatlari tiklanganligida namoyon bo’lmoqda. Haqiqiy o’zbekona urf – odatlarimizning hayotdan o’rin olayotgani, qadriyatlarimizning o’z mavqeini topayotgani ham shuning boisidir. O’zbek o’zligiga ishona boshladi.
Quloq tutib maysa ohiga
Malham qo’ygan ko’ngil dog’iga
Hijron yoqqan o’rik shoxiga,
Oq ro’molin otgan kelinchak
Salom Navro’z!
Assalom Navro’z!
Ma’naviy boyligimiz bo’lgan Navro’z va hayitlarning tiklanganligi juda savobli ish bo’ldi. Kattalarga hurmat, oila va farzandlar to’g’risida g’amxo’rlik qilish, ochiqko’ngillilik, odamlarga xayrixoxlik bilan munosabatda bo’lish, o’zgalar kulfatiga hamdardlik va o’zaro yordam tuyg’usi xalqimizga xosdir
Ana shu yasharish, go’zallik, nafosat bayrami Navro’zi olam bilan barchangizni chin yurakdan muborakbod etamiz. Sizlarga mustahkam sog’lik, ishlaringizda omad, zafarlar tilaymiz
Bu tong egnida atlasdan ko’ylak
Shafaqqa o’ralgan qizlarday gulgun
Ilk bora ko’z ochib chiqqan boychechak
Sanamlar qo’lida intizor bu kun
Bahoroy kirib keladi
Xush kelibsan bahorim
Bu diyorga marhabo
Shuhrati olamga ketgan
Gul diyorga marhabo!
Bahoroy: Assalomu – alaykum meni intiq bo’lib kutgan azizlarim, mehribonlarim. Barchangizga qorli tog’lardan, qir – adirlardan, keng dalalaru, chaman bog’lardan salom keltirdim. Sizlarni shodlik va mehnat bayrami, nafosat va go’zallik ayyomi Navro’zi olam bilan chin qalbimdan tabriklayman va huzuringizga Navro’zoyni chorlayman.
Quyosh tegrasida aylani falak
Tabiat bezanib misli kelinchak
Bugun yuz ochibdi turfa xil chechak
Assalom, Yangi kun, assalom Navro’z
Yana tenglashibdi kecha va kunduz
Ko’kda nur taratar yarqirab yulduz
Lablarda tabassum, aytib shirin so’z
Hamma: Assalom Yangi kun, assalom Navro’z
Navro’zoy: Salom mening qadrdonlarim! Ollohga shukronalar bo’lsin siz – la diydor nasib etganiga mana 4 000 yil bo’lyapti, silzar bilan birgaman. Mustaqillik sharofati bilan men qad rostladim, bugun esa ezgulik va poklanish bayrami bilan sizni qutlash baxtidan mamnunman
Bahoroy:
Dimoqqa yalpizlar nafasi urar
Yurakda muattar chechaklar kular
Bir suluv kelinchak salomga kelar
Qadaming qutlug’ bo’lsin, aziz mehmonim
Navro’zing muborak O’zbekistonim
Navro’zoy:
Istiqlol tongida dillar chulg’ondi
Yuraklar to’lg’onib, dillar uyg’ondi
Navro’z navolari jonni yayratib
Ona yurt og’ushi dilga burkandi
Hurlik Navro’zida aytingiz alyor
Alyorlarga jo’r bo’lsin so’z ila ash’or
Navro’z — bahor bayrami. O’lkamizda bahor – yilimiz o’z umrini yangidan boshlaydi. Yurt soya – salqin bo’lsin, o’tgan – ketganlar rohatlansin deb, navro’zgacha yo’llarga ko’chat, bolalarga atab hovli va bog’larda meva nihollari ekiladi. Ko’chalar tozalanib, ariqlar qaziladi. Hammyoq supurib sidiriladi.
Navro’zga atab yoshlar rang – barang kiyimlar tikadilar. Qariyalarga sarpo tayyorlanadi. Navro’z uchun uzum, qovun, olma kabi yoz mevalari saqlangan bo’ladi. Shinni, qiyomlardan tashqari, turli qandolatlar, sumalak pishiriladi.
Bayram urf – odatlari
Navro’zda uy – joyni tozalaydilar
Navro’zga qadar daraxtlar tanasini oqlaydilar
Navro’zda bug’doy undirib, sumalak pishiriladi
Navro’zda yaxshi niyat qiladilar
Navro’zda navro’z taomlari pishiradilar
Navro’zda araz – ginalarni unutadilar
Navro’zda qarindosh – urug’larga boradilar
Navro’z kuni ota – ona qabrini ziyorat qiladilar
Navro’zda g’iybat qilmaydilar
Navro’zda otni, itni urmaydilar
Navro’z kuni bemorlarga bayram taomlari jo’natadilar
Tabrik uchun so’z navbati maktab ma’muriyatiga beriladi
Qo’shiq va raqs: Bahorim mening!
Tadbirimiz tugadi, diqqat e’tiboringiz uchun rahmat xayr