Hurmatli rais Najot Shamim Xon xonimlari!
Hurmatli Oliy komissar Mishel Bachelet xonimlari!
Xonimlar va janoblar!
Bugun O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida ushbu uchrashuvda birinchi marta ishtirok etmoqda.
Biz so‘nggi yillar davomida Kengashga a’zo bo‘lish uchun butun mas’uliyatni anglagan holda intilib kelganimizni ta’kidlamoqchiman.
Demokratik islohotlarimiz yangi O‘zbekistonni bunyod etishga qaratilgan bo‘lib, bu o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.
Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini ilgari surish uchun Kengash a’zolari, barcha sheriklarimiz bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat.
Birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi.
2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Bu o‘rinda so‘z Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi ekspertlarining faol ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish to‘g‘risida bormoqda.
Ikkinchidan, biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettiramiz.
Joriy yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Uchinchidan, alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Yaqinda Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirdi. O‘zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishi kutilmoqda.
Biz imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etamiz.
To‘rtinchidan, aholimizning yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.
Joriy yil O‘zbekistonda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilindi.
Bu borada biz:
— Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish;
— BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish;
shuningdek, Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
Beshinchidan, biz Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdik. Bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo‘ldi.
2021-yilda, ya’ni Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilamiz.
Oltinchidan, “Inson huquqlari sohasida ta’lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab biz Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazishni taklif etamiz.
O‘qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg‘armasiga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz.
Yettinchidan, Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida 50 ming nafar vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘ladi.
Xonimlar va janoblar!
Biz erishgan natijalarimiz bilan kifoyalanib qolmasdan, bundan buyon ham fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni qat’iy maqsad qilganmiz.
Shu asnoda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida kodekslar ishlab chiqilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining din yoki e’tiqod erkinligi, sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilarining tavsiyalarini alohida e’tiborga olganmiz.
Inson huquqlari bo‘yicha kengashga Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir.
Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilamiz.
Mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachini O‘zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiq qoladi.
Shu bilan birga, biz inson huquqlari borasida hali ulkan yo‘lning boshida turganimizni yaxshi tushunamiz va xalqaro hamkorlarimizning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Mishel Bachelet xonimlarining yurtimizga tashrifini kutib qolamiz.
Bu borada mandatga ega bo‘lgan barcha vakillarning O‘zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy taklifnoma yuborish haqida qarorni qabul qilamiz.
Shuningdek, Osiyo qit’asining inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat ko‘rsatadigan platforma – Samarqand forumi negizida yaratish borasida ko‘mak berishga tayyormiz.
Hurmatli do‘stlar!
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yillik tarixi inson huquqlari universal qadriyat ekanini yaqqol isbotladi. Bu ustuvor tamoyilsiz yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.
Nutqimning yakunida shuni yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e’tirof etilgan prinsip va normalarini qat’iy himoya qiladi va faol ilgari suradi.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Manba: president.uz