Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga oid savol-javoblar

1.                       XV asr jahon ma’naviyatining buyuk siymosi Alisher Navoiy qachon, qaerda tug‘ilgan va uning haqiqiy to‘liq ismi qanday edi?

Asl ismi Nizomiddin Mir Alisher. U 1441 yil 9-fevralda Hirotda tug‘ilib, shu yerda umrining asosiy qismini o‘tkazgan.

2.                       Alisher Navoiyning she’riyatdagi ilk ustozlari kimlar edi? Ushbu ustozlari haqida o‘zining qaysi asarida ma’lumot keltirgan?

Navoiyning she’riyatdagi ilk ustozi tog‘asi Mir Sayyid Kobuliy va Muhammad Ali G‘aribiylardir. Navoiy «Majolis un-nafois» asarida Kobu­liy haqida: «Yaxshi tab’i bor erdi, turkchada mayli ko‘proq erdi…» desa, G‘aribiy haqida: «Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Ko‘proq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xo‘b erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…» — deydi.

3.                       Shoirning «Hiloliya” qasidasi kimga bag‘ishlab yozilgan va Amiri Kabir» ya’ni «Ulug‘ Amir» unvoni unga qachon, kim tomonidan berildi?

Shoirning «Hiloliya” qasidasi temuriy xukmdor Xusayn Boyqaroga bag‘ishlangan.1472 yil fevralidaXusayn Boyqarogauni vazir lavozimiga tayinlaydi va «Amiri Kabir» («Ulug‘ Amir») unvonini beradi.

4.                       Navoiy davrida Hirotda talabalar uchun qanaqa nomdagi madrasa barpo etilgan?

Navoiy davrida Hirotda talabalar uchun «Ixlosiya” nomdagi madrasa barpo etilgan.

5.                       O‘smir Navoiyning qaysi g‘azaliga Mavlono Lutfiy t
Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga oid savol-javoblar
urkiy va forsiyda bitgan o‘n-o‘n ikki ming bayt she’rini almashtirmoqchi bo‘ladi?


Navoiyning «Orazin yopqoch ko‘zimdin sochilur har lahza yosh, bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz nihon o‘lg‘och quyosh” deb boshlanuvchi g‘azaliga Mavlono Lutfiy turkiy va forsiyda bitgan o‘n-o‘n ikki ming bayt she’rini almashtirmoqchi bo‘ladi.

6.                       Alisher Navoiy o‘zining buyuk «Xamsa” asarini necha yilda yozib tugalladi va mazkur asar nechta dostonni o‘z ichiga oladi? Mazkur badiiy qomus o‘z ichiga qancha ming misra she’rni qamrab olgan?

1483 yildan Alisher Navoiy o‘zining buyuk «Xamsa» asarini yozishga kirishdi va uni uch yilda tugalladi. Besh dostonni o‘z ichiga olgan bu ulkan badiiy qomus 50 ming misradan oshiq bo‘lib, Navoiyning barcha she’riy merosini deyarli yarmini tashkil qiladi.

7.                       Navoiyni «Mir Nizomiddin” deb kim ulug‘lagan va bu nom qanday ma’noni anglatadi?

Davlatshoh Samarqandiy Alisher Navoiyni «Mir Nizomiddin”, ya’ni «dinning nizomi – qonuni” deb bejiz ulug‘lagan.

8.                       Fors tilidagi birinchi «Xamsa” qachon va kim tomonidan va yaratilagan?

Fors tilidagi birinchi «Xamsa» buyuk shoir Nizomiy Ganjaviy (1141—1209) tomonidan yaratildi.

9.                       «Xazoyinu-l-maoniy” kulliyotining yaratilish tarixi haqida nimalarni bilasiz? «Xazoyinu-l-maoniy”dagi she’rlarning aniq matematik tartibda joylashtirilganligidan qanday xulosaga kelish mumkin?

1492 yilda aruz ilmiga bag‘ishlangan «Mezon ul-avzon» («Vaznlar o‘lchovi») risolasi yozildi va shoir o‘z lirik ijodini qayta taqsimlab, yangi devonlar majmui «Xazoyin ul-maoniy» («Ma’nolar xazinasi»)ni yaratish ishiga astoydil kirishdi. «Chor devon» nomi bilan shuhrat qozongan bu buyuk majmua 45 ming misraga yaqin turli janrlardagi kichik va o‘rta hajmli she’rlarni o‘zida jamlagan bo‘lib, «g‘aroyib us-sig‘ar» («Bolalik ajoyibotlari»), «Navodir ush-shabob» («Yigitlik davri nodirliklari»), «Badoe’ul-vasat» («O‘rta yosh kashfiyotlari»), «Favoyid ul-kibor» («Keksalikdagi foydali mulohazalar») nomlari bilan ataladi. Bu to‘rt jildda 16 janrga oid 3000 dan ortiq she’r bo‘lib, ularda 2600 g‘azal, 210 qit’a, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo va boshqalar mavjud. «Xazoyin ul-maoniy»ga oldingi ikki alohida devondagi she’rlarning deyarli barchasi kirgan bo‘lib, keyin yaratilgan 1400 ga yaqin yangi asarlar qo‘shilgan.

10.                   Navoiy 1498, 1499 va 1500 yillarda uch buyuk asar yaratdi va mazkur asarlar shoir va mutafakkir ijodining avj nuqtalari edi. Bu asarlar qaysilar edi?

Navoiy 1498 yilda «Lison ut-tayr», 1499 yilda «Muhokamat ul-lug‘atayn», 1500 yili «Mahbub ul-qulub» asarlarini yezdi. Bu uch asar buyuk shoir va mutafakkir ijodining avj nuktalari edi.

11.                   «Xamsa” o‘z ichiga olgan besh doston qaysilar va ular qaysi yillarda yaratilgan?

Navoiy o‘z «Xamsa»sini yaratishga 1483 yilda kirishgan bo‘lsa, uning birinchi dostoni «Hayrat ul-abror» («Yaxshi kishilarning hayratlanishi»)ni o‘sha yili yozib tugatdi. 1484 yilda «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ai sayyor» («Yetti sayyor»), 1485 yilda «Saddi Iskandariy» dostonini poyoniga yetkazdi.

12.                   Shoirning mashhur «Navoiy” ostidagi taxallusi qanday ma’nolarni anglatadi? Uning ikkinchi taxallusi nima va u qanday ma’nolarni anglatadi?

«Navoiy” shoirning taxallusi bo‘lib, navo so‘zi «kuy», «baxt», «sayrash», «bahra» ma’nolarini beradi. Shoir o‘z taxallusini «bahra» so‘zidan olgan. Bu haqda uning o‘zi bunday degan:

Dahr bog‘ida bo‘lib komim ravo,

Komronlar topdi nazmimdin navo.

Shoirning ikkinchi taxallusi ham shunday ma’nolar bilan bog‘liqdir. Qur’oni karimda ta’kidlanishicha, bu dunyo — o‘tkinchi, sinov uchun yaratilgan dunyo. Shuning uchun shoir o‘ziga «Foniy” taxallusini tanlagan. Bu haqda shoirning o‘zi bunday yozgan:

Fayz yetgach ul maoniydin mengo,

Topdi belgu nazm foniydin mengo.

13.                   Navoiy haqida ma’lumot beruvchi ilk manba qachon va kim tomonidan yozib qoldirgan va u asar qanday nomlangan?

Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida ilk ma’lumot beruvchi manba bu shubhasiz ulug‘ shoirning o‘z asarlaridir. Abdurazzoq Samarqandiyning «Matla’i sa’dayn va majmai bahrayn” («Ikki baxtli sayyoralarning kelib chiqishi va daryolarning qo‘shilishi”) asari shoir haqida ma’lumot beruvchi ilk manbadir. Bu asar 1467-1470 yillar oralig‘ida yaratilgan.

14.                   Alisher Navoiy nomi zikr etilgan ilk tazkira kim tomonidan yaratilagan va u qanday nomlangan?

Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkiratu-sh-shuaro” («Shoirlar tazkirasi”) asari Alisher Navoiy nomi zikr etilgan ilk tazkiradir.

15.                   Navoiy Qur’oni karim ta’sirida qaysi asarini yozdi va unda kimlar haqida ma’lumotlar berilgan?

Navoiy Qur’oni karim ta’sirida «Tarixi anbiyo va hukamo» asarini yozgan. Bu asar ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida Odam atodan tortib, Nuh, Iso, Ya’qub, Sulaymon, Yusuf, Dovud va boshqa payg‘ambarlar haqida ma’lumotlar beriladi. Har bir qissa oxirida ruboiy berilib, xotima yasalgan.




Fikr.uz sayti asosida Fayl.zn.uz saytida tayyorlandi