Xorijga chiqish pasportlari haqidagi barcha maʼlumotlar

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 yanvarь kunidan boshlab Oʼzbekistonda xorijga vaqtinchalik chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikerlari berish toʼxtatilib, xorijga chiqish biometrik pasportlari joriy etildi.


Endilikda Oʼzbekiston hududida ikki turdagi pasportlar – ichki va xorijga chiqish pasportlari amal qiladi. Ichki pasport sifatida oʼzbekistonliklar bugungi kunda foydalanayotgan biometrik pasportlar amal qilishadi. Xorijga chiqish pasportlari esa fuqarolar uchun ruxsatnoma yozuvi stikerlarini oʼrnini bosib, 10 yil muddatdga beriladi.


Baʼzi fuqarolar xorijga chiqish pasportlarining joriy qilinishidan havotirga tushib, tegishli boshqarmalar vakillariga turli xil savollar bilan murojaat qilishmoqda. Quyida, koʼp beriladigan savollar va ularga berilgan javoblar bilan tanishishingiz mumkin.


Xorijga chiqish biometrik pasportlarining koʼrinishi qanaqa boʼladi?


Xorijga chiqish biometrik pasportlari toʼq qizil rangda tayyorlanib, 48 betga ega boʼladi. Xorijga chiqish biometrik pasportlarining varaqlarida yurtimizning tarixiy va arxitektura yodgorliklari aks etgan. Bundan tashqari, xorijga chiqish pasporti suv belgilari, rangi oʼzgaruvchi boʼyoq, muarli effekt, metallashtirilgan himoyaviy ip, laminatsiyalashtirilgan plyonka hamda pasport qobigʼiga joylashtirilgan elektron chipdan iborat.


Xorijga chiqish pasportining xorijga vaqtinchalik chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikerlaridan afzal tomoni nimada?


Ruxsatnoma yozuvi stikerlari 2 yillik muddatga berilar edi. Xorijga chiqish pasportlari 10 yil amal qiladi. Xorijga tez-tez chiqadigan fuqarolar uchun bu qoʼshimcha qulaylikdir. Xorijga chiqish pasporti shuningdek xalqaro standartlarga javob beradi.


Xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun zarur boʼlgan hujjatlar roʼyxati qanaqa?


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq, xorijga vaqtinchalik chiqish maqsadida xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:


ikki nusxada tegishli shakldagi ariza-anketa;

biometrik pasport yoki 16 yoshga toʼlmagan fuqarolarning tugʼilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi va asli.

harbiy guvohnoma yoki harbiy qism roʼyxatida turganlik haqidagi guvohnoma (harbiy xizmatga majburlar uchun);

ikkita 3,5×4,5 rasm;

oldin taqdim etilgan xorijga chiqish biometrik pasporti (agar boʼlsa);

vakil idoraning huqmi (xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olinganda);

xorijga chiqish uchun ota-ona yoki vasiylik qiladigan odamning notarial tasdiqlangan ruxsati (voyaga yetmaganlar uchun);

hamroh fuqaroning notarial tasdiqlangan majburiyati (voyaga yetmaganlar uchun);

davlat bojini toʼlaganlik haqidagi kvitantsiya;

15 yoshdan 18 yoshgacha boʼlgan fuqarolar xorijga ota-onalari yoki vasiylarning notarial tasdiqlangan ruxsati bilan hamrohsiz chiqishlari mumkin.


Rasm boʼyicha alohida talablar bormi?


Bosh kiyimda (yuzni biror qismini berkitadigan kiyim unsurlari bilan), rangli linza va koʼzoynaklarda tushilgan rasmlar qaʼbul qilinmaydi.


Xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun davlat bojining qiymati qancha?


Xorijga chiqish pasportini olish uchun davlat bojining qiymati EKIHning 120 foizini tashkil etadi (2019 yil 1 yanvarь kuni holatiga ushbu qiymat 243 276 soʼmga teng).


16 yoshga yetmaganlar xorijga chiqish pasportlarini olish uchun davlat boji EKIHning 80 foiziga teng (162 184 soʼm).


Oʼzbekistonda yashovchi fuqaroligi boʼlmagan shaxslar uchun, ularning yoshlaridan qatʼiy nazar, davlat boji EKIHning 100 foiziga teng (202 730 soʼm).


Nima sababdan xorijga chiqish pasportini olish uchun davlat bojining qiymati ruxsatnoma yozuvi stikerlari uchun olingan davlat bojidan yuqori?


Xorijga chiqish pasportini olish uchun davlat boji EKIHning 120 foiziga teng boʼlib, u 10 yil muddatga beriladi. Ruxsatnoma yozuvi stikerlari uchun davlat boji EKIHning 50 foiziga teng edi, ammo u 2 yil muddatga berilar edi. Ilgari fuqarolar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlimiga 10 yil ichida 5 marotaba murojaat qilishlariga toʼgʼri kelar edi, davlat boji ushbu davr ichida bir necha marotaba oshib, 10 yilda EKIHning 250 foiziga teng boʼlar edi.


Xorijga chiqish pasporti qancha muddatda tayyorlanadi?


Xorijga chiqish biometrik pasporti 10 ish kuni davomida tayyorlanadi.


Xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati qancha?


Xorijga chiqish biometrik pasporti fuqarolarga quyidagi amal qilish muddatlari bilan beriladi:


tugʼilgan kunidan 1 yoshgacha – 2 yillik muddatga;

1 yoshdan 16 yoshgacha – 5 yillik muddatga;

16 yoshdan katta boʼlgan shaxslarga – 10 yillik muddatga.

Biometrik pasportdagi ruxsatnoma yozuvi stikerlari bilan xorijga qachongacha chiqish mumkin boʼladi?


Hozirgi pasportlar bilan xorijga 2021 yil 1 yanvarь kunigacha chiqish mumkin boʼladi. 2019 yil 1 yanvarь kunigacha rasmiylashtirilgan stikerlar, ularda koʼrsatilgan muddatgacha amal qilishadi. 2019 yildan buyon ruxsatnoma yozuvi stikerlari berilmaydi, uzoq xorijga chiqish uchun xorijga chiqish pasportini olish zarur boʼladi.


Xorijga chiqish istagida boʼlgan qizlar suhbatdan oʼtishlari kerak boʼladimi?


2018 yilning iyunь oyidan 18 yoshdan 35 yoshgacha boʼlgan qizlar bilan suhbat oʼtkazish tartibi bekor qilindi. Ular xorijga chiqish vizasini umumiy asosda olishadi.