Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir ku ni barg bilan kesak do‘st bo‘lishibdi. Ular bir-biridan ajralmaslikka ahd qilishibdi va og‘ir kunlarda bir-birlariga yordam berishga va’dalashibdi.
Ular ahil yashay boshlabdilar.
Kunlardan bir kun qattiq shamol turibdi.
Shamolning g‘uvillashidan qo‘rqib ketgan barg kesakka nolish qilib yig‘labdi. Shunda kesak:
— Hyech qo‘rqmagin, men seni bu balodan qutqaraman, — deb bargni pana qilib to‘sibdi.
Shamol qanchalik kuchli bo‘lmasin, bargni uchirib keta olmabdi. Bu ahvolni ko‘rgan shamolning achchig‘i kelib, yomg‘irni yuboribdi. Bu bilan u kesakdan o‘ch olmoqchi bo‘libdi. Lekin yomg‘ir ham bularni qo‘rqita olmabdi.
Yomg‘irning yog‘ishini ko‘rgan kesak bargga nolish qilibdi. O‘zini yomg‘irdan qutqarishini so‘rabdi. Shunda barg bir sakrab kesakni pana qila boshlabdi. Qanchalik ko‘p sel yog‘masin, kesakni qo‘rqita olmabdi. Yomg‘ir tingach, kesak bilan barg quchoqlashib ko‘rishibdilar. Ular o‘zlarining mehr-oqibatlaridan xursand bo‘lib, yanada inoqlashib ketibdilar.
Ertaklar, O‘zbek xalq ertaklari