Falokat bosgan Dehqon

Bir Dehqonning uyiga
Kechasi o‘g‘ri kirdi.
Hovlisiyu omborin
Titkilab birin-birin,
Nima kirsa qo‘liga —
Hammasini shipirdi.
O‘g‘rida bormi vijdon?-
Bechora bizning Dehqon
Boy yotib, gado turdi,
Qip-qizil xonavayron.
Eng yomon dushmaning ham
Ko‘rmasin bunday kunni.
Dehqon chekar g‘am-alam,
Bosh yerda, egik bo‘yni,
To‘pladi oshnolarin,
Xeshu aqrabolarin,
Dedi: «Ayting, ne qilay,
Boshimni qayga uray?»
Shunda dehqonga har kim
Maslahat bera boshlar,
Do‘sti Kirpich bosh qashlar:
«Aytmovdimmi sengakim —
Solma, deb elga rosa
Boyligingdan ovoza».
Klimich dedi: «Quda,
Omboringni sen juda —
Uyingdan uzoq qurma,
Keyin attang, deb yurma».
«Ombor-ku, mayli, go‘rga, —
Gap qotdi qo‘shni Foka,-
Senga soqchi it kerak,
Tug‘di mendagi ko‘ppak,
Bir kuchukni ola qol,
Qo‘shnim uchun bemalol,
Bir yaxshilik qilayin,
Daryoga tashlamayin».
Xullas kalom, do‘st-yordan
Chiqdi ming xil maslahat.
Ammo qaniydi yordam?
Yordam chiqmadi faqat.
Boshingga ish tushsa do‘stlarni sina,
Olasan ulardan maslahatgina.
Haqiqiy yordamdan agar so‘z ochsang,
Eng yaqin o‘rtog‘ing bo‘lar gung, garang.


                                                                                                             Krilov I.A



Krilov masallari, Masallar