Hans bir boynikida ancha vaqt xizmat qildi va xizmat haqi evaziga unga kattakon oltin yombi berishdi. U oltinni ko‘targancha uyiga qaytarkan, ko‘chada ot o‘ynatib ketayotgan bir chavandozni ko‘rib qoldi. Beixtiyor «Eh, otda yurish qanday ajoyib!» dedi va oti yo‘qligidan o‘kinib, xo‘rsindi. Buni chavandoz eshitib qoldi va:
— Kel, alishamiz. Sen menga oltinni berasan, evaziga otimni olasan, — dedi. Hans rozi bo‘ldi va sevinib otga mindi. Ot choptirib borayotib, yo‘l chetidagi chuqurga quladi. Shataloq otayotgan otni sigir yetaklab ketayotgan bir dehqon to‘xtatib qoldi. Hans ust-boshini qoqdi-da, sigirga qarab xo‘rsindi: «Sigiring bo‘lsa qanday yaxshi! U ham sekin yuradi, ham sut beradi».
Yigitchaning dilidagini anglagan dehqon sigirni otga almashtirishni taklif qildi. Hans quvonib rozi bo‘ldi. Sigirni yetaklagancha yo‘lga tushdi. Hans yo‘l yuraverib charchadi, qorni ochdi. Sigirni sog‘moqchi bo‘lgan edi, sigir sut bermadi. Ustiga ustak orqa oyog‘i bilan yigitchani chunonam tepdiki… O‘sha yerdan cho‘chqa yetaklab o‘tayotgan bir kishi buni ko‘rib, yigitchaga achingannamo tikildi-da:
— Men qassobman. Bu sigir juda qari, so‘yishdan boshqasiga yaramaydi, — dedi. Hans sigirni cho‘chqaga almashdi. Yo‘lda u kattakon g‘oz ko‘tarib olgan o‘zi tengi yigit bilan hamroh bo‘lib qoldi va unga boshidan o‘tkazganlarini gapirib berdi. Yigit dediki:
— Qo‘shni qishloqda cho‘chqa yo‘qolgan edi. Mirshablar o‘g‘rini qidirishyapti. Yaxshisi, bu cho‘chqani menga ber, men uni egasiga eltib berib, suyunchi olaman. Cho‘chqaning evaziga senga g‘ozimni beraman.
Qo‘rqib ketgan Hans darrov rozi bo‘la qoldi. G‘ozni ko‘targancha navbatdagi qishloqdan o‘tarkan, bir charxchini uchratib qoldi. Charxchi kattagina qayroq toshida odamlarning qaychi, pichoqlarini o‘tkirlab berib pul toparkan. Hansning unga havasi keldi. Charxchi Hansning boshidan kechirganlarini eshitgach, unga eski qayroq toshini g‘ozga almashtirishni taklif qildi.
— Agar sen ham men kabi charxchi bo‘lsang, hamyoningda hamisha pul bo‘ladi. — qo‘shib qo‘ydi u. Hans o‘zini omadli hisoblab, xursand bo‘lganicha yo‘lga tushdi. Lekin eski qayroq tosh nihoyatda og‘ir ekan. Hans ancha qiynaldi. Chanqab, quduq qidira boshladi. Nihoyat, bir quduq topdi-yu, qayroq toshni quduq chetiga qo‘yib, suv torta boshladi. Bexosdan qayroq toshni turtib yuborgan edi, tosh quduqqa tushib ketdi. Hans bir on qotib qoldi, lekin… bundan zarracha ham xafa bo‘lmayotganini angladi. Qaytaga zil-zambil yukdan xalos qilgani uchun Xudoga shukrlar qildi. Onasining huzuriga shoshildi. Endi qo‘lida hech bir yuki bo‘lmagani uchun ham qadamlari ravon edi, manzil tomon qushday uchib borardi.
— Men dunyodagi eng baxtli insonman! — qalbi quvonchlarga to‘lib qichqirdi Hans. — Sog‘-salomatman, hozir o‘z uyimga boraman, onamni ko‘raman. Axir baxtli bo‘lish uchun odamga ko‘p narsa kerak emas ekan-ku…
(Nemis xalq ertagi)
Nemis tilidan Homidjon RAHMONOV tarjimasi
Ertaklar, Jahon xalq ertaklari