Hammamiz bolaligimizdan turli-tuman ertaklar tinglab katta bo‘lganmiz. Ba’zilarimiz balog‘at yoshiga yetganda ham ertak kitoblar o‘qish, film-ertaklar, multfilmlar ko‘rish ishtiyoqini saqlab qolganmiz. Bu – ertaklarning sehrli olami g‘oyat maftunkor ekanidan, albatta.
Ertak – hikoya tarzidagi xalq og‘zaki ijodi asari bo‘lib, eng qadimiy, ommaviy va keng tarqalgan janr. Yurtimizning turli hududlarida ertak xalq orasida matal, ushuk, varsaqi, cho‘pchak, o‘tirik, tutal kabi nomlar bilan ham ataladi.
Ertaklar turmushdagi biror qiziq voqyeni yoki xayoliy va hayotiy uydirma asosiga qurilgan ibratli g‘oya asosida ajoyibu g‘aroyib tarzda, jozibali, ixcham va mukammal holda aks ettirishi bilan kishida zavq uyg‘otadi.
O‘zbek xalq ertaklarini shartli ravishda hayvonlar haqidagi ertaklar, sehrli ertaklar, hayotiy-maishiy ertaklar sifatida farqlash mumkin. «Bo‘ri bilan tulki», «Hiylagar bedana», «Chivinboy» kabi ertaklarning bosh qahramonlari hayvonlar, qushlar, hasharotlardir. «Yalmog‘iz», «Semurg‘», «Zumrad va Qimmat» ertaklari sirli va sehrli voqyealar asosiga qurilgan. «Uch og‘a-ini botirlar», «Malikai Husnobod», «Ayoz» kabi ertaklarda barkamol shaxslarning ibratli hayoti va sarguzashtlari haqida hikoya qilinadi. Shoir va yozuvchilar ham o‘z xalqining eng chiroyli, ta’sirchan ertaklari asosida adabiy ertaklar, dostonlar, qissa va xayoliy hikoyalar yaratadilar. Ertaklar asosida badiiy va multiplikatsion filmlar olinadi, sahna asarlari qo‘yiladi.
«Ertaklar – yaxshilikka yetaklar», deydi xalqimiz. Oilada ota-onalar tomonidan farzandlarga hayot haqida bilim berish, o‘git-nasihat qilish, nutq o‘stirish, mehru e’tiborini amalda ifodalash uchun ertaklar aytiladi. Bola ulg‘aya borgan sari ertaklarning hajmi kengayib, mazmuni va mundarijsi murakkablashib boradi. Ertaklar ta’sirida farzandlarda hayotga muhabbat, oilaga, ota-onaga mehr, do‘stu yorga sadoqat, kelajakka umid, yaxshilik va adolat tantanasiga ishonch hislari kamolga yetadi.
Ota-onasi, buvi va bobolaridan, donishmand keksalardan eshitgan, kitoblaridan o‘qigan ertaklarini eslab qolib, ularni qiziqarli va ta’sirchan qilib hikoya qilib beradigan odamni ertakchi deyish mumkin.
Ertakchilar har bir ertakni tinglovchining diaqqtini tortib, uni mahliyo qiladigan holda taqdim etish uchun maxsus kirish, boshlama va tugallamadan foydalanadilar. Kirish qism ertakchi mahoratini namoyish qiladi, boshlama va tugallama esa ertakning yaxlitligini ta’minlash bilan birga unga sirlilik va an’anaviylik baxsh etadi.
Ertakchi: «Ertagimning eri bor, yetti qavat yeri bor, yetti qavat yerida dumi kalta bo‘ri bor.», «Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da to‘q ekan. Qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan. G‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan. Toshbaqa torozigar ekan, qurbaqa undan bir tanga qarzdor ekan. Uzoq o‘tgan zamonlarda bir podsho bo‘lgan ekan…». Tugallanmada esa ko‘pincha: «Shunday qilib, hammalari murod-maqsadlariga yetishibdi» deyiladi.
Dunyo bolalari aka-uka Grimmlar, Gans Xrestian Andrsen, Sharl Pero kabi ertakchi yozuvchilarning ertaklarini eshitib katta bo‘lishgan. Hozirgi yoshlarimiz orasida ham «Etik kiygan mushuk», «Qor qrolichasi», «Qizil qalpoqcha» ertagini eshitmagan yoki o‘qimaganlarini topish qiyin.
Andrsen Oleo Lukoe ismli ertakchi bolalar yotog‘iga kirib, ularga uxlagunlarigacha ajoyib va g‘aroyib ertaklar aytib berishi haqida hikoya qilganda, hamma bolalar o‘zlarining ana shunday ertakchilari bo‘lishini orzu qilgan bo‘lsalar kerak. Bolalarning ana shu kabi orzulari ushalishi uchun ota-onalar rang-barang qiziqarli va ibratli ertaklarni bilishlari kerak bo‘ladi. Ularni ta’sirchan qilib aytib yoki o‘qib bera olishlar kerak. Farzandi uchun eng maqbul, sevimli ertakchi bo‘lish juda faxrlidir.
Munavvara Yokubbekova