Botir mergan va chaqimchi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, tog‘ oralig‘ida, qirq uyli ovulda Botir degan o‘tyurak mergan yigit o‘tgan ekan. Bir yili qish qattiq kelib, ovulning moli qirilibdi. Doni tugab, odamlari och qolibdi. Odamlarning og‘ir ahvolda qolganini ko‘rgan Botir mergan podshoning mollaridan keltirib, odamlarga so‘yib beraveribdi. Shu bilan xalq qishdan eson-omon chiqib olibdi,
Shu ovulda bir chaqimchi kishi bo‘lgan ekan. U podshoga borib, Botir merganni chaqibdi.
— Olampanoh, Botir degan yigit sizning mollaringizni o‘g’irlayapti, — debdi.
Podsho Botir merganni olib kelish uchun navkarlarni yuboribdi. Ammo navkarlarga Botir mergan rad javobini beribdi. Mergan navkarlarni jo‘natib, podshoning oldiga o‘zi boribdi. Podsho Botir merganni so‘ramay- netmay dorga osmoqchi bo‘libdi. Shunda mergan podshoga:
— Taqsiri olam, Sizga savollarim bor. Shularga javob bering, so‘ngra dorga ossangiz roziman, — debdi,
Podsho:
— Qanaqa savollar? — deb so‘rabdi.
Botir mergan podshoga:
— Taqsir, bola och qolsa, kimdan non so‘raydi? — debdi.
Podsho o‘ylab turib:
— Otasi bilan onasidan so‘raydi, — debdi.
— Bola kimga erkalik qiladi? — deb so‘rabdi yana mergan.
— Ota-onasiga, — deb javob beribdi podsho.
— Unday bo‘lsa, taqsir, men sizning molingizni yolg‘iz o‘zim o‘g‘irlab yeganim yo‘q. Qirq uyli ovulimni qishdan sog‘-salomat olib chiqdim. Ularni o‘limdan saqlab qoldim. Xalq qirilib ketsa, kimga podsholik qilardingiz? Farzand och qolsa-yu, otasidan non so‘rasa, gunohmi? Siz el-yurt otasisiz. Aytingchi, biz, fuqarolar, nonni sizdan boshqa kimdan so‘raylik?— debdi Botir mergan.
Bu gaplarni eshitib hayron bo‘lgan podsho:
— Chaqimehini chaqiring, — debdi.
Navkarlar chaqimchini olib kelibdilar. Podsho:
Botir merganni yomonlagan bu ehaqimehi bir kuni boshqa kishini ham yomonlaydi. Buni dorga osing, — deb buyuribdi. Podsho Botir merganga to‘n kiygizib, ovulga oqsoqol etib tayinlabdi. Botir mergan ovulda katta obro‘ topib, murod-maqsadiga yetibdi.



Ertaklar, O‘zbek xalq ertaklari