Baland daraxt shoxiga qo‘nib, qag‘-qag‘lab yotgan Tovuqning tovushi butun o‘rmonga taralib, ochlikdan sillasi qurigan Tulkining e’tiborini tortibdi. Tovuqning baland shoxda turganini ko‘rgan Tulki uni hiyla bilan pastga tushirib, yemoqchi bo‘libdi.
— Kechirasan, qadrdonim Tovuq, — deb gap boshlabdi u, — sen yirtqichlar bilan qushlar, umuman, o‘rmonimizdagi barcha jonzotlar o‘rtasida tuzilgan tinchlik bitimi haqida hali eshitmadingmi? Bundan keyin biz bir-birimizni ovlamaymiz, aldamaymiz va o‘g‘irlamaymiz, balki tinchlikda, hamjihatlikda yashaymiz. Pastga tush, bu haqda yaxshilab gaplashib olamiz.
Tulkining mug‘ombirligini yaxshi bilgan Tovuq hech narsa demay, xuddi bir narsaga tikilgandek yo‘lga qarab turaveribdi.
— Nimaga buncha tikilib qolding? — deb so‘rabdi Tulki.
— Men bir to‘da itlarni ko‘rayapman, — debdi Tovuq, — adashmasam, ular biz tomonga kelishayapti, janob Tulki.
— Shunaqami, unda men ketishim kerak, — debdi Tulki.
— Iltimos, janob Tulki, ketmay turing, — debdi Tovuq, — men endi tushmoqchi bo‘lib turuvdim. Keling, itlarni kutib turamiz, ular kelgandan so‘ng tinchlik bitimini birga muhokama qilamiz.
— Yo‘q, yo‘q, — debdi Tulki, — men ketishim kerak, itlar hali tinchlik bitimi haqida eshitmagan bo‘lishlari mumkin.
Qissadan hissa: To‘satdan taklif qilingan do‘stlikdan ehtiyot bo‘ling.
Ezop masallari