Bor ekan-da, yo‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda bir chol-u kampir bo‘lgan ekan. Ularning bitta qizil xo‘rozi, bitta oq kuchugi va yetti echkisi bor ekan. Ularga yaqin joyda bir bo‘ri ham yashar ekan. Bir kuni kechasi chol-u kampirning uyiga bo‘ri kelibdi va ostonadan turib, ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,
Oqqina kuchuk vov-vov etar,
Qizil xo‘roz quq-quq etar,
Etti echki ma-ma etar
Men nimani yey, Xudo?
Shunda kampir: — Toshni ye, tuproqni ye, zaharni ye, zaqqumni ye, bitta echkimni yeb ketaqol, debdi. Bo‘ri bitta echkini yeb, qornini to‘yg‘azib ketibdi. Oradan bir kun o‘tgach, yana u kampirnikiga kelibdi va ostonaga o‘tirib olib, ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,
Oppoq kuchuk vov-vov etar,
Qizil xo‘roz quq-quq etar,
Olti echki ma-ma etar
Men nimani yey, Xudo?
Shunda kampir: — Toshni ye, tuproqni ye, zaharni ye, zaqqumni ye, bitta echkini yeb ketaqol, debdi. Bo‘ri yana bitta echkini yeb ketibdi. Kampirni Beshta echkisi qolibdi. Oradan yana bir kun o‘tgach, yana bo‘ri ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,
Oppoq kuchuk vov-vov etar,
Qizil xo‘roz quq-quq etar,
Beshta echki ma-ma etar
Men nimaniyey, Xudo?
deb nola chekibdi. Kampirning g‘azabi kelib, qichqiribdi:
Zaharni ye, zaqqumni ye, toshni ye, tuproqni ye, yana bitta echkini yeya qol, — debdi. Bo‘ri yana bitta echkini yeb ketibdi. Xullas, bo‘ri hamma echkini yeb ketibdi va yana kelibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,
Oppoq kuchuk vov-vov etar,
Qizil xo‘roz quq-quq etar,
Men nimani yey, Xudo ?
Shunda kampir: — Zaharni ye, zaqqumni ye, toshni ye, tuproqni ye, kuchugimni yeb keta qol, debdi. Bo‘ri oq kuchukni yeb ketibdi va oradan bir kun o‘tgach, yana kelibdi va ostonada o‘tirib olib, ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,
Qizil xo‘roz quq-quq etar,
Men nimani yey, Xudo?
Shunda kampir: — Toshni ye, tuproqni ye, zaharni ye, zaqqumni ye, xo‘rozimni yeb keta qol, debdi. Bo‘ri qizil xo‘rozni yeb ketibdi. Oradan ikki kun o‘tgach, yana kelibdi, ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,
Men nimani yey, Xudo ? —debdi.
Kampir uni yana qarg‘ab-qarg‘ab: Cholimni yeb keta qol, debdi. Bo‘ri cholni yeb ketibdi. Endi uyda kampirning bir o‘zi qolibdi. U jonini qutqarish maqsadida bitta katta qozonni ayvonga to‘ntaribdi va o‘zi ichiga kirib yotibdi, bo‘rining kelishini kuta boshlabdi. Bir kun kutibdi, kelmabdi, ikki kun kutibdi, kelmabdi, kampir qozon tagidan chiqmay yotaveribdi. Nihoyat, uchinchi kun bo‘ri kelibdi, hammayoqni titkilab ko‘ribdi, kampir yo‘q emish. Bo‘ri to‘ntarilgan qozonni ko‘rib qolibdi va ustiga chiqib o‘tirib olib, ashula ayta boshlabdi. Bo‘rining ovozi shu qadar xunuk ekanki, uni eshitgan kampir beixtiyor qattiq kulib yubordi. Bo‘ri shu zahoti qozonni ag‘darib, tagidan kampirni tortib olib, yeb olibdi.