Qaysi qush baxtli?

Qadim o‘tgan zamonda, uzoq o‘lkalardagi qalin o‘rmon ichida bir qarg‘a yashagan ekan. U o‘z umridan juda mamnun, baxtli hayot kechirar ekan. Biroq bir kuni ko‘kda viqor bilan uchib ketayotgan oqqushni ko‘ribdi-yu, o‘ylab qolibdi: “U juda ham oppoq qush ekan. Shuning uchun juda chiroyli. Men esa qop-qoraman. Nazarimda, oqqush dunyodagi eng baxtli qush bo‘lsa kerak”.


U xayolan kashf qilgan baxt haqidagi xulosalarini oqqushga borib aytibdi. O‘zining baxtsizligidan nolibdi. Oqqush uzun bo‘ynini oldinga cho‘zib javob qilibdi:


– Umuman olganda, gaping to‘g‘ri. Ammo mendan ham baxtliroq qush bor, bu – to‘ti. U dunyodagi eng baxtli qush hisoblanadi.


Oqqushning tan olib gapirishidan to‘tining dunyodagi eng baxtli qush ekanligiga ishonchi ortgan qarg‘a yo‘lda to‘tini uchratibdi. Unga oqqushning ta’rifini aytibdi. To‘ti boshini sarak-sarak qilgancha so‘zga kiribdi:


– Do‘stim, oqqushning gapida jon bor. Sababi toki tovusni uchratmagunimcha men ham shunday iqrorda edim. Endi bilsam, dunyodagi eng baxtli qush tovus ekan. Mana, qara, menda faqatgina ikki xil rang bor. Mening go‘zalligim shu ikki tusli patlarimda. Ammo tovusda olamda bor jamiki rangni uchratasan. Shubhasiz, u dunyoning eng go‘zal, eng baxtli qushi.


Qarg‘a xulosalariga yakun yasash uchun tovusni qidirib ketibdi. Izlay-izlay uni hayvonot bog‘idagi qafas ichidan topibdi. Qarg‘a bir muddat tovusning chiroyiga mahliyo bo‘lib qolibdi. Uning eng baxtli qush ekanligiga shubhasi qolmabdi. Eng hayratlanarlisi, panjara ortidagi o‘nlab, yuzlab odamlar uni tomosha qilish uchun bo‘y cho‘zishar, hayratlarini bir-birlariga to‘lqinlanib gapirishar edi. Qarg‘a atrofga tun pardasi yoyilib, odamlar tarqalguncha kutib turdi. So‘ng sekin tovusga yaqinlashdi. Unga bu yerga kelishdan maqsadini tushuntiribdi. Kamalakdek serjilo patlarini yig‘ib olgan tovus sekin gap boshlabdi:


– Eh, Qarg‘avoy! Nahotki, o‘zingni baxtsiz hisoblasang. Axir sen ozod qushsan. Xohlagan yeringga ucha olasan, xohlagan qushlar bilan gaplasha olasan. Xullas, o‘z erking o‘z qo‘lingda. Men-chi? Men mana shu panjaralar ortida odamlarga bir muddatlik quvonch ulashish uchun o‘zimni ne ko‘ylarga solishga majburman. Shuni unutma, do‘stim Qarg‘avoy, tutqun jon o‘zini hech qachon baxtli his etolmaydi.


Tovusning yonidan uzoqlashayotgan qarg‘a qanotlarini qattiq-qattiq silkitarkan “qaysi qush baxtli” degan savoliga to‘la-to‘kis javob topibdi va eng katta baxt ozodlik ekanligiga to‘la iqror bo‘ldi.


Ingliz tilidan Madina TO‘XTAMURODOVA tarjimasi