Ming aql oʻrgatmang odam baribir oʻzi xohlagan, oʻzi yoqtirgan odatga amal qilaveradi. Bu narsa choy ichishda ham yaqqol seziladi. Masalan, ayrim odamlar faqat qora choy ichadi, koʻk choy ichsa nimadir yetishmagandek tuyulaveradi. Xuddi tuzsiz ovqat yeganday koʻngli toʻlmaydi. Fargʻonada koʻproq koʻk choyni, Toshkentda esa qora choyni xush koʻrishadi. Bu, balki muhit yoki iqlim bilan bogʻliqdir. Lekin bir oilaning oʻzida ham turli xil choy ichadiganlar topiladi. Xoʻsh, aslida, qanday choy ichgan maʼqul? Bu borada ham hammaning fikri har xil.
Tabib tabib emas, boshidan oʻtgan tabib deydilar. Choyxoʻrlik boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadigan xitoylar bu borada maʼlum anʼanalarga amal qiladilar. Har holda tajribaliroq hisoblangan xitoylarning odatlari bilan tanishib qoʻyish zarar qilmasa kerak.
Chin aholisi bahorda gullardan tayyorlangan choy, yoz payti koʻk choy, kuzda barra koʻk choy, qishda esa qora choy isteʼmol qiladi.
Bahor payti tabiat yangilanadi, biroq bu davrda odamlar oʻzini lanj sezadi, toliqadi, mudraydi. Guldan tayyorlangan choy esa uyquni ochishga yordam beradi. Choyning bunday turi tetiklashtiruvchi, darmon beruvchi quvvatga ega. Xitoyda eng keng tarqalgan, koʻpchilikka maʼqul kelgan gulchoy – jasmin (yosuman) gulidan tayyorlanadigan choy hisoblanadi.
Yozning olovli kunlarida koʻk choy ichgan yaxshiroq. Chunki u qadoqlash jarayonida achitilmaydi. Choyni yaxna holda, agar issiq boʻlsa bir-ikkita muz boʻlagi solib isteʼmol qilish mumkin.
Kuz payti Xitoyda “Ulun” degan choy juda xaridorgir boʻladi. Uni qora choy bilan koʻk choyning oʻrtasida turadi deb taʼriflash mumkin. Ishlab chiqarish paytida yarim achitiladi. Damlanganda toʻq jigarrang choy hosil boʻladi. Shamasiga eʼtibor bersangiz yaproqchalarning cheti qizgʻish rangga kirib qolganini koʻrasiz.
Chinlik tabiblar xulosasiga koʻra, qishda qora choy ichish kerak. Chunki aynan qora choy isituvchi va tanada haroratni saqlovchi xususiyatga ega.
Xullas, xitoylar yilning har bir faslida oʻziga xos choy isteʼmol qiladi. Siz qaysi payt qanaqa choy ichasiz? Yuqoridagi maʼlumotlarni maslahat oʻrnida emas, maʼlumot deb qabul qiling. Chunki har bir odam oʻz organizmiga foydali va mos boʻlgan choyni ichgani maʼqul.