Kundalik teri parvarishida xatoga yo‘l qo‘yiladigan 10 holat
Har bir nozik hilqat vakili borki, u o‘ziga oro berishni xush ko‘radi. Asalning ham ozi shirin deganlaridek, ba’zidan qizlar pardoz vaqtida haddan ortiq ortiqchalikka yo‘l qo‘yishadi. Did bilan, to‘g‘ri tanlab qilingan pardoz sizni o‘ta nazokatli qilib ko‘rsatadi. Yanada yosh ko‘rinishga nima yetsin, shunday emasmi?! Unda bu boradagi tavsiyalar bilan tanishing.
Kundalik teri parvarishida yuz terisi bilan bir qatorda bo‘yin terisiga ham alohida ahamiyat qarating. Aynan tananing ushbu qismi teridagi qarish jarayonini yaqqol namoyon qiladi. Bo‘yin terisini doimiy ravishda parvarishlash natijasida 40 yoshingizda ham xuddi 30 yoshli sohibjamolga o‘xshaysiz!
Pardoz uchun ishlatiladigan cho‘tkalarni tez-tez, iloji boricha haftada 2 marta tozalab turing. Chunki, ular o‘ziga zararli bakteriyalarni yig‘adi va foydalanish jarayonida terida qizarishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Ko‘pchilik qizlar yuz terisini tozalash uchun skrabdan tez-tez foydalanib turishadi. Ammo bu vositadan muntazam ravishda foydalanish noto‘g‘ri. Sababi teridagi o‘lik hujayralarni tozalash bilan bir qatorda, uning himoya qatlami ham yuvib tashlanadi. Unutmang, yuz terisini tozalashda ehtiyotkorlik zarur.
To‘g‘ri ovqatlanish go‘zal ko‘rinishning kafolati sanaladi. O‘simliklardan tayyorlangan oqsilga boy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish, teri bilan bog‘lik muammolarni yuzaga kelishini oldini oladi.
Doimiy ravishda tepadan yig‘ilgan soch uning tuzilishiga salbiy ta’sir etadi. Bu kabi turmakni haftada faqat bir marotaba qilishni tavsiya qilamiz.
Turli kosmetik vositalarni aralashtirib foydalanish natijasida teriga zarar yetishi hech gap emas. Shu sabab aksariyat kosmetologlar iloji boricha bir xil brenddagi vositalardan foydalanishni maslahat berishadi.
Har qanday turdagi qilingan kunduzgi pardozni kechki payt, uyqudan oldin, albatta, yuvib tashlash darkor. Teri yana o‘z holatiga qaytishi uchun bu muhim sanaladi. Terining qarish jarayonini oldini olish uchun quyoshdan himoyalovchi kremlardan foydalanishni unutmang.
Issiq suvda cho‘milishni xush ko‘ruvchilar diqqatiga: issiq suv teri tarangligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sabab haftada faqat bir marotaba issiq vanna qabul qiling.
Qizlar tez-tez sochlarini fen yordamida quritib turishadi. Quritish jarayonida issiq emas balki iliq havodan foydalaning.
Unutmang, xunuk ayolning o‘zi yo‘q, o‘ziga qaramagan ayollar bor, xolos! Doimo go‘zal va betakror bo‘ling!