O‘lkamizda jazirama yozning ikkinchi oyi ham yarimlab qoldi. Bunday paytda inson salqin joyda hordiq chiqarishni istaydi. Ayniqsa, dengiz bo‘yi yoxud salqin tog‘ yon bag‘rida dam olishga nima yetsin? Ammo bunga doim ham imkon topilavermaydi.
Yoz kunlari tabiiy matodan tikilgan kiyimlarni tanlaganingiz maqsadga muvofiq. Chunki ular terini nafas olishiga imkon yaratadi hamda tana haroratining ko‘tarilib ketishiga to‘sqinlik qiladi. Qolaversa, jazirama kunda bosh kiyim kiyib yurish yodingizdan ko‘tarilmasin.
Quyosh nuri 12.00 dan 16.00 gacha juda ham faol holatda bo‘ladi. Shuning uchun bu vaqt oralig‘ida ko‘chaga chiqishni rejalashtirmaganingiz ma’qul.
Ammo vaziyat shu vaqt oralig‘ida tashqariga chiqishga majbur etsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan asrashga harakat qiling.
Yoz kuni qahvadan voz kechganingiz ma’qul. Chunki bu mahsulot jaziramada charchoqni kuchaytiradi. Shirin va gazlangan ichimliklar ham bundan mustasno emas.
Issiq kunda sizga muzdek ichimliklarni ichishni ham tavsiya etmaymiz. Chunki ular tufayli tomoq og‘rig‘ini ortirib olishingiz mumkin. Yana shuni ham aytib o‘tishimiz kerakki, yaxna ichimliklar ichki a’zolarni sovutib, tana sirtida qon aylanishini tezlashtiradi va buning oqibatida harorat ko‘tariladi.
Issiq havoda alkogol ichimliklardan nafsingizni tiyganingiz ma’qul. Bu ichimliklar organizmning suvsizlanishiga olib keladi. Bodring, tarvuz, qovun va sarxil mevalar organizmni sovutish xususiyatiga ega.
Ventilyatorning samarasini yanada oshirish uchun uning qarshisiga muz solingan tog‘ora yoki ichida muzlatilgan suv bo‘lgan plastik butilkalarni qo‘yib qo‘yish mumkin. Zamonaviy ventilyatorlar orasida butunlay shovqinsiz va bolalar uchun xavfsiz bo‘lganlari ko‘p. Ba’zi modellarda hattoki, taymer ham bo‘lib, ularning avtomatik ravishda ishlash vaqtini belgilab qo‘yish mumkin.
Konditsioner xarid qilishda ularning texnik xususiyatlari bilan yaxshilab tanishib chiqing va turli xil takliflar qarshisida o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymang.
Shuningdek, xona haroratni tushirish uchun derazalarga ho‘l choyshab osish, mebellarga nam sochiqlar ilish mumkin. Biroq, bunda me’yordan oshib ketmang: qorong‘ilik va yuqori namlik uyda yangi mikroorganizmlar, jumladan, mog‘or zamburug‘ini yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Derazalarga qalin oq (zig‘ir tolasidan qilingan mato) yokibo‘zdan tikilgan parda osgan ma’qul: oq rang quyosh nurini qaytaradi.
X. HUSENOVA
soglom.uz/tavsiya/jaziramadan-saqlanish-sirlari/