AQShning Janubiy Kaliforniya universiteti olimlari agar o‘smir bola kun davomida kamida bir shisha gazlangan shirin ichimlik iste’mol qilsa, u xotira zaiflashishi va o‘qishga hafsalasizlik kabi muammolarga duch kelishi mumkin, deya ta’kidlashmoqda.
Inson organizmiga shirin ichimliklar bilan kelib tushadigan qandli uglevodlar metabolik buzilishlarga sabab bo‘lishi avvaldan ma’lum edi. Navbatdagi tadqiqotlar davomida olimlar shirin ichimliklar miya faoliyatiga ham salbiy ta’sir etishini aniqlashdi. Uning natijasida miya eslab qolish va normal faoliyat yuritish qobiliyatini yo‘qota boradi. Bu ko‘proq o‘smirlik davrida gazlangan shirin ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish oqibatida yuz beradi.
Mutaxassislarning fikricha, 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun gazlangan ichimlikning xavfsiz miqdori yo‘q. Ularning kundalik ovqatlanish tartibida eng katta shakar manbai aynan shirin ichimliklar hisoblanadi. Shu sababdan bolalarga gazlangan ichimliklardan uzoqroq bo‘lishlari tavsiya etiladi.