Vitaminlar yetishmasa

Organizm meʼyoriy rivojlanishi uchun vitaminlarning ahamiyati katta. Har bir kishi vitamin tanqisligining oqibatlari va zarur vitaminlardan bilib foydalanish xususida yetarlicha maʼlumotga ega boʼlishi lozim.


Vitamin А (retinol) koʼrish pigmentlari hosil boʼlishida qatnashib, koʼzning turli darajadagi yorugʼlik nuriga moslashishini taʼminlaydi.

Bordiyu, organizmda retinol yetishmasa, dastlab qorongʼulikka moslashish buziladi, shabkoʼrlik va yorugʼga qaray olmaslik yuzaga keladi. Teri quruqshab oqaradi, qipiqlanadi, terining yiringli kasalliklari rivojlanadi, soch ham quruqlashib toʼkila boshlaydi.


Vitamin А oʼsimliklarning yashil barglarida, ayniqsa, ismaloq, petrushka, shivit, shovul, oʼrik, sabzi va baliq moyida koʼp boʼladi.

Vitamin V3 (nikotin kislota) hujayralarga hayot berib, ularning nafas olishini taʼminlaydi, oqsillar almashinuvida qatnashadi, organizmda oʼsimlik oqsillarining hazm boʼlishini tezlashtiradi, meʼda osti bezi ishlab chiqaradigan shira tarkibini yaxshilaydi, jigar ishini meʼyorga solib turadi.

Nikotin kislota yetishmasa, odamda pellagra (chillashir) degan kasallik paydo boʼladi. Bunda ich ketadi, til qizarib yaltiraydi, oyoq-qoʼl panjalariga qizil dogʼlar toshadi. Tinka qurishi, bosh ogʼrishi, loqaydlik, zehnning pasayishi, asabning qoʼzgʼaluvchanligi yuz beradi, hatto bemorning kayfiyati tez-tez buzilib, yaxshi uxlolmaydi.

Nikotin kislota mol jigari va buyragida, sabzavot va mevalarda, grechixa yormasida, tovuq va buzoq goʼshtlarida anchagina miqdorda mavjud.

Vitamin K (filloxinon) yetishmaganda teri ostida, mushak toʼqimasida va shilliq pardalarda qon quyilishi kuzatiladi. Odatda bir kecha-kunduzda kishida 100 milligramm vitamin K zarur boʼladi. Bu vitaminni yoʼgʼon ichakning yuqori qismidagi mikroorganizmlar sintezlaydi.

Vitamin D (kalьtsiferol) moddalar almashinuviga, suyak hosil boʼlishiga taʼsir koʼrsatadi. U skeletning jadal oʼsishi uchun zarur. Аgar bu vitamin tanqis boʼlsa, bolalarda raxit kasalligi rivojlanadi, behol boʼlib, koʼp terlaydi, tez-tez shamollaydi, tish chiqishi kechikadi.

Kattalarda vitamin D tanqisligida lanjlik, tez charchash, chanoq suyaklari sohasida va mushaklarda ogʼriq turishi kuzatiladi. Hatto suyaklarning yumshab qolishi roʼy berib, bu ogʼir oqibatlarga olib keladi. Bu vitamin yetishmaganda ichaklarda kalьtsiyning soʼrilish jarayoni ham buziladi.

Vitamin V6 (piridoksin) nerv tizimi faoliyatini tartibga soladi, kamqonlikning oldini oladi.

Piridoksin tanqisligi, ayniqsa, homilador ayollar uchun juda xavfli. Chunki bunday vaziyatda ularda toksikoz barvaqt boshlanadi va kuchayib boradi.

Piridoksin noʼxat, kartoshka, lavlagi, mol va tovuq goʼshtida kam miqdorda uchraydi. Аslida bu vitamin ichak bakteriyalari taʼsirida yuzaga keladi. Аgar biror kasallik tufayli antibiotiklar qabul qilinsa, ichak mikroorganizmlari shikastlanib, piridoksin yanada kamayadi. Shuning uchun antibiotiklarni ichgandan soʼng, vrach ruxsatiga koʼra, vitamin V6 qabul qilinsa, maqsadga muvofiq boʼladi.

Fazilat SАЪDULLАEVА, mutaxassis.