Qazgʼoq dastidan dod!
Soch parvarishi alohida eʼtibor talab qilishini yaxshi bilasiz. Sochlar qalin va jilokor boʼlishi uchun maʼlum retseptlarga ham egasiz. Biroq, soch parvarishida shunday bir muammo borki, u koʼpchilikni oʼylantirayotgani aniq. Bu — qazgʼoqlardir. Savdo markazlarida «qazgʼoqqa qarshi» deya yorliq yopishtirilgan shampunlarni xarid qilasiz-u, foydalanib koʼrgach, hafsalangiz pir boʼladi…
Qazgʼoq oʼzi nima va qanday paydo boʼladi?
Qazgʼoq, bu bosh terisining uzoq vaqt davomida qurishi va qipiqchalar koʼrinishida koʼchib tushishi bilan xarakterlanuvchi sindromdir. Organizmda yogʼ almashinuvi faoliyati buzilishi (teridagi yogʼ miqdori, holati organizmning umumiy ahvoli, endokrin, asab, meʼda-hazm qilish tizimi, jins va yosh, shuningdek, insonning qanday kasalliklar bilan ogʼriganiga bogʼliq), dermatozlar, stress, rux yetishmovchiligi, sochga mos boʼlmagan shampundan foydalanish, sochni qaynoq suvda yuvish va gormonal oʼzgarishlar — qazgʼoq keltirib chiqaradi.
Uni qanday qilib yoʼqotish mumkin?
Sochda qazgʼoq koʼpayishi sizni tashvishga solayotgan boʼlsa, quyidagi retseptlar yordamida buning oldini olish mumkin:
Qichitqi oʼt (gazanda). Yangi uzilgan yoki quruq gazanda barglarini ezgʼilab, 1 stakan qaynoq suvga solib, bir kunga damlab qoʼying va ertasi kuni suyuqlikni dokadan suzib oling, suzib oling. Damlamani 2 oy davomida haftada 2 marta bosh terisiga surish lozim.
Аsal. Bir choy qoshiqdan asal, smetana, kanakunjut moyi va ikki boʼlak ezilgan sarimsoqpiyozni aralashtiring. Bu vosita sochlaringizdagi qazgʼoqlarni kamaytirishda samarali yordam beradi. Mazkur niqobdan haftada bir marta foydalanishingiz mumkin.
Limon sharbati. Yarimta limonni siqib, sharbatini ajratib oling. Kanakunjut, zaytun va kungaboqar yoQidan bir choy qoshiqdan olib, limon sharbatiga aralashtiring. Ushbu aralashmani soch yuvishdan yarim soat oldin sochlaringizga suring.
Limon poʼstlogʼi. 6 dona limon mevasi poʼstlogʼini ajratib olib, 1 litr suvga soling. Аralashmani 15 daqiqa qaynatish lozim, olovni oʼchirib, damlamani sovuting, dokada suvni suzib oling. Ushbu damlamada sochlaringizni haftada bir marta yuvishingiz mumkin.
Yogʼli qazgʼoq boʼlsa yoki soch toʼkilsa, bosh terisiga haftada 2-3 marta kalendulaning spirtli damlamasi surish mumkin. Sochlar sochiq bilan oʼralib, 30 daqiqadan soʼng iliq suvda yuviladi.
Zaytun yogʼi. Toʼrt osh qoshiq zaytun yogʼini qizdirib, unga yarimta limondan olingan sharbatni aralashtiring. Iliq massani bosh terisiga suring. Bir soatdan soʼng sochlaringizni odatiy haroratdagi suvda yuvib olishingiz mumkin.
Аgar foyda bermasa…
Аgarda, yuqoridagi retseptlar, damlamalar, niqoblar qazgʼoqlarni yoʼqotishga yordam bermasa, foydalanayotgan shampuningizni almashtiring. Ular, ehtimol sochlaringiz, bosh teringizni keragidan ortiqcha quritib yoki namlantirib yuborayotgandir.
Doimo katta-katta shakldagi qazgʼoqlar sizni bezovta qilsa, dermatologga murojaat qilib koʼring: qazgʼoqlarni teri zamburugʼ kasalliklari chaqirgan boʼlishi ham mumkin.
Qazgʼoqdan umrbod qutulishning iloji yoʼq, teri maʼlum fursat ichida yangilanib turishi odatiy hayotiy jarayondir. Biroq ularni yuqoridagi retseptlar yoki mutaxassis maslahati va koʼmagi bilan kamaytirish mumkin.