Erga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi (erni olib qo‘yish)






Butun er uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek er uchastkasini ijaraga olish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:

1) er uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;



2) er uchastkasi berilgan muddat tugaganda, bundan er uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish hollari mustasno;



3) yuridik shaxs tugatilganda;



5) xizmatda foydalanish uchun chek er berib qo‘yishga asos bo‘lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo‘lganda, agar qonunchilikda boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa;



6) er uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida;



7) er uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan erlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda;



8) er uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;



9) qonunchilikda belgilangan muddatlarda er solig‘i, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam to‘lanmay kelinganda;



10) qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan er uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan er uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida;



12) fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari tuman kengashlari rayosatining qaroriga muvofiq fermer yoki dehqon xo‘jaligining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashiga a’zoligi tugatilganda;



13) er uchastkasi nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yilganda.




Qonunchilikda er uchastkalariga egalik qilish huquqi, er uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi va er uchastkalarini ijaraga olish huquqini bekor qilishning boshqa hollari ham nazarda tutilishi mumkin.




Er uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi belgilangan tartibda quyidagi hollarda bekor qilinadi

1) er uchastkasiga, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi ular joylashgan er uchastkalari bilan birga fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda boshqa shaxsga o‘tkazilganda;



2) jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulk ular joylashgan er uchastkalari bilan birga qayta sotib olinganda;



3) qonunda belgilangan hollarda er uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulk ular joylashgan er uchastkalari bilan birga musodara etilganda;



4) qonunda belgilangan hollarda er uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulk ular joylashgan er uchastkalari bilan birga rekvizitsiya qilinganda;



5) ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv er uchastkasiga qaratilganda.





Er uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish

Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishincha meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan er uchastkalarini yoki ularning qismlarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.