Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi





Nizom bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibi belgilandi.




Nizomga ko‘ra, davlat hisobidan ko‘rsatiladigan yuridik yordam — Qonunda belgilangan tartib-taomillar va shartlarga muvofiq davlat hisobidan to‘liq yoki qisman ko‘rsatiladigan, jismoniy shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan malakali yuridik yordam hisoblanadi.



Quyidagi jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi:


kam ta’minlangan shaxslar (fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar, ma’muriy ishlar bo‘yicha ariza beruvchilar, ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar hamda jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek, mahkumlar bo‘lsa);
ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda;
o‘z huquqlari buzilgan, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar;
jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi.

Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ushbu shaxslar tomonidan ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilgan hollarda ko‘rsatiladi.




Davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun jismoniy shaxslar eksterritoriallik printsipi asosida adliya bo‘limiga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi:


elektron shakldagi murojaatlar Yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) ro‘yxatdan o‘tgan holda, “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali yuboriladi.
og‘zaki va yozma murojaatlar tegishli adliya bo‘limi tomonidan murojaat kelib tushgan kunning keyingi ish kunidan kechiktirmay tizimga kiritiladi.

Advokatga belgilangan miqdorlarda haq to‘lanishi bilan birga xizmat safari va transport xarajatlari advokat shartnoma tuzgan joydan 50 km masofadan uzoq bo‘lgan hududda yuridik yordam ko‘rsatilgan hollarda qoplanadi.