Bolaning oilada yashash va tarbiyalanish huquqi
Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ota-onasining g‘amxo‘rligidan foydalanish va ota-onasi bilan birga yashash huquqiga ega (bola manfaatiga zid bo‘lmagan hollarda).
Bola o‘z ota-onasi tomonidan tarbiyalanishi, o‘z manfaatlari ta’minlanishi, har taraflama kamol topishi, insoniy qadr-qimmatlari hurmat qilinishi huquqiga ega.
Bolaning ota-onasi bo‘lmaganda yoki bola ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan boshqa hollarda, uning oilada tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan ta’minlanadi.
Bolaning ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqi
Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ega.
Ota-ona nikohdan ajralganda yoki ota-ona alohida yashagan holda bola ularning har biri bilan ko‘rishish huquqiga ega.
Favqulodda vaziyatlarga tushib qolgan bola (ushlab turish, qamoqqa olish, davolash muassasasida bo‘lish va boshqa hollarda) o‘z ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qonunda belgilangan tartibda ko‘rishish huquqiga ega.
Bolaning himoyaga bo‘lgan huquqi
Bola o‘z huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega.
Bolaning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar), vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.
Voyaga etmagan bola qonunga muvofiq to‘la muomala layoqatiga ega deb e’tirof etilsa (emansipatsiya), u o‘z huquq va majburiyatlarini, shu jumladan himoya huquqini mustaqil amalga oshirishga haqlidir.
Bola ota-ona va ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiiste’molliklardan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda ularning himoya qilinishini so‘rab vasiylik va homiylik organiga, 14 yoshga to‘lgandan keyin esa, mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Bolaning ism, ota ismi va familiya olish huquqi
Bolaga ism ota-onaning kelishuviga asosida, ota ismi otasining ismiga ko‘ra beriladi.
Bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota-ona turli familiyalarda bo‘lganda ota-onaning kelishuviga binoan bolaga otasining yoki onasining familiyasi beriladi. Ota-onaning xohishiga ko‘ra, bolaga ota yoki ona tomonidan milliy an’analarga ko‘ra boboning ismi bo‘yicha familiya berilishi mumkin.
Ota-ona o‘rtasida bolaning ismi va (yoki) familiyasi bo‘yicha kelishuv bo‘lmaganda, kelib chiqqan nizo vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
16 yoshdan oshgan tibbiy muassasadan tashqarida va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolaga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnoma rasmiylashtirilmagan shaxslarning tug‘ilganligini qayd etish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshiriladi.
Agar bola 16 va undan katta yoshda bo‘lsa va unga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan rasmiylashtirilgan tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma mavjud bo‘lsa, uning tug‘ilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga etgan bolaning arizasiga ko‘ra qayd etiladi.
Bola 16 yoshga to‘lguncha ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan, 16 yoshga to‘lgach o‘z arizasiga binoan ismini, unga berilgan familiyani FHDYo organi orqali o‘zgartirishga haqli.
Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga o‘z familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin bo‘lmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek ota yoki ona bolaga ta’minot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga ko‘ra bo‘yin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas.
Agar bola o‘zaro nikohda bo‘lmagan shaxslardan tug‘ilgan va unga nisbatan otalik belgilanmagan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini e’tiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruxsat berishga haqli.
10 yoshga to‘lgan bolaning ismi yoki familiyasini o‘zgartirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish tartibi bilan batafsil tanishing.
Ko‘ngilochar-interaktiv o‘yinlar, mantiqiy topshiriqlar, testlar bolalar huquqiy bilimlarining oshishiga imkon beradigan ko‘ngilochar-interaktiv portal bolahuquqlari.uz.
Huquqlar buzilganda
sud organlariga;
prokuratura organlariga;
ichki ishlar organlariga murojaat qilish mumkin.