Vasiylar va homiylarning huquq va majburiyatlari





Vasiyning huquqlari

Vasiylar o‘z vasiyligidagi shaxslarning qonuniy vakili bo‘lib, ularning nomidan yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab barcha zarur bitimlarni tuzadi.



Vasiylar:


o‘z vasiyligidagi shaxsni tarbiyalash usullarini mustaqil belgilashga;
o‘z vasiyligidagi shaxsni qonuniy asoslarsiz o‘zida ushlab turgan har qanday shaxsdan, qaytarib berishni sud tartibida talab qilishga;
o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning ta’minoti, unga tarbiya, ta’lim berish va uning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha huquqiy, uslubiy, diagnostika va maslahat yordami olishga;
o‘z vasiyligidagi shaxs mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli bo‘lmagan bitimlarni amalga oshirishga;
zarur ijtimoiy yordam olish uchun vasiylik organlariga, tashkilotlarga murojaat qilishga;
o‘z vasiyligidagi shaxsning davolanishi va sog‘lig‘ini tiklashi maqsadida davolash, sanatoriy-kurort muassasalariga yo‘llanmalar olish uchun sog‘liqni saqlash muassasalariga murojaat qilishga haqli.

Vasiy o‘z vasiyligidagi shaxsning ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan muloqotda bo‘lishiga to‘sqinlik qilishga haqli emas, bunday muloqot vasiylikdagi shaxsning qonuniy manfaatlariga mos kelmaydigan hollar bundan mustasno.



Vasiy, uning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylikdagi shaxs bilan bitimlar tuzishga, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiyning eri (xotini), uning yaqin qarindoshlari o‘rtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylikdagi shaxsning vakili bo‘lishga haqli emas.





Vasiyning majburiyatlari

Vasiylar:


o‘zining yashash joyi o‘zgarganligi haqida vasiylik va homiylik organini xabardor qilishi;
o‘z vasiyligidagi shaxsni tarbiyalashi, uning ta’minoti, sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishi, shuningdek uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
o‘z vasiyligidagi shaxsning maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim olishi uchun sharoitlarni ta’minlashi;
alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ijtimoiy to‘lovlar to‘lashni talab qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rishi;
o‘z vasiyligidagi shaxsning o‘zlariga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yo‘l qo‘ymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tug‘dirmasligi;
vasiylikdagi shaxslarning mulkiy huquqlariga daxl qiladigan harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatlarini olishi;
o‘z vasiyligidagi shaxsning mol-mulkini boshqarishdan tushgan daromadlardan va boshqa mavjud mablag‘laridan uning ta’minoti uchun foydalanishi;
o‘z vasiyligidagi shaxsning parvarish qilinishini, tibbiy kuzatuvini va davolash-profilaktika muassasalarida davolanishini ta’minlashi;
vasiylik va homiylik organlariga o‘z majburiyatlarining bajarilishi haqida hisobotlar taqdim etishi;
o‘z vasiyligidagi shaxs statsionarda davolanish uchun joylashtirilganligi haqida vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilishi;
agar fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topishga yoki muomala layoqati cheklanganligiga doir asoslar bekor bo‘lgan bo‘lsa, o‘z vasiyligidagi shaxsni muomalaga layoqatli deb topish to‘g‘risida sudga ariza bilan murojaat qilishi;
o‘z vasiyligidagi voyaga etmagan shaxs bilan birga yashashi shart.



Homiylarning huquqlari

Homiylar o‘z homiyligidagi shaxslarning qonuniy vakili bo‘lib, homiyligidagi shaxslarga o‘z huquqlarini amalga oshirishida va majburiyatlarini bajarishida ko‘maklashadi, shuningdek ularni uchinchi shaxslar tomonidan bo‘ladigan suiiste’molliklardan muhofaza qiladi.



Homiylar:


o‘z homiyligidagi shaxsni tarbiyalash usullarini mustaqil belgilashga;
o‘z homiyligidagi shaxsni qonuniy asoslarsiz o‘zida ushlab turgan har qanday shaxsdan, qaytarib berishni sud tartibida talab qilishga;
o‘z homiyligidagi shaxsning ta’minoti, unga tarbiya, ta’lim berish va uning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha huquqiy, uslubiy, diagnostika va maslahat yordami olishga;
o‘z homiyligidagi shaxs mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli bo‘lmagan bitimlarni amalga oshirishga;
zarur ijtimoiy yordam olish uchun homiylik organlariga, tashkilotlarga murojaat qilishga;
o‘z homiyligidagi shaxsning davolanishi va sog‘lig‘ini tiklashi maqsadida davolash, sanatoriy-kurort muassasalariga yo‘llanmalar olish uchun sog‘liqni saqlash muassasalariga murojaat qilishga haqli.

Homiy o‘z homiyligidagi shaxsning ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan muloqotda bo‘lishiga to‘sqinlik qilishga haqli emas, bunday muloqot vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning qonuniy manfaatlariga mos kelmaydigan hollar bundan mustasno.



Homiy, uning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari homiylikdagi shaxs bilan bitimlar tuzishga, shuningdek homiylikdagi shaxs bilan vasiyning yoki homiyning eri (xotini), uning yaqin qarindoshlari o‘rtasidagi sud ishlarini yuritishda homiylikdagi shaxsning vakili bo‘lishga haqli emas.





Homiyning majburiyatlari

Homiylar:


o‘zining yashash joyi o‘zgarganligi haqida vasiylik va homiylik organini xabardor qilishi;
o‘z homiyligidagi shaxsni tarbiyalashi, uning ta’minoti, sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishi, shuningdek uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ijtimoiy to‘lovlar to‘lashni talab qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rishi;
o‘z homiyligidagi shaxsning o‘zlariga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yo‘l qo‘ymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tug‘dirmasligi;
homiylikdagi shaxslarning mulkiy huquqlariga daxl qiladigan harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatlarini olishi;
o‘z homiyligidagi shaxsning mol-mulkini boshqarishdan tushgan daromadlardan va boshqa mavjud mablag‘laridan uning ta’minoti uchun foydalanishi;
o‘z homiyligidagi shaxsning parvarish qilinishini, tibbiy kuzatuvini va davolash-profilaktika muassasalarida davolanishini ta’minlashi;
vasiylik va homiylik organlariga o‘z majburiyatlarining bajarilishi haqida hisobotlar taqdim etishi;
o‘z homiyligidagi shaxs statsionarda davolanish uchun joylashtirilganligi haqida vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilishi;
agar fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topishga yoki muomala layoqati cheklanganligiga doir asoslar bekor bo‘lgan bo‘lsa, o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni muomalaga layoqatli deb topish to‘g‘risida sudga ariza bilan murojaat qilishi;
o‘z homiyligidagi voyaga etmagan shaxs bilan birga yashashi shart.

Prokuratura organlariga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting.