Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning ota-onasiga ta’minot berish majburiyati:
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shart.
Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramog‘ida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona haqida g‘amxo‘rlik qilish va ularga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi.
Ota-ona, aliment undirish haqidagi talabni o‘z bolalarining biriga yoki bir nechtasiga nisbatan qo‘yganligidan qat’i nazar, aliment miqdorini belgilashda sud voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning barchasini hisobga olishi lozim.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan aliment undirish nizosi uzil-kesil hal bo‘lgunga qadar sudya shu nizo bo‘yicha vaqtincha to‘lab turilishi lozim bo‘lgan summani ko‘rsatib, ajrim chiqarishi mumkin.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan aliment miqdori qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.