Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs chet davlatga ketayotganida aliment to‘lanishi





Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o‘zi ta’minot berishi lozim bo‘lgan aliment oluvchilar bilan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishi shart.



Aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi va alimentni bir yo‘la to‘lash to‘g‘risida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda to‘lash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Voyaga etmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, shaxs aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi.
Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Alimentlar summasini oldindan to‘lash yoki alimentlar to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov taqdim etish faqat qarzdorning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lmaganda amalga oshiriladi.
Alimentlarni oldindan to‘lash oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadga nisbatan ulushlar hisobida belgilangan bo‘lsa, oldindan to‘langan alimentlar uchun keyingi davrlarda aliment to‘lovchining oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadi ko‘payishi natijasida vujudga keladigan qo‘shimcha aliment to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilmaydi.

Alimentlarni oldindan to‘lash yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasining tuzilishi davlat ijrochisi yoki sud tomonidan qarzdor jismoniy shaxsning ilgari belgilangan O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni olib tashlash uchun asos hisoblanadi.




Sudga beriladigan da’vo arizasi namunalari bilan havolada tanishing.


Notarial idoralar reestri