Jamoaviy muzokaralar





Ijtimoiy sheriklikning har qanday tarafi jamoaviy muzokaralar tashabbuskori bo‘lishi mumkin.



Avvalgi jamoa kelishuvining, jamoa shartnomasining amal qilish muddati tugaguniga qadar 3 oy ichida yoki ushbu hujjatlarda belgilangan muddatlarda ijtimoiy sheriklikning har qanday tarafi boshqa tarafga yangi jamoa kelishuvini, jamoa shartnomasini tuzish yuzasidan muzokaralar boshlash to‘g‘risida yozma xabar yuborishga haqlidir.
Ish beruvchilarning manfaatlarini ifoda etuvchi shaxslar, shuningdek ish beruvchilar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvi organlari, siyosiy partiyalar tashkil etgan yoki moliyalashtiradigan tashkilotlar yoxud organlar tomonidan xodimlar nomidan jamoaviy muzokaralar olib borilishiga hamda jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ijtimoiy sheriklik taraflari tegishli so‘rov olingan kundan e’tiboran 2 haftadan kechiktirmay jamoaviy muzokaralar olib borish uchun zarur bo‘lgan o‘zidagi mavjud axborotni bir-biriga taqdim etishi kerak.




Jamoaviy muzokaralar ishtirokchilari, jamoaviy muzokaralar olib borish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa shaxslar olingan ma’lumotlarni, agar ushbu ma’lumotlar davlat sirlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga taalluqli bo‘lsa, oshkor qilmasligi lozim.




Jamoaviy muzokaralar boshlanishi to‘g‘risida bildirishnoma olgan ijtimoiy sheriklik tarafi 7 kunlik muddatda tashabbuskorga jamoaviy muzokaralar o‘tkazilishi haqida javob yuborgan holda jamoaviy muzokaralarga kirishishi shart. Agar taraflarning kelishuviga ko‘ra jamoaviy muzokaralar boshlanishining boshqa sanasi belgilanmagan bo‘lsa, jamoaviy muzokaralar o‘tkazish tashabbuskori tomonidan mazkur javob olingan kundan keyingi kun jamoaviy muzokaralar boshlanadigan kun bo‘ladi.



Birlamchi, hududiy, tarmoq va respublika darajasidagi jamoaviy muzokaralar tegishli ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalar tomonidan olib boriladi.
Agar jamoaviy muzokaralar jarayonida jamoaviy muzokaralar taraflari muzokaralar predmeti bo‘lgan ayrim masalalar yuzasidan kelishuvga erisha olmagan bo‘lsa, ular ixtiloflarga sabab bo‘lmagan masalalarga doir kelishuvni rasmiylashtiradi va bir vaqtning o‘zida kelishuvga erishib bo‘lmagan masalalar bo‘yicha ixtiloflar bayonnomasini tuzadi.

Jamoaviy muzokaralarda, jamoa kelishuvi, jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlashda ishtirok etadigan shaxslar asosiy ishidan taraflarning kelishuvi bilan belgilanadigan muddatga, o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ozod etiladi.