“Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–92-son, 19.01.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra,har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar etakchisi lavozimi joriy etiladi.
Yoshlar etakchisi, jumladan, “Yoshlar balansi”ni shakllantirib, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib boradi.
Qarorga ko‘ra, har bir mahallada “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh”, “Keksa avlod uchrashuvlari” loyihalari amalga oshiriladi.
Har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat bo‘yicha eng ilg‘or 100 nafar Etakchilar bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, faoliyatini samarali tashkil etayotgan, o‘zining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan va ularga etakchilik qilayotgan Etakchilar “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
2022-yil 1-martdan Etakchining tavsiyasi asosida yoshlarga tegishli yordam turlari (13 ta) beriladi.
Qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:
Vazirlar Mahkamasida Yoshlar ishlari sho‘’basi;
Yoshlar ishlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va bo‘limlari tuzilmalarida mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari.
Davlat OTM va ularning filiallaridagi yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorga (direktor o‘rinbosariga) birinchi prorektor (direktorning birinchi o‘rinbosari) maqomi beriladi.
Etakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi.
Etakchining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:
xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida;
xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada – MHEKMning 5,5 baravari miqdorida;
xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada – MHEKMning 6 baravari miqdorida.
Boshqa hududlardan kelib ishlayotgan Etakchi uchun BHMning 2 baravarigacha miqdorda turar joy ijara to‘lovi qoplab beriladi.
Shuningdek, yil yakuni bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan Etakchilarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya beriladi.
Etakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinadi.