Umumiy o‘rta ta’lim maktabi





Maktab yoshidagi bolalarni ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan maktablarga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida maktab pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.



Maktab rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni o‘z vaqtida umumta’lim muassasasiga o‘qishga jalb qilish uchun mas’ul hisoblanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular etti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.


Bolalarni maktablarning 1 sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan maktabga quyidagi hujjatlar topshiriladi
ota-onalar tomonidan maktab direktori nomiga ariza;
bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.


Ota-onaning boshqa hududda yashashi (propiskaning yo‘qligi) bolani maktabga qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
Bolalar umumiy maktablarning 1 sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.


Ta’lim jarayoni

O‘quv yili umumta’lim muassasalarida 2 sentyabrdan kelgusi yilning 25-mayiga qadar davom etadi va to‘rtta chorakka bo‘linadi.



O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:


o‘quv yilining davomiyligi — 34 hafta (I sinflar uchun 33 hafta);
o‘quv haftasining davomiyligi — 6 kun (pedagogik kengashning qaroriga ko‘ra I sinflar uchun 5 kun);
dars mashg‘ulotining davomiyligi — 45 daqiqa;
dars mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffusning davomiyligi510 daqiqa (o‘quv kuni o‘rtasidagi tanaffusning davomiyligi — 15 — 30 daqiqa).

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashg‘ulotlari o‘tkazilmaydi.



Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to‘g‘ri kelib qolgan dars mashg‘ulotlarining mavzulari o‘quv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashg‘ulotlarida o‘tkaziladi.





Sinflardagi bolalar soni

Maktabda sinflardagi bolalar soni 35 nafardan ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.



Kam komplektli umumta’lim muassasalarida (filiallarda) boshlang‘ich sinf o‘quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:


o‘quvchilar soni 8 nafargacha bo‘lgan I — IV sinflar;
o‘quvchilar soni 12 nafargacha bo‘lgan uchta boshlang‘ich sinf;
o‘quvchilar soni 24 nafargacha bo‘lgan ikkita boshlang‘ich sinf (I va III, II va IV sinflar).


Ta’tillar

O‘quv yili davomidagi ta’tillarning muddatlari quyidagicha belgilanadi:


kuzgi ta’til — 4-noyabrdan boshlab 6 kalendarь kun;
qishki ta’til — 28-dekabrdan boshlab 14 kalendarь kun;
bahorgi ta’til — 21-martdan boshlab 7 kalendarь kun;
yozgi ta’til — oxirgi bosqichli nazorat sinovi o‘tkazilgan kundan (bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan sinflar uchun o‘quv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1 sentyabrgacha.

Ta’tilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, dars mashg‘ulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.



I sinf o‘quvchilari uchun fevralь oyi davomida qo‘shimcha bir haftalik ta’til belgilanadi.





O‘quvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish
O‘quvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish maktablarga tibbiyot muassasalari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari maktab rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikni o‘tkazish va sog‘lomlashtirish uchun mas’uldirlar.
Maktab rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebelь va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.




Bolani boshqa maktabga ko‘chirish


Ota-onalar o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega.




Buning uchun quyidagi harakatlarni amalga oshirish lozim:



1. Farzand ta’lim olayotgan maktab direktori nomiga ariza beriladi. Arizada farzandini boshqa maktabga o‘tkazish sabablari ko‘rsatiladi.


Mazkur ariza 1 ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, o‘qish ko‘chirilayotgan maktabga taqdim etish uchun tegishli shaklda maktabdan ketish taloni beriladi.

2. O‘qish ko‘chirilayotgan maktab direktoriga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.


Arizaga maktabdan ketish taloni va yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma ilova qilinadi.
O‘qish ko‘chirilayotgan maktab direktori ariza va maktabdan ketish talonini qabul qilib olingan kunning o‘zida ota-onalarga o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabga taqdim etish uchun maktabga kelish talonini berishi lozim.

3. Farzand o‘qiyotgan maktab direktoriga maktabga kelish talonini berish lozim.


Bunda shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi.

4. Hujjatlarni o‘qish ko‘chirilayotgan maktab direktoriga topshirish lozim. Bunda shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.


Ota-onalar farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Ariza bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.
Sinfdagi o‘quvchilar soni belgilangan me’yordan ortiq bo‘lgan taqdirda, maktab direktori o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazishni rad qilinishi mumkin.



Maktablarni jihozlash normalari bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.