O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash





O‘quvchilarning o‘qishini bir o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasidan boshqasiga ko‘chirish, shuningdek ilgari o‘qishdan chetlashtirilgan o‘quvchilarni o‘qishga qayta tiklash, qoidaga ko‘ra, yozgi ta’til davrida, tegishli kurs (semestr)da o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishiga qadar amalga oshiriladi.





Quyidagi hollarda o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash Uzbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi ruxsati bilan amalga oshiriladi:
boshqa davlatlarning ta’lim muassasalarida tahsil olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘qishini respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga ko‘chirish;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilarini ota-onalari bilan birgalikda doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga chiqib ketishi munosabati bilan o‘qishdan chetlashtirish;
o‘quvchilarni bir mintaqadagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridan boshqa mintaqalarning (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga ko‘chirish;
bir hudud doirasida o‘quvchilarni bir o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridan turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi boshqa o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasiga ko‘chirish;
o‘quvchilarni Tasniflagichga muvofiq bir bilim sohasidan boshqa bilim sohasiga ko‘chirish.




O‘quvchilarni ko‘chirish va qayta tiklash to‘g‘risidagi barcha arizalar bevosita o‘quvchilar o‘qiyotgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasida qabul qilinadi.



Ko‘rib chiqish o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi direktori vakolatiga kiradigan arizalar 20-avgustga qadar qabul qilinadi.
Uzbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi vakolati doirasida ko‘rib chiqiladigan arizalar 1-avgustga qadar qabul qilinadi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi tomonidan hududiy viloyat boshqarmalariga yuboriladi.


Bir ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirishda taqdim etiladigan hujjatlar:
o‘quvchining yozma arizasi, o‘quvchi voyaga etmagan bo‘lsa uning ota-onasidan birining (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) arizasi;
ta’lim muassasasining nomi, mutaxassislik, kurs, guruh ko‘rsatilgan holda ta’lim muassasasining gerbli muhri bilan tasdiqlangan reyting daftarcha nusxasi.



O‘qishni ko‘chirish to‘g‘risidagi ariza ta’lim muassasasi direktori, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi yoki O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan ariza berilgan kundan boshlab 15 kun mobaynida ko‘rib chiqiladi.




O‘quvchilarni o‘qishga qayta tiklash uchun o‘quvchi voyaga etmagan bo‘lsa uning ota-onasidan biri (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) chetlashtirish sabablarini ko‘rsatgan holda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi direktori nomiga ariza berishi kerak.



O‘quvchini boshqa o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasiga o‘qishga qayta tiklashda u oldin o‘qigan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasining roziligi talab etilmaydi.
O‘quvchi oldin o‘qigan tayyorlov yo‘nalishi to‘xtatilgan bo‘lsa, uning xohishiga ko‘ra turdosh tayyorlov yo‘nalishiga o‘qishni tiklash mumkin.


O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi o‘quvchilari quyidagi hollarda o‘qishdan chetlashtiriladi:
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida) akademik ta’til olganda;
o‘qishi boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
doimiy yashash uchun boshqa davlatga chiqib ketganda;
sudning qarori bilan ozodlikdan mahrum etilganda;
vafot etganligi sababli.