Axborot texnologiyalari va kompьyuter dasturlash sohasida yosh mutaxassislarni maqsadli o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash va ularni keyinchalik ishga joylashtirish mexanizmi joriy etiladi.
Quyidagilar tashkil etildi:
AT “Aloqabank” huzurida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida Venchur jamg‘armasi;
mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “IT-bilimlarni rivojlantirish markazi”.
Axborot texnologiyalari va kompьyuter dasturlash sohasida keyingi 5 yil ichida 100 minggacha yosh mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, ularni keyinchalik ishga joylashtirishda ko‘maklashish Markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, har yili 5 yil ichida mutaxassislarning sohada maqsadli tayyorlanishini va ularning startap-loyihalarini moliyalashtirishni tashkil etish uchun Markazga 50 mlrd so‘m miqdorida amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasining yarmidan oshmagan holda qarz ajratiladi va u keyingi 5 yil ichida bosqichma-bosqich qaytariladi.
Vazirlik va tashkilotlar ehtiyojidan kelib chiqib, Markaz tomonidan tanlangan ta’lim tashkilotlari o‘rtasida har yili belgilangan maqsadli parametrlar doirasida buyurtma shakllantiriladi.
Ta’lim tashkilotlarida maqsadli o‘qish uchun 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi nomzod bo‘ladi.
Nomzodlar Markaz tomonidan ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda tanlov asosida tanlanadi.
Tanlab olingan nomzodlar (stipendiatlar) Markaz bilan ularning istiqboldagi daromadlarini ulush tarzida taqsimlash to‘g‘risidagi shartnomani (Income Share Agreement) tuzadi, unga ko‘ra axborot texnologiyalari va kompьyuter dasturlash sohasida ularning o‘qishini to‘lashga maqsadli qarz taqdim etiladi.
Stipendiatlar o‘qishni tugatgandan so‘ng maqsadli qarz va ushbu qarz bo‘yicha foizlarni qaytarishga majbur.