Magistraturasida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tartibi





Hukumat qarori (447-son, 15.08.2022-y.) bilan Davlat OTMning magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt summasini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi



Nizomga ko‘ra, davlat OTM, shu jumladan, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi.

Buning uchun davlat OTMning magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan talaba xotin-qizlar (talabgorlar) 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasini qoplab berish yuzasidan (tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt to‘lovlari bundan mustasno) o‘zlari ta’lim oladigan OTM rektori (filial direktori) nomiga 15-sentabrgacha ariza bilan murojaat etadi.



Ushbu muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, ro‘yxat shakllantiriladi.

2022-yilda umumlashtirilgan talabgorlar ro‘yxati 5 ish kunida to‘lov-kontraktlarni qoplab berish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga (2023-yildan OTMning idoraviy mansubligiga ko‘ra tegishli vazirliklar va idoralarga) yuboriladi.



Talabgorlarga to‘lov-kontrakt summasini qoplab berish to‘g‘risida joriy o‘quv yilining 15-oktabriga qadar tegishli OTM rektori (filial direktori) buyrug‘i qabul qilinadi.