Voyaga yetmagan shaxsga ayblov e’lon qilish vaqtida himoyachi bilan bir qatorda voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili ham ishtirok etadi.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini va ayblanuvchini so‘roq qilish himoyachi, qonuniy vakil ishtirokida amalga oshiriladi.
Himoyachi va qonuniy vakil gumon qilinuvchiga va ayblanuvchiga savollar berishga haqli. So‘roq yakunlangach, himoyachi va qonuniy vakil bayonnoma bilan tanishishga va u haqda o‘z mulohazalarini bildirishga haqli.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini, ayblanuvchini so‘roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda olti soatdan oshmasligi kerak.
So‘roq qilishda pedagogning va psixologning ishtiroki
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning ixtiyoriga ko‘ra yoxud voyaga yetmagan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosiga binoan pedagog va (yoki) psixolog ishtirok etishi mumkin. Pedagogning va (yoki) psixologning ishtirokini ta’minlash jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning zimmasiga yuklatiladi. Pedagog va (yoki) psixolog surishtiruvchining, tergovchining ruxsati bilan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga savollar berishga, so‘roq tugaganidan so‘ng esa, so‘roq bayonnomasi bilan tanishib, bayonnomadagi yozuvlarning to‘g‘riligi va to‘liqligi haqida o‘z fikrlarini yozma shaklda bayon etishga haqlidir. Bu huquqlar surishtiruvchi, tergovchi tomonidan pedagogga va (yoki) psixologga voyaga yetmagan shaxsni so‘roq qilishdan oldin tushuntiriladi va bu haqda so‘roq bayonnomasida qayd qilinadi.