Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati u O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligini buzgan taqdirda sud tomonidan to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan, shuningdek ustav maqsadlariga zid harakatlar sodir etilgan taqdirda prokuratura organlari yoki adliya organlari ko‘rsatilgan qoidabuzarliklar to‘g‘risida mazkur nodavlat notijorat tashkilotining rahbar organlariga taqdimnoma kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi. Agar bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati prokuratura va adliya organlarining taqdimnomasi asosida sudning qarori bilan 6 oygacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasining hududida favqulodda holat joriy etilgan taqdirda nodavlat notijorat tashkilotining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati sudning qarori bilan belgilangan muddatga to‘xtatib qo‘yilgan taqdirda uning ommaviy axborot vositalari muassisi tariqasidagi huquqlari to‘xtatib qo‘yiladi, unga ommaviy tadbirlar tashkil etish, bank omonatlaridan foydalanish taqiqlanadi, xo‘jalik faoliyati, mehnat shartnomalari, o‘z harakatlari (harakatsizligi) oqibatida etkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash va jarimalar to‘lashga doir xarajatlar bundan mustasno.
Nodavlat notijorat tashkilotini tugatish uning yuqori organi qaroriga binoan yoki sud tartibida amalga oshiriladi.
Nodavlat notijorat tashkilotining muassislari, qatnashchilari (a’zolari) yoki nodavlat notijorat tashkilotini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan organ davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi adliya organi bilan kelishgan holda tugatish komissiyasini tayinlaydi.