Nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilish tartibi





Nodavlat notijorat tashkilotlari tegishliligi bo‘yicha uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan yoki hisobga qo‘ygan adliya organini tadbir haqida oldindan xabardor qilishi lozim.




Nodavlat notijorat tashkilotlari tegishli adliya organini tadbir haqida yozma yoki elektron shaklda quyidagi muddatlarda xabardor qilishi kerak:


tadbir O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolarining ishtirokisiz o‘tkazilishi rejalashtirilganda — tadbir o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin;
tadbir O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari ishtirokida yoki xorijiy davlat hududida o‘tkazilishi rejalashtirilganda — tadbir o‘tkazilishidan kamida 20 kun oldin.

Xabarnoma nodavlat notijorat tashkilotiga rahbarlik qilayotgan shaxs tomonidan imzolanadi. Xabarnomani imzolagan shaxs undagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi, shuningdek Xabarnomaning o‘z vaqtida yuborilishi uchun mas’ul hisoblanadi.





NNT quyidagi tadbirlar o‘tkazilishidan kamida 3 ish kuni oldin tegishli adliya organiga xat yuboradi:
nodavlat notijorat tashkilotining ustaviga yoki nizomiga muvofiq uning rahbar organlarining yig‘ilishlarini o‘tkazish rejalashtirilganda (nodavlat notijorat tashkilotining bosh tashkiloti, shu jumladan bosh tashkiloti O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari, shuningdek bunday vakolatxonalarning bosh tashkiloti xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositalari vakillaridan tashqari boshqa shaxslar ishtirok etmagan hollarda);
nodavlat notijorat tashkilotining tegishli litsenziya yoki ruxsatnomaga ega bo‘lgan holda ushbu faoliyat turini amalga oshirish yuzasidan tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilganda;
nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va boshqa hujjatlarida, shuningdek davlat dasturlari va milliy rejalarda o‘tkazilishi nazarda tutilgan tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilganda;
nodavlat notijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida tashkil etiladigan nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari tomonidan ajratilgan davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilganda;
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan tasdiqlangan yoki ular bilan kelishilgan rejalarga muvofiq o‘tkaziladigan ommaviy jismoniy-tarbiya va sport tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilganda;
nodavlat notijorat tashkilotining Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari talablariga muvofiq tegishli ruxsatnomaga asosan tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilganda.



Adliya organiga yuborilgan Xabarnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar uni yuborgan nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan o‘zgartirilishi mumkin. Bunda nodavlat notijorat tashkiloti tadbir o‘tkazilishidan kamida 3 ish kuni oldin Xabarnomaning o‘zgargan bandlarini (kichik bandlarini) qayta to‘ldiradi va tegishli adliya organiga yuboradi.


Xabarnoma namunasi

Nodavlat notijorat tashkiloti tadbirni o‘tkazmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilganda tegishli adliya organini qo‘shimcha ravishda xabardor qilishi lozim.