Davlat organlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini ularning roziligiga ko‘ra jalb etishi mumkin.
Davlat organlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda manfaatdor nodavlat notijorat tashkilotlaridan va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan takliflar to‘plashni amalga oshiradi.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etgan holda davlat organlari huzuridagi ishchi guruhlar, komissiyalar va jamoatchilik-maslahat organlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqishda, tegishli takliflar va loyihalarni tayyorlashda ishtirok etishga, shuningdek ularni ko‘rib chiqish uchun vakolatli davlat organlariga kiritishga;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazishda, ishlab chiquvchilar bilan kelishuvga ko‘ra, ularning jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishda ishtirok etishga, loyihalar yuzasidan takliflarni ishlab chiqishga, ularni to‘plashni va umumlashtirishni amalga oshirishga, shuningdek ushbu takliflarni ko‘rib chiqish uchun vakolatli davlat organlariga kiritishga;
birgalikda tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarni hal etishga qaratilgan loyihalarni, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan davlat organlariga takliflar kiritishga;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlarning ro‘yobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga, uning yakunlari bo‘yicha takliflar tayyorlash hamda ularni vakolatli davlat organlariga kiritishga haqli.
Davlat organlari nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda takliflarini ko‘rib chiqishi shart.