Uy-joy fondi – inson yashashi uchun yaroqli bo‘lgan turar joydan, shu jumladan uylar, kvartiralar, xizmat turar joylari, maxsus uylardan (yotoqxonalar, vaqtinchalik uy-joy fondi uylari, nogironlar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar uchun internat-uylar, shuningdek bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylardan) iborat bo‘lgan fond.
Uylarda joylashgan savdo, maishiy va nosanoat yo‘nalishidagi o‘zga ehtiyojlarga mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar uy-joy fondiga kirmaydi.
Uy-joy fondi tarkibi
uylar;
kvartiralar;
xizmat turar joylari;
yotoqxonalar;
vaqtinchalik uy-joy fondi uylari;
nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar uchun internat-uylar;
bolalar uylar;
boshqa maxsus maqsadli uylar.
Uy-joy fondi quyidagilardan iborat:
xususiy uy-joy fondlari
yakka tartibda qurilgan uylar;
xususiylashtirilgan kvartiralar va uylar;
qurilgan kvartiralar va uylar;
sotib olingan kvartiralar va uylar;
xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, jamoat fondlari hamda boshqa nodavlat yuridik shaxslarning mulki bo‘lgan va ularning mablag‘lari hisobidan qurilgan uylar.
davlat uy-joy fondlari
mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘lgan munitsipal uy-joy fondi;
davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga tegishli bo‘lgan idoraviy uy-joy fondi;
ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam ta’minlangan fuqarolar uchun xususiylashtirish huquqisiz, ijara shartlari asosida foydalanishga berilgan aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi.
Turar joylarni uy-joy fondiga kiritish
Uylar va turar joylarga nisbatan mulk huquqining kadastr idoralari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ularning uy-joy fondiga kiritilganligining tasdig‘i hisoblanadi.
Turar joylarni uy-joy fondidan chiqarish
Quyidagi hollarda uylar va turar joylar uy-joy fondidan chiqariladi:
avariya yoki yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan hollarda;
davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilganda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlari qaroriga ko‘ra yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarga o‘tkazilganda.