2023-yil 1 sentyabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilindi.
Bunda:
fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish va nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda tegishli protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun tibbiy xulosa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimiga kiritiladi;
protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun talab etiladigan tibbiy xulosaning mavjudligi o‘zaro axborot almashinuvi orqali aniqlanadi;
«Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimiga kiritilgan tibbiy xulosa asosida mazkur axborot tizimiga integratsiya qilingan «Ijtimoiy xizmat» elektron platformasida nogironligi belgilangan shaxsning murojaati (shu jumladan, elektron tartibda) asosida protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun elektron sertifikat shakllantiriladi;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni «Ijtimoiy xizmat» elektron platformasi orqali shu jumladan zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda joriy etiladigan shaffof elektron navbat doirasida «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ustuvorlik beriladi.
Bunda, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash uchun so‘rovnomalar «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan bitta so‘rovnoma va umumiy ro‘yxatdan bitta so‘rovnoma tartibida navbatma-navbat shakllantiriladi.