Hukumat qarori (26-son, 17.01.2022-y.) bilan Etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga muvofiq, etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tuman (shahar) hokimi qarori asosida “Mehr daftari”ga kiritiladi va undan chiqariladi.
“Mehr daftari” tizimiga kiritishning axborot tizimidan foydalanish va ma’lumotlarni kiritish tartibi Milliy gvardiya tomonidan belgilanadi.
2022-yil 1 fevralgacha mazkur axborot tizimi amaliyotga joriy etiladi.
O‘quv-tarbiya muassasalari hamda tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shu’balari “Mehr daftari”ni shakllantirishga mas’ul hisoblanadi.
Quyidagilar “Mehr daftari”ga ma’lumotlarning bevosita kiritilishini ta’minlaydi:
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan uning tizimidagi Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Respublika bolalar o‘quv-tarbiya muassasalari va Oilaviy bolalar uylari;
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan uning tizimidagi Bolalar uylari;
“SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi tomonidan uning tizimidagi bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari, yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari va ijtimoiy etimlikning oldini olish xizmatlari tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari to‘g‘risidagi;
tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shu’balari tomonidan vasiylikka (homiylikka, patronatga) olingan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi.
Daftarga kiritilgan bolalarning muammo (ehtiyoj, qiziqish)lari tegishli tartibda o‘rganiladi.
“Mehr daftari”ga kiritilgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash ishlari quyidagilar tomonidan muvofiqlashtiriladi:
tuman (shahar) hokimligining Bolalarni himoya qilish shu’basi tomonidan manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari tomonidan manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda;
Vazirlar Mahkamasining Bolalarni himoya qilish masalalari shu’basi va Milliy gvardiya tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda.
Etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar 25 yoshga to‘lganda tegishli qaror asosida “Mehr daftari”dan chiqariladi.
Bunda daftardan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi ta’minlangan va uy-joyi mavjud bo‘lishi shart. Bandligi ta’minlanmagan holatlarda, “Mehr daftari” hisobida turish muddati bandligi ta’minlangungacha, biroq 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.