“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga moddiy yordam ko‘rsatish





Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida «Ayollar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir martalik moddiy yordam beriladi.



Bir martalik moddiy yordam «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi va boshqa qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan ham berilishi mumkin.


Bir martalik moddiy yordamni to‘lash uchun
a) mahallalardagi xotin-qizlar faollari sektorlar rahbarlari bilan birgalikda, «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarga Nizomning 14-bandiga muvofiq bir martalik moddiy yordam berish miqdorlari (summasi) ko‘rsatilgan ro‘yxatni tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limiga taqdim etadi;
b) tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi:
«Ayollar daftari» jamg‘armasining daromadlari va tushumlari prognozidan kelib chiqib, tuman (shahar) moliya bo‘limi bilan kelishilgan holda, bir martalik moddiy yordamni oyma-oy to‘lash grafigini shakllantiradi hamda Vasiylik kengashiga tasdiqlash uchun kiritadi. Bunda tasdiqlangan oyma-oy to‘lash grafigining nusxasi mahallalardagi xotin-qizlar faollariga ham taqdim etiladi;
tasdiqlangan grafikka asosan har oyning 5 — sanasiga qadar mahallalardagi xotin-qizlar faollari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlar asosida to‘lov vedomostlarini shakllantirib, tumanlar (shaharlar) va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankining tegishli bo‘limiga (filialiga) taqdim etadi;
v) tumanlar (shaharlar) hokimliklarining buxgalteriya bo‘limlari tasdiqlangan oyma-oy to‘lash grafigi hamda to‘lov vedomostlari asosida «Ayollar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan zarur mablag‘larni xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankining tegishli bo‘limiga (filialiga) ko‘chiradi;
g) xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankining tegishli bo‘limi (filiali) tomonidan bir martalik moddiy yordam to‘lovlari har oyning 5 — 27-sanalarida amalga oshiriladi. Oyning oxirgi ish kunida vedomostlar yopiladi. Oyning 27 sanasiga qadar tayinlangan, biroq o‘z vaqtida talab qilib olinmagan moddiy yordamga yo‘naltirilgan mablag‘lar «Ayollar daftari» jamg‘armasiga o‘tkaziladi va oluvchining birinchi talabiga ko‘ra to‘lanadi. Yopilgan vedomostning bir nusxasi tuman (shahar) hokimligi hamda oila va xotin-qizlar bo‘limiga taqdim etiladi;
d) tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi muhtoj xotin-qizlarga to‘langan bir martalik moddiy yordam to‘g‘risidagi ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritadi hamda yopilgan vedomostning nusxasini tegishli mahallalardagi xotin-qizlar faollariga taqdim etadi.




Bir martalik moddiy yordam bir kalendarь yili davomida bir marotaba beriladi.



Sektor rahbarlari jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan «Ayollar daftari»ga kiritilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, shuningdek, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi bor yolg‘iz onalarga qo‘shimcha moddiy yordam berish choralarini ko‘rib boradi.