O‘z-o‘zini hurmat qilish va qadrlash bolajonlar uchun kelajakda jamiyatda qulaylikka erishishi uchun juda muhim. Qadr-qimmatni rivojlantirish barcha bolalarda ahamiyatli bo‘lib, u ishonch, qobiliyat va iste’dod bilan bevosita bog‘liqdir.
O‘zini hamisha past baholaydigan bolalar ko‘pincha qiyinchiliklarga, ijtimoiy muammolarga duch keladi. Bu borada bolada o‘zi to‘g‘ri baholashni qanday shakllantirish haqida psixolog Olga Romaniv quyidagilarni tavsiya etadi.
Farzand bilan muloqotni boshlash va namuna bo‘lishga intilish
Farzand bilan nafaqat o‘quv yoki qandaydir topshiriq yuzasidan, balki muhim sanalgan masalalar to‘g‘risida ham suhbatlashish va ularning fikrini ham hurmat qilish hamda inobatga olish zarur. Kuchsiz tomonlarni tan olgan holda yutuqlarni qadrlash haqida gaplashish farzand uchun juda foydali.
Masalan, xarid qilish ro‘yxati onaning yodidan chiqqudek bo‘lsa, uni farzandlarga eslatib qo‘yish mumkin: “Men xaridlar ro‘yxatidagi narsalarni eslay olmayman, sen yordam bera olasanmi?”. Bu kabi kichik muammolarni farzand bilan birgalikda hal etish undagi harakatchanlik va mas’uliyat hissini oshiradi.
Fikrlashni rivojlantirish
Bolalarda paydo bo‘lgan salbiy fikrlar ustida ko‘proq ish olib borish kerak. Ya’ni salbiy fikrlarni bartaraf etishiga onalar ko‘proq yordam berishi kerak. “Men buni o‘qishni bilmayman”, “Mashg‘ulotlarni bajarishga kuchim yetmaydi” kabi bolalarga xos bo‘lgan biroz qo‘rquv va dangasalik aralashgan fikrlarni vaqt o‘tib yaxshilanishiga ishontirish kerak. Shundagina ular barcha narsaning imkoni borligi va faqat buning uchun harakat qilish kerakligini anglab yetadi.
Tanqidiy fikrlarni kamroq bildirish
Asosiysi, muammolarni ochiqlashda ularni hech narsaga loyiq emasligini ta’kidlamaslik zarur. Aksincha, avvalgidan ham ko‘ra yaxshi bo‘lishiga undash tarzida suhbatlashish tavsiya etiladi.
Odatda, o‘zini ijobiy baholash ma’lum maqsadga intilishdan kelib chiqadi. Shuning uchun tanqid o‘rniga, yosh va qiziqishiga mos bo‘lgan maqsadlarni taklif qilish mumkin.
Masalan, “Nega kiyimlaringni hamma joyga yoyding?” emas, balki “Hamma kiyimlarni shkafga vaqtida qo‘ysang, ko‘proq o‘yin o‘ynashga imkon bo‘ladi” kabi. Ikkisini solishtirib ko‘rish mumkin, bola ikkinchi jumlaga ko‘proq e’tibor qaratishi tabiiy.
Xatolar – o‘rganilgan bilimlar tajribasidir
Fikrlashni o‘stirish – xatolarni o‘rganish va to‘g‘ri xulosa chiqarishdir. Bola muvaffaqiyatsizlikka uchrash oddiy hol ekani va bu muammolarning yechimi borligini bilsa, unda baholash tushunchasi shakllana boradi.
Iloji boricha farzandlarga o‘z xatolaridan saboq olishiga yordam berish kerak. Masalan “Bu safar sharbatni to‘kib yubording. Keyingi safar yana takrorlanmasligi uchun stakanni idish yuvish joyida tutib, so‘ngra sharbat quy”.
Muvaffaqiyatli namunalarni ko‘rsatish
Yoki ilhomlantirishi mumkin bo‘lgan qandaydir yaxshi voqeani ham aytib berish ham foydalidir. Bolalarda bu jarayon yuzaga kelganidan so‘ng o‘z-o‘zidan psixologik muammolar ham bartaraf bo‘ladi.
Yakuniy natija emas, yondashuv va intilishni baholash
Farzandni me’yorida maqtash juda foydali. Ammo qanday maqtash ham muhim. Ko‘pchilik bolasining intilishi-yu qiziqishini bir chetga surib, yakuniy natijaga qarab baho beradi.
Ammo muammoni hal qilishda uning yondashuvi va to‘siqlarni yengib o‘tishga bo‘lgan intilishini alohida ta’kidlash lozim. Aniq va halol maqtovlar sog‘lom baholashni shakllantirishning kalitidir.