Har birimiz farzandimizning ziyrak bo‘lishini istaymiz. Kichkintoylarimizning sinchkovligini oshirish uchun kitoblar o‘qiymiz, fil’mlar ko‘rsatamiz, ibratli hikoyalarni aytib beramiz. Lekin hamma bolalar ham birdek hushyor bo‘la olmaydi.
Ba’zida hatto maktabdagi o‘qituvchilardan ota-onalar «Farzandingizga biror nima bo‘lgan? Hech ham fikrini jamlay olmaydi, doim hayoli tarqoq. Dars davomida derazaga termulib o‘tiradi yoki rasm chizadi», degan gaplarni ham eshitishadi. Bu vaziyatni qanday qilib to‘g‘irlash mumkin?
Sinchkovlikni oshiruvchi omillar
Ziyraklik, bu narsalarga va voqea-hodisalarga diqqatni qaratishdir. Odatda qarindoshlarimizning yangi tug‘ilgan chaqaloqni beshigi tepasida turib, «Ziyrakligini ko‘r buni, diqqat bilan qarayapti» degan maqtovlarini ko‘p bora eshitganmiz.
Aslida esa chaqaloqning nigohini sinchkov deb bo‘lmaydi, chunki u bir joyga uzoq qarab turolmaydi. Ziyraklikda diqqatni jamlab turish bilan birga qiziqishni so‘ndirmasdan, yangi axborotni ko‘p hajmda qabul qilish ham muhim sanaladi.
Kichik yoshdagi bolalarning diqqatini jamlay olishi uning sog‘lig‘i va hissiyotlariga ham bog‘liq. Qorni og‘rib turgan go‘dak hech qachon ertakni oxirigacha eshitolmaydi. Yoki bola xarxasha qilayotganida qo‘g‘irchoq teatrida bir necha daqiqadan ortiq o‘tirolmaydi.
Agar farzandingiz siz istayotgandek ziyrak bo‘lishini xohlasangiz, birinchi navbatda uning sog‘ligini nazoratga oling. Keyin bolaning diqqatini oshirishda boshqa omillarni ishga solsangiz bo‘ladi.
Farzandingiz ziyrak bo‘lishini xohlasangiz
Yangilik — Sodir bo‘layotgan hodisa yoki ma’lumotning yangiligi bolaning e’tiborini tezda jalb qiladi. Masalan, agar siz hayvonlar haqidagi yangi kitobni farzandingizga ko‘rsatmokchi bo‘lsangiz, unda bolaning diqqatini tortadigan yorqin rasmlar bo‘lishi kerak.
Xabardorlik — Birinchi punktning aksi. Ilgarigi bilimlarini to‘ldiruvchi, mustahkamlovchi ma’lumot. Farzandingizning bir ertakni qayta-qayta eshitgisi kelishi, bir mul’tfil’mni takror ko‘rishi bunga misol bo‘ladi.
Qiziqish — Har bir yangi ma’lumot bolaning qiziqishlariga mos bo‘lgani ma’qul. Agar qizingiz spektakl’ni diqqat bilan ko‘rishini istasangiz, unda malikalar, shahzodalar albatta ishtirok etishi kerak. O‘g‘lingizning e’tiborini tortish uchun esa mashinalar, kemalar, samolyotlar haqidagi narsalarni ko‘rsating.
Xatar darajasi — Agar bolani do‘konda qimmat kitobni qo‘liga olgani uchun urishib berilsa, bu kitobga bo‘lgan qiziqishni so‘ndiradi. Ba’zida esa xavf-xatar aksincha ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, spektakl’da bo‘ri qo‘zichoqga tashlanayotganini ko‘rgan bola yirtqich hayvonni diqqat bilan kuzata boshlaydi.
Bolaning bilim darajasiga ma’lumotning to‘g‘ri kelishi
Sabab — Sir emaski, sovg‘alar va rag‘batlantirish o‘qishga yordam beradi. Bola biron nimani diqqat bilan kuzatgani uchun mukofot olishini bilsa, u yanada e’tiborini kuchaytiradi. Lekin ota-onalar bu borada me’yorni bilishlari zarur.
Hodisaning yorqinligi — Agar sirk arenasida fil baland ovoz chiqarayotgan bo‘lsa, farzandingiz shubhasiz bunga e’tibor beradi. Lekin dekoratsiyasi va kostyumlari ko‘rimsiz spektakl’ bolaning chalg‘ishiga sabab bo‘lishi mumkin.