Sud muhokamasi ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran 1 oydan oshmagan muddatda tugallanishi kerak.
Alohida hollarda, sud muhokamasining muddati sud raisi tomonidan 1 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan shikoyat berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqilishi lozim.
Shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini, shuningdek, prokurorni, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxsni ham chaqirgan holda ko‘rib chiqiladi. Bu shaxslarning kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
Sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi.
Ish muhokamasi sud majlisida amalga oshiriladi. Sudning majlisi videokonferentsaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkin.
Sud tashabbusiga ko‘ra yoki ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko‘ra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
Majlisda raislik qiluvchi sudьya:
sud majlisini ochadi va qanday ish ko‘rilishini e’lon qiladi;
ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari majlisga kelgan-kelmaganligini, ularning vakolatlarini, majlisga kelmagan shaxslar tegishli ravishda xabardor qilingan-qilinmaganligini hamda ularning kelmaganligi sabablari to‘g‘risida qanday ma’lumotlar borligini tekshiradi;
sud tarkibini e’lon qiladi, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi, tarjimon sifatida kimlar ishtirok etayotganligini ma’lum qiladi hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning rad qilish huquqini tushuntiradi;
kelgan guvohlarni so‘roq qilish boshlanguniga qadar ularni majlis zalidan chiqarib yuboradi;
sud protsessi ishtirokchilariga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;
tarjimonni bila turib noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun, ekspertni bila turib noto‘g‘ri xulosa berganlik uchun, guvohni bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantiradi;
dalillarni tekshirish tartibini belgilaydi;
ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar aniqlanishini ta’minlab, majlisga rahbarlik qiladi;
majlisda tegishli tartibni ta’minlash choralarini ko‘radi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televidenie orqali translyatsiya qilinishiga ishni ko‘rayotgan sudning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga haqli.
Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida shaxslarning ishtirok etish huquqi haqida ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatilib, ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarga hamda ularning bunday majlisda ishtirok etishiga ko‘maklashadigan tegishli sudga yuboriladi.
Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashadigan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarning vakillari vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnomalar, shuningdek sud majlisida taqdim etilgan dalillar ishni ko‘rayotgan sudga yuborilishini ta’minlaydi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yangi dalillarni talab qilib olish to‘g‘risidagi hamda ish muhokamasi bilan bog‘liq boshqa barcha masalalar bo‘yicha arizalari va iltimosnomalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari sud tomonidan eshitib bo‘linganidan keyin hal qilinadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi.
Sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini qanoatlantirish to‘g‘risidagi yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi xulosalari ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatida bayon qilinishi mumkin.