Ichki turizm O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi sayohatini o‘z ichiga oladi.
Mahalliy turist — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxs.
Subsidiyalanadigan avia va temir yo‘l qatnovi yo‘nalishlarini, avia chiptalar va mehmonxona xizmatlarini subsidiyalash miqdorini belgilash bo‘yicha Maxsus komissiya tashkil etilgan.
Bunda quyidagilar joriy etilgan:
maxsus komissiya tomonidan joriy etilayotgan aviaqatnovlarga chiptalar 40 foizgacha, turoperatorlar orqali xarid qilingan temiryo‘l chiptalariga 15 foiz, mehmonxona xizmatlariga 10 foiz qo‘shimcha chegirmalar taqdim etiladi;
mahalliy yashovchining har bir yashagan kuni uchun joylashtirish vositalaridan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘imning miqdori BHMning 0,4 foizini tashkil etadi;
turistik tashkilotlarning ishchilari, gidlar (gid-tarjimon), ekskursiya etakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar malakaviy imtihonlarini o‘tkazish 2022-yil 1-martdan boshlab amalga oshiriladi;
davlat organlarining ijtimoiy reklama mahsulotlari Turizm va sport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ichki va ziyorat turizmi ob’ektlari aks ettirilgan dizayn tasviri asosida tayyorlanadi.
2022-yil 1 sentyabrdan boshlab "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" dasturi doirasida "Sayohat qil va keshbek ishla" shiori asosida respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi!
"Sayohat uchun keshbek" platformasi bilan ishlash juda oson. Buning uchun Siz:
Soliq.uz mobil ilovasini yuklab olasiz;
mobil ilova xizmatidan foydalanish uchun FaceID orqali shaxsingizni tizimda tasdiqlaysiz;
sayohat yo‘nalishini va boshlanish sanasini tanlaysiz;
keshbeklarni yig‘ish uchun fiskal cheklarni skanerlash orqali avia, temir yo‘l yoki avtobus biletlarini ilovaga kiritasiz;
maroqli sayohatdan so‘ng "Sayohatni tugatish" tugmasini bosasiz va yig‘ilgan keshbek summalarini shaxsiy mahalliy bank plastik kartasiga o‘tkazasiz.
Keshbek tizimi Davlat soliq qo‘mitasining maxsus mobil ilovasi (Soliq.uz) bilan integratsiya qilingan bo‘lib, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining matritsali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini ko‘rsatish orqali sayohatlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning o‘zida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:
avia, temir yo‘l va avtobusdan foydalanish;
joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish.
Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:
aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
teatr, muzey, tsirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.
Sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.