O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "2022 — 2026-yillarda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. (28.09.2022-yildagi 546-son)
Qarorga asosan, Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratishda turizm asosiy drayver sohasi bo‘lishi, hududda kelgusi besh yilda turizm xizmatlarini kamida besh baravarga oshirish va shu maqsadda turizm ob’ektlarining infratuzilmasini tubdan yaxshilash, yangi oilaviy mehmon uylari, «turizm ko‘chalari»ni tashkil etish hamda ichki va chet ellik sayyohlarni viloyatning boy moddiy va nomoddiy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish choralarini ko‘riladi.
Sayyohlik maskanlarining infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan ularni yo‘llar, ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlab, viloyatda yangi turistik yo‘nalishlar va mahsulotlarni joriy qilib, sohadagi ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etib, turizmni rivojlantirish uchun hududdagi istiqbolli mahallalarni belgilagan xolda, Urganch va Xiva shaharlarini etakchi sayyohlik nuqtalari sifatida rivojlantiriladi.
Urganch shahridagi Pahlavon Mahmud ko‘chasi va Xiva shahridagi «Alleya» maydoni hududlarida «turizm ko‘chalari» tashkil etiladi. Xususan, sayyohlarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan oziq-ovqat do‘konlarini, shopping turizm ob’ektlari, hunarmandchilik mahsulotlari savdo rastasi, sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida chet el valyuta ayirboshlash shoxobchalari, 2 ta turizm axborot markazi va sanitariya-gigiena shoxobchalari tashkil etiladi.
Madaniyat va turizm vazirligi
Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda Xiva shahri hamda Bog‘ot, Xiva, Shovot va Yangiariq tumanlarida tanlab olingan, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 13 ta mahallani turizm drayveri sifatida rivojlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi, ikki oy muddatda Hazorasp tumani «Sulaymon qal’a» turistik ob’ektini qayta tiklash va unga tutash hududlarda turizm xizmatlarini, xususan, oilaviy mehmon uylari, gastronomik turizm ob’ektlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, savdo va hunarmandchilik ob’ektlari hamda boshqa qo‘shimcha xizmatlarni tashkil etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi.
Ikki oy muddatda «Xorazmshohlar tarixi davlati muzeyi»ni tashkil qilish to‘g‘risidagi qaror loyihasini kiritadi;
2023-yil 1 yanvarga qadar mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun har tomonlama jozibador bo‘lgan «Xorazm» turistik brendini yaratish bo‘yicha ommaviy tanlovni e’lon qilsin va uning natijalari bo‘yicha taklif kiritadi;
2023-yil 1 aprelga qadar Xiva shahrining 2024-yilda «Islom dunyosining turizm poytaxti» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Islom hamkorlik tashkiloti bilan yaqindan hamkorlik asosida uni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqadi.
Transport vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi
Transport vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022-2023-yillar davomida xorijiy aviakompaniyalar ishtirokida Urganch-Baku-Urganch, Madrid-Urganch-Toshkent yo‘nalishlarida hamda Urganch shahriga Pokiston, Indoneziya, Yaqin Sharq va Evropa mamlakatlaridan yangi muntazam va charter reyslarni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli reyslarni qayta tiklash va ularning sonini oshirish masalasini ko‘rib chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritiladi.