Qoraqalpog‘istonda turizm rivoji





"2022 — 2026-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.




Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, ayniqsa, Mo‘ynoq tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi matnli, video materiallarni qoraqalpoq, o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlab, ommaviy axborot vositalarida, jumladan, televidenie va radioda muntazam yoritib boriladi hamda turistik ob’ektlarga tarqatiladi.

Xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, bloger va vlogerlar ishtirokida infoturlar tashkil qilinib, ular yoritib boriladi.

Orolbo‘yi mintaqasining ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha «Orol orzusi» dasturida belgilangan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.



Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi ikki oy muddatda Ellikqal’a tumanidagi «Sharq yulduzi» ovul fuqarolari yig‘inining «Aqchako‘l» hududida turistik dam olish maskanlari, savdo-ko‘ngilochar xizmatlarini tashkil etish va shu maqsadda zarur infratuzilmani barpo qilish bo‘yicha hududning bosh rejasi ishlab chiqiladi, ikki oy muddatda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Chimboy tumani «Kokshiqal’a» mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan o‘tov (qora uy) tayyorlovchi hunarmandlar ustaxonalarini milliy ko‘rinishda ta’mirlash va hududni obodonlashtirish ishlarini tashkil qiladi.



Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda:




Orolbo‘yi muammolari, ularni bartaraf etish hamda mintaqada turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan jahon hamjamiyatini yaqindan tanishtirish, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar grantlari va investorlarning mablag‘larini hududga jalb qilish;
xorijiy hamkorlar uchun «Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari» xalqaro muloqot platformasini tashkil etish va Mo‘ynoqda xalqaro konferentsiya o‘tkazish;
«yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar tomonidan Orolbo‘yi mintaqasining iqlimiga mos daraxt hamda saksovul ko‘chatlarini ekishni targ‘ib qilish;
respublikadagi yoshlarning Mo‘ynoq tumaniga tashrifini tashkil etish, mahalliy yoshlar ishtirokida madaniy-ko‘ngilochar tadbir va ekologik aktsiyalar tashkil etish choralarini ko‘radi.