Tijorat tashkilotlari faoliyatini harakatsiz deb topish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
to‘qqiz oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha bank hisobvaraqlariga pul mablag‘lari tushmaganligi;
to‘qqiz oy mobaynida soliq hisobotlari taqdim etilmaganligi.
Bunday holatlarda, tijorat banklari uch ish kuni ichida u hisobga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga Tizim orqali ma’lumot taqdim etadi.
Davlat soliq xizmati organi tijorat banklaridan ma’lumot tushgach yoki hisobot topshirish muddati tugagach uch ish kuni mobaynida quyidagi organlarni xabardor etishi kerak:
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ va ro‘yxatdan o‘tgan joydagi davlat statistika organlarini;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) bo‘limini;
ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni;
avtotransport vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va ro‘yxatdan o‘tkaziladigan boshqa texnika vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligini.
Davlat soliq xizmati organi yuridik shaxslarga nisbatan quyidagi harakatlarni amalga oshiradi
tijorat tashkiloti haqiqatda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaganligini;
mol-mulki mavjudligini;
yuridik va faoliyat ko‘rsatish manzilida mavjudligini;
tijorat tashkilotining barcha qarzdorliklari (2-son kartotekasi) tahlilini;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjudligini tekshiradi;
muassislarining turar joyini aniqlash va ularni tugatish jarayoniga jalb qilish choralarini ko‘radi;
moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlari muassislariga tijorat tashkilotini ixtiyoriy tugatishni taklif etadi.
tijorat tashkilotining muhri, shtamplarini (agar mavjud bo‘lsa), davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani, shuningdek, mavjud bo‘lsa tovar belgisining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani tijorat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazgan organga topshirtirish choralarini ko‘radi;
yig‘ilgan va mavjud ma’lumotlar asosida tijorat tashkilotining faoliyatini kameral nazoratdan o‘tkazadi.
Tijorat tashkilotining soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklari aniqlanmagan, mol-mulki mavjud bo‘lmagan, tijorat tashkiloti muassislarini, ularning vakillari va rahbarini tugatish jarayoniga jalb etish imkoni bo‘lmaganda, davlat soliq xizmati organlari Tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘n ish kunida tijorat tashkilotini harakatsiz holatga o‘tkazish to‘g‘risida taqdimnoma yuboradi.
Tijorat tashkilotlari harakatsiz holatida saqlanishiga uch yil to‘lganda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ:
harakatsiz holatiga o‘tkazilgan tijorat tashkilotlari faoliyati tiklanmagan taqdirda, uch ish kunida davlat reestridan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqida davlat reestriga tegishli yozuv kiritadi;
tijorat tashkilotining muhri, shtamplarini (agar mavjud bo‘lsa), davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani, shuningdek, mavjud bo‘lsa tovar belgisining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qiladi. Agar ularni topish imkoni mavjud bo‘lmasa, uch ish kunida bekor qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxatga olish organi saytida e’lon beriladi.